O‘zbek olimlari yaralarni tez tuzatuvchi gidrogel kashf etdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari xalqaro hamkorlari bilan birgalikda yaralarni tez tuzatuvchi yangi gidrogel ishlab chiqishdi. Ushbu gidrogel infeksiyalangan yaralarni davolash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u yaralarning yallig‘lanishini kamaytiradi va to‘qimalar regeneratsiyasini tezlashtiradi.
Gidrogelning asosiy xususiyatlari — yuqori yopishuvchanlik, elastiklik, antibakterial va antioksidant xususiyatlarga ega. U yarani tashqi omillardan himoya qilib, bakteriyalarga qarshi samarali ta’sir ko‘rsatadi va yara bitishini rag‘batlantiradi.
Tadqiqot natijalari xalqaro “Chemical Engineering Journal” ilmiy jurnalda e’lon qilindi va jahon ilmiy jamoatchiligi tomonidan e’tirof etildi. Mazkur gidrogelni ishlab chiqishda polivinil spirt, midiya musini, temir ionlari va artemizinin ishlatilgan. Bu uning mexanik mustahkamligini ta’minlaydi.
Texnika fanlari doktori, professor Haydar Yunusovning ta’kidlashicha, gidrogel an’anaviy bog‘lamalardan farqli ravishda faqat yarani yopish bilan cheklanmaydi, balki u bakteriyalarga qarshi ta’sir ko‘rsatadi, yallig‘lanishni nazorat qiladi va to‘qimalar uchun qulay muhit yaratadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!