date

O‘zbekistonlik shifokorlar Koreyada zamonaviy tibbiyotni bepul o‘rganadi

O‘zbekistonlik shifokorlar Koreyada zamonaviy tibbiyotni bepul o‘rganadi

O‘zbekiston va Janubiy Koreya tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining Seulga tashrifi davomida ikki davlat shifokorlari o‘rtasida zamonaviy yo‘nalishlarda hamkorlik qilish bo‘yicha qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, delegatsiya Seul milliy universiteti Bundang kasalxonasi, Inje universiteti, Changvon milliy universiteti, Yonsey universiteti hamda bir qator ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvlarda robotlashtirilgan jarrohlik, onkologiya, telemeditsina, raqamli tibbiyot va tibbiyot xodimlarini tayyorlash kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.

Shuningdek, tashrif doirasida xalqaro konferensiyalarda ishtirok etilgani va qo‘shma ta’lim dasturlari muhokama qilingani ta’kidlanmoqda. Xususan, hamshiralar tayyorlash masalasi, insultni erta aniqlash va tez tibbiy yordam tizimlarini raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar taqdim etildi.

Eng muhim yangiliklardan biri – Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) bilan erishilgan kelishuv bo‘ldi. Unga ko‘ra, har yili O‘zbekistondan 20 nafar tibbiyot mutaxassisi xalqaro standartlar asosida Janubiy Koreyada bepul tayyorlanadi. Bu kelishuv nafaqat shifokorlarning malakasini oshirish, balki mamlakat tibbiyotida zamonaviy tajribalarni joriy qilish imkonini ham beradi.

Koreya tomoni esa 2026–2028 yillarda sog‘liqni saqlash sohasidagi qo‘shma dasturlarni yanada kengaytirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu hamkorlik mamlakatimiz tibbiyotida yangi imkoniyatlar eshigini ochishi va shifokorlar malakasini xalqaro darajaga olib chiqishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » O‘zbekistonlik shifokorlar Koreyada zamonaviy tibbiyotni bepul o‘rganadi