
Jigar inson organizmidagi eng kam e’tibor qaratiladigan, ammo hayot uchun hal qiluvchi a’zolardan biri sanaladi. Bir qarashda benuqson ko‘rinadigan ba’zi kundalik odatlar ortida esa uni izdan chiqaruvchi va hatto saraton xavfini keltirib chiqaruvchi omillar yashirinib yotishi mumkin. Vetnamlik onkolog Luu Tao Ngokning ogohlantirishiga ko‘ra, jigarga asta-sekin zarar yetkazuvchi 4 asosiy taomlanish xatosi mavjud, deb yozadi vnexpress.net.
Shifokor so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda mog‘orlangan mahsulotlarga jiddiy e’tibor qaratish kerak. Xususan, yong‘oq, guruch, makkajo‘xori va yorma kabi mahsulotlarda paydo bo‘ladigan aflatoksin zahari hatto qaynatish jarayonida ham yo‘qolmaydi. U to‘g‘ridan to‘g‘ri jigar hujayralarini zararlab, sirroz va gepatotsellyulyar karsinomaga olib kelishi mumkin.
Ikkinchi xavfli odat — spirtli ichimliklar, xususan, kechqurun iste’mol qilinadigan bir qadah vino. Odamlar ko‘p holatda buni foydali, hatto dam olish vositasi deb qabul qilishadi. Ammo organizmda etanol atsetaldegidga aylanib, DNK strukturasiga zarar yetkazadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iste’mol qanchalik ko‘p bo‘lsa, jigardagi murakkab o‘zgarishlar shunchalik tez yuz beradi.
Uchinchi omil — qovurilgan ovqatlarga bo‘lgan muhabbat. Uzoq vaqtda va yuqori haroratda qovurilgan yog‘lar kanserogen moddalar: akrolein, poliaromatik uglevodorodlar va turli aldegidlarni shakllantiradi. Bu moddalar jigarni zo‘riqtiradi va uning hujayralarida mutatsiyalar rivojlanishiga turtki beradi.
To‘rtinchi, ko‘pchilik e’tibor bermaydigan, ammo juda keng tarqalgan muammo — shifokor tavsiyasisiz og‘riq qoldiruvchi dorilar, antibiotiklar va turli “tabiiy” qo‘shimchalarni muntazam iste’mol qilish. Onkolog Luu Tao Ngok bu holatni eng katta xavflardan biri deb ataydi. Aynan samarasi isbotlanmagan dori vositalari jigar faoliyatiga aniq zarar yetkazishi mumkin.
Qisqasi, jigar faqat tashqi shikastdan emas, balki har kuni qilinadigan bee’tibor odatlardan ham jabr ko‘radi. Agar inson o‘zini ro‘yxatdagi odatlardan xoli tutsa, jigar sog‘ligi uzoq muddat asrab qolinishi mumkin. Salomatlik esa oddiy va kichkina qadamlardan boshlanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar