Nega bolalar go‘sht yeyishni yoqtirmaydi? Buning bir nechta sababi bor

Nega bolalar go‘sht yeyishni yoqtirmaydi? Buning bir nechta sababi bor

Bola go‘shtni og‘ziga olishi bilan chiqarib tashlaydimi yoki dasturxonda go‘shtli taom ko‘rsa, yeyishdan bosh tortadimi? Bu holat ko‘plab ota-onalarga tanish. Ammo bolaning go‘shtni yoqtirmasligi har doim ham injiqlik emas — bunga uning ta’m bilishi, hidi va ovqatning tuzilishi ham ta’sir qilishi mumkin.

Go‘shtning hidi va tuzilishi bolaga yoqmasligi mumkin

Go‘shtning tolali, qattiq yoki chaynash qiyin bo‘lgan tuzilishi ayrim bolalarga yoqmaydi. Ayniqsa, chaynash ko‘nikmasi hali to‘liq shakllanmagan kichik yoshdagi bolalar uchun qattiq go‘shtni yeyish qiyin bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, go‘shtning o‘ziga xos hidi va ta’mi ham bolaning undan bosh tortishiga sabab bo‘ladi.

Bola yangi ovqatni qabul qilishga tayyor bo‘lmasligi mumkin

Taxminan bir yoshdan keyin ko‘p bolalar notanish taomlarni tatib ko‘rishga ehtiyotkorlik bilan yondasha boshlaydi. Ilmda bu holat «oziq-ovqat neofobiyasi» deb ataladi. Bola faqat go‘shtni emas, balki avval yemagan boshqa mahsulotlarni ham rad etishi mumkin. Bu ko‘pincha o‘sish jarayonining odatiy bosqichidir.

Bolani majburlash to‘g‘ri emas

Mutaxassislar bolani ovqat yeyishga majburlamaslikni tavsiya qiladi. Bu ovqatlanishni yoqimsiz tajribaga aylantirishi mumkin. Go‘shtni kichik bo‘laklarda, yumshoq va yaxshi pishirilgan holda taklif qilish, uni turli usullarda tayyorlash hamda oila a’zolari bilan birga ovqatlanish foydali bo‘lishi mumkin.

Bola yangi mahsulotni qabul qilishi uchun uni bir necha marta taklif qilishga to‘g‘ri keladi. Bir marta rad etgani uni hech qachon yemaydi, degani emas.

Nega bolalar go‘sht yeyishni yoqtirmaydi? Buning bir nechta sababi bor

Go‘sht yemasa, xavotirlanish kerakmi?

Go‘sht oqsil, temir va V12 vitamini manbai hisoblanadi. Biroq bola go‘sht yemasa ham, oqsilni tuxum, baliq, dukkaklilar va boshqa mahsulotlardan olishi mumkin. Temir va V12 vitaminining yetarli bo‘lishi ham muhim, shuning uchun bolaning umumiy ovqatlanish ratsioniga e’tibor qaratish kerak.

Agar bola faqat bir nechta mahsulotni yesa, vazni yaxshi oshmasa, tez charchasa yoki chaynash va yutishda qiynalsa, pediatr bilan maslahatlashish lozim.

Xulosa shuki, bolaning go‘shtni yoqtirmasligi ko‘pincha ta’m, hid, tuzilish yoki yoshga xos ovqat tanlash bilan bog‘liq bo‘ladi. Eng muhimi, bolani majburlamasdan, unga turli oziq-ovqatlarni sabr bilan taklif qilishdir.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar