Kuniga albatta 10 000 qadam yurish shart emas ekan! Yangi ilmiy tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, salomatlikni yaxshilash va xastaliklar xavfini kamaytirish uchun kuniga 7000 qadam yurishning o‘zi ham yetarli natija beradi.
Avstraliyaning Sidney universiteti professori Melodi Ding boshchiligidagi xalqaro olimlar jamoasi yuzlab ilmiy ishlarni tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, har kuni 7000 qadam yurish insonda bevaqt o‘lim xavfini 47 foizgacha, demans (aqliy zaiflik) rivojlanish ehtimolini esa 38 foizgacha kamaytiradi.
Qizig‘i shundaki, 10 000 qadamgacha yurish bu ko‘rsatkichlarni faqatgina biroz yaxshilaydi, xolos. Bu esa ko‘pchilik uchun ancha qulay va amalga oshirish mumkin bo‘lgan me’yorni belgilab beradi.
Shuningdek, kamroq harakat ham inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan. Masalan, har kuni 2000–4000 qadam yurgan insonlarda ham yurak-qon tomir xastaliklari, 2-tur diabet va depressiya xavfi ancha pasaygani aniqlangan.
Mutaxassislar shuni ta’kidlashmoqda: gap qaysi raqamga yetishda emas, balki harakatni muttasil davom ettirishda. Har qanday harakat – bu sog‘lom hayot sari tashlangan qadamdir. Eng muhimi, o‘rningizdan turing va jismoniy faollikni kundalik hayotingizga kiriting!
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!