Allergik reaksiyaga sabab boʻluvchi koʻp omillar talaygina, organizm baʼzan bir qarashda mutlaqo zararsizdek koʻringan oʻsimliklar changi, jonivorlar juni, oziq-ovqat mahsulotlari kabilardan himoyalanganda allergiya yuzaga keladi. Allergiya yengil kechishi ham, hayotga xavf soladigan darajada ogʻir oʻtishi ham mumkin.
Oʻsimlik changi
Turli oʻsimliklar, daraxtlar, oʻt va butalarning changlari mavsumiy allergiya yoki pollinozni keltirib chiqaradi. Aksirish, burun bitishi yoki rinoreya, koʻz qichishi va koʻp koʻz yosh ajralishi pollinoz belgilari hisoblanadi. Kasallikka qarshi kurashda shifokor retsepti bilan va retseptsiz sotiluvchi dori vositalari hamda allergen-spetsifik immunoterapiya yordam beradi. Belgilar paydo boʻlishi oldini olish maqsadida oʻsimliklar changi maksimal qayd etiluvchi shamol esgan kunlari uyda qolishni, deraza oynalarini yopishni va konditsioner yoqishni tavsiya qilamiz.
Jonivorlar
Uy hayvonlarini koʻpchilik yaxshi koʻradi, albatta, biroq sizda uning soʻlagidagi moddalar va terisidagi yogʻ bezlari sekretsiyasiga allergiya paydo boʻlishi mumkin. Taʼkidlash joizki, allergiya darhol yuzaga kelmaydi: uning belgilari paydo boʻlishigacha 2 yil oʻtishi ham mumkin. Jonivorlarga nisbatan allergiyaning oldini olish uchun uni aslo yotoqxonaga qoʻya koʻrmang, uzun junli gilamlardan voz keching, ularni yuvilishi oson boʻlgan gilamchalarga almashtiring, shuningdek uy hayvonlarini muntazam ravishda yuvintirib turing. Jonivor juniga allergiya paydo boʻlgan taqdirda, allergen-spetsifik immunoterapiya yaxshi samara beradi.
Chang mitalari
Bu mitti qoʻngʻizchalar choyshablar, matraslar, mebel qoplamalari, gilamlar va pardalarda yashaydi. Ular odamlar va hayvonlar terisining oʻlik hujayralari, shuningdek oʻsimliklar changi, bakteriyalar va zamburugʻlar bilan oziqlanadi. Ular namlik darajasi yuqori boʻlgan inshootlarda boʻladi. Chang mitalaridan qutulish uchun choyshabni almashtirish, ularni har hafta qaynoq suvda yuvish va matraslarni ham gipoallergen material bilan qoplash kerak boʻladi. Gilam, parda va yumshoq oʻyinchoq kabi chang yigʻuvchilarning esa imkon qadar uyda boʻlmagani yaxshi.
Hasharotlar chaqishi
Allergiya yuzaga kelgan holatda hasharot chaqqan joyda haftalab yoki undan-da uzoq vaqt yoʻqolmaydigan shish va qizarish kuzatiladi. Insonning koʻngli aynishi, charchoq va yengil qizish his qilinishi mumkin, kamdan-kam holatlarda organizmda hayot uchun xavf tugʻdiruvchi reaksiyalar ketma-ketligini yuzaga keltiradi, buni anafilaktik shok deb ataladi. Bunday vaziyatda tezda organizmga adrenalin deb ataluvchi dori vositasini kiritish zarur, shuningdek shifokor allergen-spetsifik immunoprofilaktikani tavsiya qilishi ham mumkin.
Mogʻor
Mogʻor oʻsishi va koʻpayishi uchun uy yertoʻlasida yoki vanna xonalaridagidek namlik kerak boʻladi, ular shuningdek maysalar va chiqindilarda ham bor. Mogʻor zamburugʻlari nafas olganda allergik reaksiya keltirib chiqarishi mumkin. Uyingizdagi nam joylarni havo yetkazuvchi maxsus qurilmalar bilan jihozlang.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Eng koʻp allergiya yuzaga keltiruvchi mahsulotlar sut mahsulotlari, dengiz mahsulotlari, baliq, tuxum, yongʻoqlar, donli mahsulotlar va soyadir. Mahsulotlarni isteʼmol qilganingizdan soʻng sanoqli daqiqalarda nafas olish qiyinlashishi, boʻgʻilish, qichish, ich ketishi, qayt qilish, koʻz atrofi shishishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin. Jiddiy reaksiya yuzaga kelgan taqdirda darhol tez tibbiy yordam chaqiring, zero organizmga adrenalin talab qilinishi mumkin.
Lateks
Qoʻlqoplar va boshqa tibbiyot mahsulotlarini ishlab chiqarishda lateksdan foydalaniladi. Lateksga allergiya belgilari - toshmalar, teri qichishishi, koʻz qizarishi, burun bitishi va aksirish, baʼzi holatlarda allergen nafas olishning qiyinlashishi va anafilaktik shokkacha olib kelish ehtimoli bor. Allergiyaga moyilligi boʻlgan insonlar yonlarida adrenalinli shpris va allergiyaga qarshi dori vositalarini olib yurganlari maʼqul.
Dorivor preparatlar
Penitsillin, aspirin va boshqa dori vositalari koʻzlarning qizarishi, qichishish, yuz, ogʻiz va tomoq shishishiga sabab boʻlishi mumkin. Agar sizda preparatga allergiya boʻlsa, aslo uni qabul qila koʻrmang! Muqobil dori vositasini faqat davolovchi shifokoringiz tavsiya qila oladi.
Suvaraklar
Bu yoqimsiz hasharotlarning ekskrementlarida allergen hisoblanuvchi maxsus oqsil bor. Agar siz issiq iqlim yoki koʻp xonali uyda yashasangiz, suvaraklardan qutulish katta muammoga aylanishi mumkin, chunki bir xonadan boshqasiga oʻtish ularga hech qanday qiyinchilik tugʻdirmaydi. Oshxonada doim tozalikka rioya qilish muhim, pol, devorlar va deraza oynalaridagi teshikchalar yoki darz ketgan joylarni yopish kerak. Bu murakkab kurashda insektitsidlarga murojaat qilish mumkin.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi