date
views 95

Sog‘liq uchun zararli mahsulot kombinatsiyalari: ularni bilish muhim!

Sog‘liq uchun zararli mahsulot kombinatsiyalari: ularni bilish muhim!
To‘g‘ri ovqatlanish organizmimizning sog‘lom faoliyat ko‘rsatishi uchun eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Kundalik ratsionimizdagi mahsulotlar jigar, yurak, oshqozon va boshqa hayotiy muhim organlarning ishlashiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Lekin ko‘pchilik bunga e’tibor bermay, ba’zan hatto keng tarqalgan mahsulotlarni ham noto‘g‘ri tarzda aralashtirib iste’mol qilmoqda. Bu esa jiddiy kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik uchun bayram va dam olish kunlarining sevimli taomi hisoblangan shashlik, spirtli ichimliklar bilan birga iste’mol qilinganda jigar uchun juda katta zarar yetkazishi mumkin. Jigar bir vaqtda yog‘li go‘sht va alkogolni qayta ishlashga majbur bo‘lib, jiddiy yuk ostida qoladi. Bu esa hazm tizimida og‘riq, ko‘ngil aynishi va og‘irlik hissi paydo bo‘lishiga olib keladi. Mutaxassislar bu holatda tovuq yoki mol go‘shti kabi kam yog‘li go‘shtni iste’mol qilishni tavsiya etishadi.

Hazm qilish tizimini buzadigan yana bir xato – meva va asosiy taomlarning birga iste’mol qilinishi. Chunki meva tarkibidagi moddalar asosiy ovqat bilan aralashganda qorin shishishi (meteorizm) va gaz hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, o‘simlik oqsillari (yasmiq yoki no‘xat kabi dukkakli mahsulotlar)ni hayvon oqsillari (go‘sht, baliq, tuxum) bilan bir vaqtda iste’mol qilish ham oshqozon uchun og‘ir yukka aylanadi. Bundan tashqari, achchiq ovqatlar va gazlangan ichimliklarning kombinatsiyasi qorin og‘rig‘iga, surunkali oshqozon kasalliklarining zo‘rayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qo‘y go‘shti sirka yoki kuchli damlangan achchiq choy bilan birgalikda iste’mol qilinganda hazm qilish tizimiga katta zarar yetkazadi. Mol go‘shti esa piyoz yoki dengiz mahsulotlari bilan birga yegulikda foydalanilsa, ovqat hazm qilish jarayoni buziladi. Dengiz mahsulotlari ham o‘z navbatida mevalar, ayniqsa xurmo va uzum kabi shirin meva bilan birga iste’mol qilinsa, bu hol qayt qilish va ich ketishiga olib kelishi mumkin.

Bir ovqatda piyoz va sarimsoqni birgalikda qo‘llash ham yaxshi natija bermaydi. Bu ikki mahsulot birgalikda ishlatilsa, oshqozon va ichaklarni qattiq tirnash va bezovtalik keltirib chiqarishi mumkin.

Yurak-qon tomir tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadigan mahsulot birikmalari bor. Masalan, sharobni kuchli damlangan choy bilan birga ichish yoki shaftoli va xurmo kabi mevalar bilan aralashtirib iste’mol qilish qon bosimi oshishi, bosh aylanishi va yurak urish tezlashuvi kabi noxush holatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Loviya va pishloqning kombinatsiyasi ham organizm uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu organizmda suyuqlikni ushlab qolib, natijada "yomon" xolesterin va arterial bosimning ko‘tarilishiga olib keladi.

Yuqorida sanab o‘tilgan mahsulotlarni to‘g‘ri tanlash va ularni to‘g‘ri birikmalarda iste’mol qilish salomatligimiz uchun muhim ahamiyatga ega. To‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilib, organizmingiz sog‘lom va baquvvat bo‘lishiga ko‘maklashing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Sog‘liq uchun zararli mahsulot kombinatsiyalari: ularni bilish muhim!