
Organizmdagi eng muhim a’zolardan biri – jigar hayot sifati uchun beqiyos ahamiyatga ega. U qonni zararli moddalardan tozalash, vitamin va minerallar zaxirasini saqlash, yallig‘lanishni nazorat qilish va energiya ishlab chiqarish kabi vazifalarni bajaradi. Shuning uchun ham, uni to‘g‘ri parvarishlash va mustahkam himoya qilish har bir inson uchun asosiy shart, deb ta’kidlaydi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Jigarni himoya qilish va unga ortcha yuk tushmasligi uchun qaysi mahsulotlarni tanlash kerak? Mutasaddilar ana shu savolga javob sifatida e’tiborli 10 ta mahsulotni alohida ta’kidlashdi. Har biriga to‘xtalamiz.
Qovoq — antioksidant kuch va minerallar manbai
Qovoq beta-karotinga va muhim antioksidantlarga boy bo‘lib, jigar hujayralarini zararli moddalardan himoya qiladi. Tarkibidagi S, Ye, kaliy, magniy va temir vitaminlari jigar faoliyatini rag‘batlantiradi, himoya mexanizmlarini mustahkamlaydi. Mazkur mahsulotdagi suv va tolalar esa organizmdan shlak va toksinlarni chiqarishni tezlashtiradi.
Turshak — tabiiy himoyachi
Turshak tarkibidagi silimarin moddasi detoksikatsiya qobiliyatini kuchaytiradi, jigarni faol himoyalaydi. Faoliyatni tiklash va organizmdagi og‘ir moddalarni bezararlashtirishda muhim o‘rin tutuvchi mahsulotlardan biri.
Sut mahsulotlari — mikroflora va detoks kuchi
Yogurt, qatiq va boshqa sut mahsulotlaridagi probiotiklar ichak mikroflorasini yaxshilab, hazm tizimini muvozanatga keltiradi. Bu esa jigarga tushadigan zararli moddalar yukini kamaytiradi.
Brokkoli — tabiiy antioksidantlar va saratonga qarshi himoya
Sulforafan, diindolilmetan va glyukorafanin kabi birikmalarga boy brokkoli nafaqat yallig‘lanishni sekinlashtiradi, balki saratonga qarshi tabiiy himoya funksiyasini ham oshiradi. Shuningdek, detoks jarayonini qo‘llab-quvvatlaydi.
Zaytun yog‘i — hujayralarni quvvatlantiradi
Zaytun yog‘idagi olein kislotasi jigar hujayralarini erkin radikallardan asrab, yallig‘lanish xavfini pasaytiradi. Mazkur yog‘ “yomon” xolesterinni kamaytiradi, “yaxshi” xolesterinni oshiradi.
Yog‘li baliqlar — omega-3 va protein manbai
Yog‘li baliqlardagi omega-3 yog‘ kislotalari, D va V12 vitaminlari, selen va yod jigar to‘qimalarini tiklashda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu mahsulot sifatli protein manbai bo‘lib, hujayralarni yangilaydi.
Qizil lavlagi — tabiiy detoks va quvvat
Qizil lavlagining betanin moddasi jigar faoliyatini yaxshilaydi, detoksikatsiya qobiliyatini oshiradi, yallig‘lanishga qarshi kurashadi.
Yong‘oqlar — Ye vitamini va omega-3
Bodom va yong‘oqlar antioksidantlarga va omega-3 yog‘ kislotalariga boy. Ular yallig‘lanishni kamaytiradi, hujayralarni faol himoyalaydi.
Tarvuz — yengil qand va suv balansi
Organizmdan ortiqcha suyuqlik va shlaklarni chiqarishda tarvuz yetarlicha samarali. Undagi yengil o‘zlashtiriladigan qandlar jigar to‘qimalari uchun qo‘shimcha energiya manbai bo‘ladi.
Suli yormasi — tola va hazm tizimiga yordam
Yuqori tolali suli yormasi hazm qilishni rag‘batlantirib, toksinlarni organizmdan chiqarishga yordam beradi, jigar faoliyatini yengillashtiradi.
Yakuniy so‘z: jigarni himoya qilish uchun parhezda aynan mana shu mahsulotlarga o‘rin berish, turli vitamin va minerallar balansiga e’tibor qaratish har bir inson uchun muhim. To‘g‘ri ovqatlanish va muntazam parvarish – sog‘lom hayot uchun asosiy qadam! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar