
Yoz oylarining issiq kunlari boshlanishi bilan odamlarning ko‘pchiligi issiqlik urishidan jabr ko‘rishi mumkin. Tananing qizib ketishi, bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi kabi belgilarga ega bo‘lgan bu holat ko‘pincha noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liqdir. Mutaxassislar yoz mavsumida ayrim mahsulotlarni iste’mol qilishning xavfi yuqoriligini ta’kidlamoqda.
Ovqatlanish bo‘yicha ekspert Anastasiya Lebedeva aytishicha, issiq kunlarda terini kuyishdan va organizmni qizib ketishdan himoya qilish uchun ovqatlanish tartibini qayta ko‘rib chiqish juda muhimdir. Ba’zi taomlar va mahsulotlar organizmning suvsizlanishiga sabab bo‘lib, issiqlik urishi xavfini bir necha barobar oshiradi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jaziramada organizm uchun eng xavfli mahsulotlar orasida birinchi navbatda sho‘r va tuzli gazaklar: chips, kiriyeshkalar, yong‘oq, dudlangan mahsulotlar turadi. Ular organizmning suvni o‘zlashtirish qobiliyatini buzadi, to‘qimalarda suyuqlikni ushlab turib, organizmda shishlarni paydo qilishi mumkin. Natijada, odam doimiy ravishda suv ichishga ehtiyoj sezadi, ammo suv to‘g‘ri so‘rila olmaydi.
Shu bilan birga, alkogol mahsulotlari va qahva ham issiqlikda eng xavfli ichimliklar sirasiga kiradi. Hatto bir stakan alkogol yoki bir piyola qahva ham organizmdan suv chiqarib yuboradi, bu esa jismoniy holatning yomonlashuvi, butun kun davomida kuchsizlik va bosh og‘rig‘iga olib keladi.
Yozda qovurilgan yog‘li va og‘ir oqsilli taomlardan ham voz kechish muhim hisoblanadi. Masalan, qizil go‘sht, tovuqning qovurilgan qismlari, shashlik kabi taomlar hazm qilish jarayonida tanadan katta energiya talab qiladi. Bu jarayon tananing haroratini oshiradi, natijada odam o‘zini noqulay his eta boshlaydi.
Ekspertning tavsiyalariga ko‘ra, issiq havoda yengil taomlarga ustunlik berish kerak. Sabzavotlar, meva va rezavorlar, yengil sho‘rvalar, sovuq gazaklar va fermentlangan sut mahsulotlari (qatiq, ayron, tvorog) tanani yaxshi sovitadi va organizmning suv balansini normal holatga keltiradi.
Issiqlik eng yuqori bo‘lgan vaqtda (12:00 dan 16:00 gacha) to‘liq ovqatlanish o‘rniga yengil gazaklarni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ertasi va kechqurungi vaqtda esa normal tarzda ovqatlanish mumkin.
Shunday qilib, agar siz yoz mavsumini sog‘lom va kuchli bo‘lib o‘tkazishni istasangiz, issiq kunlarda yuqorida sanalgan xavfli mahsulotlardan voz kechishni unutmang. Sog‘liq – bu birinchi navbatda to‘g‘ri ovqatlanish va suv balansini saqlash demakdir! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar