Bahor oylarida organizm ko‘proq vitamin talab qiladi. Olma yoki oddiy sitrus mevalaridan tashqari, kivi ham bu borada eng yaxshi tanlov hisoblanadi. Ko‘pchilik uni chetlab o‘tadi, lekin bejiz emas: bu meva “superfood”lar ichida chempion sanaladi.
Homilador ayollar uchun foydali
Yashil kivi 100 grammida C vitamini kunlik me’yorini to‘liq ta’minlasa, sariq kivi esa ikki baravarini beradi. Shuningdek, sariq kivi foliy kislotasiga boy — bu esa homiladorlik davrida juda muhim bo‘lgan vitamin. U homila rivojida nuqsonlarning oldini olishga yordam beradi.
Yurak, qon va ko‘rish uchun himoya
Kivining tarkibida yurak faoliyati uchun zarur bo‘lgan kaliy, xolesterinni kamaytiruvchi tola va qarishga qarshi antioksidantlar mavjud. Karotenoidlar va boshqa foydali moddalar ko‘rlik, saraton va qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi. Sariq kivi esa temir yetishmovchiligi bo‘lgan ayollar uchun ayniqsa foydali.
Bosim va hazmga yordamchi
Tadqiqotlar kivi qonni suyultirib, xolesterin muvozanatini yaxshilashini ko‘rsatgan. Gipertoniya bilan og‘rigan bemorlarda esa qon bosimini pasaytirishga ko‘maklashadi. Yashil kivida esa oqsilni tez hazm qilishga yordam beradigan ferment mavjud, shu sababli u ovqat hazmini yengillashtiradi.
Shamollashga qarshi tabiiy vosita
Olimlar 4 hafta davomida muntazam sariq kivi iste’mol qilgan odamlar orasida shamollash chastotasi kamayishini aniqlashgan. Ayniqsa, bolalar va keksalarda simptomlar ancha yengil kechgan.
Ehtiyot chorasi
Shu bilan birga, kivi allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sabab, uni ilk bor sinab ko‘rayotgan odamlar ehtiyotkor bo‘lishlari lozim.