date

Kuzda allergik kasalliklar nima sababdan avj oladi?

Kuzda allergik kasalliklar nima sababdan avj oladi?

Yurtimizda kuzning ilk haftasi kirib keldi. Bu vaqtda asta-sekin kunlar salqinlashib, havo haroratining ko‘tarilishi va tushishi bilan organizmga ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli ko‘pchilikda immunitet majburiy ravishda susayishi kuzatiladi va natijada turli xil kasalliklar, shu jumladan mavsumiy allergiya ham avj olishi mumkin.

Xo‘sh, bu kasallik qo‘zg‘alishi qaysi omillar bilan bog‘liq va uning belgilari nima? Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Roziqova ma’lumot berdi.

“Hozircha yog‘inli kunlar boshlangani yo‘q. Yurtimiz iqlim sharoitida sentyabr, oktyabr va hatto noyabr oylari ham nisbatan iliq o‘tadi. Shu bois, yog‘ingarchilik kelgunga qadar o‘simlik changlari o‘z allergik xususiyatini saqlab qolishi tabiiy holatdir. Bu — birinchi omil.

Ikkinchi omil yomg‘irdan so‘ng zamburug‘ sporalari havoga yuqori konsentratsiyada chiqishi bilan bog‘liq. Shu sababli bu davrda zamburuqka nisbatan allergik holatlarning og‘ir va murakkab formalari ko‘proq uchraydi.

Uchinchi omil — xazonrezgi jarayoni. Chunki kuz oylarida daraxt va butalardan tushgan yaproqlarda zamburug‘ sporalari eng ko‘p uchraydi. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mog‘orlagan xonalar va yerto‘lalarda ham uchrab turadi.

To‘rtinchi omil — salqin haroratda ko‘pchilik asosiy vaqtini yopiq inshootlar, xonadonlar ichida o‘tkazishi tabiiy. Bunday sharoitda uy changi, it va mushuk singari uy hayvonlarining yuni ham allergik simptomlarni kuchaytiradi.

Allergik reaksiyalar qator belgilar bilan namoyon bo‘ladi: burun bitishi, qichishishi yoki ko‘p miqdorda oqishi, ko‘zlarning shishishi va yoshlanishi, aksirish, horg‘inlik va ba’zan yo‘tal.

Shu kabi alomatlar kuzatilsa, bemorlar o‘z vaqtida mutaxassisga murojaat qilishi muhim. Xususan, markazimizda bunday kasalliklar uchun ilg‘or usullar orqali aniq tashxislash hamda samarali davolash yo‘lga qo‘yilgan.

Profilaktik choralar ham katta ahamiyatga ega. Xonadonlar hovlisi, ayvonlar, tarnov va mo‘rilarni to‘kilgan barglardan doimiy ravishda tozalash kerak. Hammom va oshxona kabi namlik yuqori bo‘lgan joylarda mog‘or hosil bo‘lmasligiga alohida e’tibor qaratish lozim.

Shuningdek, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda allergenlar konsentratsiyasi ortib, allergik rinit, konyunktivit yoki astma alomatlari kuchayishi mumkin. Xonalarni tez-tez tozalash va shamollatib turish orqali allergik simptomlarni kamaytirish mumkin”, — deydi mutaxassis.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Kuzda allergik kasalliklar nima sababdan avj oladi?