07:43 / 30.01.2022
1 567

Tovonlar yorilishining 8 ta asosiy sababi

Tovonlar yorilishining 8 ta asosiy sababi
Foto: Getty Images
Tovonlarning yorilishi bir nechta omillar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Yoriqlar paydo bo‘lishiga olib keladigan epiteliyning dag‘allashuvi nima sababdan yuzaga keladi?

Qo‘ziqorin infeksiyasi
Bu tovonning yorilishining eng keng tarqalgan sabablaridan biridir. Birinchi belgilardan biri — terining qurishi. Bu davrda ko‘pchilik nima sodir bo‘layotganiga e’tibor bermaydi, chunki qichishish va boshqa noqulayliklar kuzatilmaydi. Ammo o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, qo‘ziqorin nafaqat tovonlarning og‘riqli yorilishiga olib kelishi mumkin, balki davolash ancha qiyin bo‘lgan oyoq tirnoqlarini ham zararlashi mumkin.

Qo‘ziqorin infeksiyasining rivojlanishiga nima sabab bo‘ladi?
Sabablari turlicha bo‘lishi mumkin, masalan, sintetik materiallardan tayyorlangan poyabzal va paypoq, toza bo‘lmagan joylarda yalangoyoq yurish, birovning poyabzalini kiyish, jamoat hammomlari va basseynlariga borish, gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik. Ko‘pincha, sport bilan faol shug‘ullanadiganlar tovonlarning yorilishidan aziyat chekadi. Buning asosiy sababi sintetik materiallardan tayyorlangan poyabzal kiyish, terlash va oyoqlarning juda ko‘p zo‘riqishidir.

Suvsizlanish
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega qishda tovonlar ko‘pincha yumshoq va silliq bo‘ladi, lekin issiq havoda ular yorilib ketadi? Sababi yozgi poyabzalda teri tezroq suvsizlanadi. Yoshi kattalarda terining suvsizlanishi tabiiy jarayonga aylanadi va maxsus namlantiruvchi vositalardan foydalanish talab etiladi.

Baland poshnali va tor poyabzal
Baland poshnalar ko‘plab tibbiy muammolarga, jumladan, tovon yorilishiga sabab bo‘ladi. Qattiq poyabzal ham xuddi shunday ta’sir ko‘rsatadi. Gap shundaki, bunday holatda oyoqlar kuchli zo‘riqishga duchor bo‘ladi, bu esa terining qo‘pollashishiga va uning yorilishiga olib keladi.

Quyosh nuri
Quyoshdan himoya qiluvchi kosmetikani yuz va tanaga qo‘llashda oyoq hamda tovonlarni unutmaslik lozim. Quyosh nurlari nafaqat suvsizlanishga, balki tovonlarning yorilishiga ham olib kelishi mumkin.

Oyoqlarning noto‘g‘ri parvarishi
Oyoq va tovon terisi doimiy ravishda yangilanadi, vaqti-vaqti bilan o‘lik hujayralarni rad etadi. Yuzni doim tozalab, krem surtilganidek, oyoqlarni ham parvarish qilish kerak. O‘lik epiteliyni muloyimlik bilan tozalab, so‘ngra tovon va oyoqlarga namlantiruvchi vosita surtish lozim.

Vitamin yetishmasligi
Vitamin yetishmovchiligi tovonlarning yorilishiga, terining ko‘rinishini yomonlashishiga va uning tuzilishini buzishiga olib kelishi mumkin.

Ortiqcha vazn
Tana og‘irligi juda katta bo‘lgan odamlarda tovonlar tez yorilib ketadi, chunki butun organizmning bosimi oyoqlarga, aniqrog‘i tovonga tushadi.

Kasalliklar
Tovonlardagi yoriqlar varikoz tomirlari, qalqonsimon bez patologiyalari, buyrak yetishmovchiligi, teri kasalliklari (psoriaz, ixtioz, neyrodermatit, ekzema), qandli diabet tufayli ham paydo bo‘lishi mumkin.

Tovon yorilishidan qanday qutulish mumkin?
Agar shifokor yoriqlarni keltirib chiqaradigan kasalliklarni aniqlamagan bo‘lsa, oyoqlarni to‘g‘ri parvarish qilish kerak, xususan:
- ratsionga yog‘ kislotalari va omega-3 ga boy mahsulotlarni qo‘shish;
- har kuni yetarli miqdorda suv ichish;
- tovonlardagi epiteliyni maxsus vositalar bilan muntazam ravishda tozalash;
- oyoqlarni maxsus skrab bilan tozalash;
- oyoqlarni issiq suv bilan yuvishdan saqlanish;
- maxsus oyoq pilinglaridan foydalanish;
- oyoqlarga namlantiruvchi krem surtish;
- o‘lchamga mos yuqori sifatli poyabzallarni kiyish va sintetik paypoqlardan voz kechish lozim.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Tovonlar yorilishining 8 ta asosiy sababi