date
views 277

Kuniga Coca-Cola ichgan erkakdan 35 ta tosh chiqarildi!

Kuniga Coca-Cola ichgan erkakdan 35 ta tosh chiqarildi!
Braziliyada yashovchi erkak kuniga uch litrga yaqin Coca-Cola ichish odatini yo‘qotmagani oqibatida jiddiy sog‘liq muammosiga duch keldi. Urologiya bo‘yicha mutaxassis doktor Tales Andrade uning peshob qopchasidan 35 dona toshni olib tashlashga majbur bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan — 8,5 million martadan ko‘proq tomosha qilingan videoda shifokor haddan tashqari gazli va shirin ichimliklar iste’moli qanday xavfli oqibatlarga olib kelishini izohlab berdi.

Ushbu holatni real amaliyotda namoyish etgan Andrade bemorning peshob qopchasidan olingan yirik, sarg‘ish toshlarni stol ustiga chiqarib ko‘rsatdi.

Shifokor ta’kidlashicha, buyrak toshlari organizmda kalsiy yig‘ilishi natijasida hosil bo‘ladi va siydik orqali chiqarilish jarayonida siydik pufagiga harakat qiladi. Bu esa kuchli og‘riqlar, ko‘ngil aynishi, qusish, siqilish, siydikda qon ko‘rinishi kabi holatlarni keltirib chiqaradi.

Davolanish choralari ko‘rilmasa, bunday toshlar siydik qopchasida to‘planib qolib, og‘ir oqibatlarga — jumladan, buyrak faoliyatining buzilishi yoki sepsis kabi hayot uchun xavfli holatlarga olib kelishi mumkin.

Videoga izoh sifatida qoldirilgan tushuntirishda aytilishicha, Coca-Cola kabi shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklarni me’yordan ortiq iste’mol qilish tanadagi kalsiy darajasini oshiradi. Bu esa buyrak toshlarining shakllanish ehtimolini sezilarli darajada kuchaytiradi.

Gazli va shirin ichimliklar nafaqat semirish, balki ichki a’zolarga og‘ir zarar yetkazishi mumkin. Kunlik iste’molda me’yorni saqlash va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish eng to‘g‘ri qarordir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Kuniga Coca-Cola ichgan erkakdan 35 ta tosh chiqarildi!