date

O‘zbekiston Senati madaniy merosni himoya qilish tizimini yangiladi

O‘zbekiston Senati madaniy merosni himoya qilish tizimini yangiladi

Senatning yalpi majlisida “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, vakolatli organlarning vazifalari qayta ko‘rib chiqildi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.

Yangi qonun sohaga oid islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, vakolatlarni aniq belgilash hamda qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan. Hujjatga ko‘ra, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha vakolatlar Madaniy meros agentligiga, nomoddiy madaniy meros bilan bog‘liq vazifalar esa Madaniyat vazirligiga yuklatilmoqda.

Madaniy meros agentligiga obyektlarni hisobga olish, davlat kadastrini yuritish, tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazish hamda sohada davlat nazoratini amalga oshirish vazifalari topshirilmoqda. Shuningdek, madaniy boyliklarning muomalasi, jumladan, ularni kimoshdi savdolari orqali realizatsiya qilish tartibi takomillashtirilib, bu jarayonlarni vakolatli organ bilan kelishgan holda amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda.

Qonun bilan arxeologiya yodgorliklarini tadqiq etish faqat tegishli ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi, madaniy meros obyektlarining holati esa muntazam nazorat qilinib, har besh yilda ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilanmoqda. Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur hujjat sohada yagona va samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladilar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Senati madaniy merosni himoya qilish tizimini yangiladi