23:34 / 15.05.2024
174

Organizmda magniy mikroelementi tanqisligining 5 ta belgisi

Organizmda magniy mikroelementi tanqisligining 5 ta belgisi
Magniy mikroelementi sog‘liq uchun shunchalik muhimki, u organizmdagi deyarli barcha jarayonlarga — asab impulslarining uzatilishi, qonning suyuqlik darajasi, yurak-qon tomir tizimi, foydali moddalarning organizmga singishi va yaxshi kayfiyatga javob beradi.

Magniyni kerakli miqdorda oziq-ovqatdan olish mumkin, biroq noto‘g‘ri ovqatlanish, shahardagi turmush tarzi, stress va turli yashirin kasalliklar magniyning organizmga so‘rilishiga xalaqit beradi. Organizmda magniy tanqisligini aniqlashning eng oddiy va ishonchli usuli — bu qon tahlili.

Magniy nima uchun kerak?

Magniy tanadagi 300 dan ortiq kimyoviy reaksiyalarda ishtirok etuvchi hayot uchun muhim moddalar sirasiga kiradi.

Foto: iStock
"Magniy moddasi natriy va kalsiy kabi muhim element bo‘lib, inson salomatligini saqlashda katta rol o‘ynaydi. U yurak va o‘pkaning normal faoliyati, qon bosimini nazorat qilish, miya va asab tizimi uchun zarurdir", — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Richard Skanlan.

Magniy yetishmasligining sabablari

Bir kunda ayollar 310 dan 320 mg gacha, erkaklar esa 410 dan 420 mg gacha magniy iste’mol qilishi lozim. To‘g‘ri parhezga amal qilish orqali bunga erishish mumkin. Ammo yog‘li va shakarli mahsulotlarni ko‘p yeydigan insonlar uchun buning uddasidan chiqish murakkab bo‘ladi.

Magniy yetishmasligiga yarim tayyor va kolbasa mahsulotlarini iste’mol qilish ham sabab bo‘ladi.

Magniy tanqisligining belgilari

Foto: Freepik
Magniy yetishmovchiligi asossiz asabiylashish, tajovuzkorlik, tashvishlanish, depressiya, xotira buzilishi, terlash, mushaklarning spazmlari va yurak qisqarishidagi uzilishlarga olib keladi. Shuningdek:

Charchoq

Magniy yetishmovchiligining ilk alomatlaridan biri bu kuchli, tez-tez takrorlanadigan va tushunarsiz charchoqdir.

Bosh og‘rig‘i va migren

Magniy tanqis bo‘lgan tanada nevrologik simptomlar kelib chiqadi. Nevrologik depressiya esa miya faoliyatida buzilishlarga sabab bo‘ladi.

Ko‘ngil aynishi va qayt qilish

Ichak qisqarishiga javob beradigan magniy mikroelementi yetishmasa, tez-tez ko‘ngil aynishi, oshqozonda buzilishlar va ishtahaning yo‘qolishi kuzatiladi.

Muhim: magniyning haddan tashqari dozasi ham shunga o‘xshash simptomlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Yurak ritmining buzilishi

Magniy qon tomirlari va yurak mushaklarining qisqarishiga yordam beradi. Uning tanqisligi aritmiyani keltirib chiqaradi.

Oyoq-qo‘llarda uvishish va spazmlar

Magniy neyro-simpatik tizimga ta’sir ko‘rsatgani sababli, uning tanqisligi oyoq va qo‘llarda uvishish hamda spazmlarni keltirib chiqarishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Organizmda magniy mikroelementi tanqisligining 5 ta belgisi