955
Toshkent ko‘chalarida yo‘l-bo‘yi pullik to‘xtash joylarini tashkil etish rejallashtirilmoqda
S.Azimov ko‘chasidagi pulli to‘xtash joyi loyihasi / Foto: Transport boshqarmasi
Toshkentning 10 ta markaziy ko‘chasi bo‘ylab 2251 ta avtomobilga mo‘ljallangan pulli to‘xtash joylari tashkil etiladi. Shahar transport bosh boshqarmasi bu boradagi ayrim tafsilotlarni e’lon qildi.
Loyiha doirasida 57 ta parkomat o‘rnatish, 2 ta evakuator va 2 ta parkon xarid qilish ko‘zda tutilmoqda. Parkon – yengil avtomobil bo‘lib, u to‘xtash qoidalari buzilganini avtomatik qayd etuvchi moslama bilan jihozlangan bo‘ladi va parkomatlar o‘rnatilgan ko‘chalarda patrullik qiladi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida parkomatlar tashkil etiladigan ko‘chalar ro‘yxati 2022 yil 2 fevraldagi prezident qarori bilan tasdiqlangan bo‘lib, ular quyidagilar: Glinka, Bratislava, Mirobod, Avliyo ota, Taras Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib, Fidokor, Sodiq Azimov, Yakub Kolas ko‘chalari.
Infografika: Toshkent shahar transport boshqarmasi
Transport boshqarmasi bu 10 ta ko‘cha bo‘yida tashkil etiladigan pulli to‘xtash joylarining sxemalarini taqdim etdi.
Misol uchun, Mirobod ko‘chasining boshidan oxirigacha (Mirobod dehqon bozoridan Kosmonavtlar metrosigacha) 11 ta parkomat o‘rnatiladi. Bu parkomatlar 385 ta avtomobil joyiga taalluqli bo‘ladi, shundan 35 tasi – imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.
Mirobod ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli to‘xtash joylarini tashkil etish loyihasi / Foto: Toshkent transport boshqarmasi
Mirobod ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli to‘xtash joylarini tashkil etish loyihasi / Foto: Toshkent transport boshqarmasi
Glinka ko‘chasi / Foto: Toshkent transport boshqarmasi
Loyihaga ko‘ra, pulli to‘xtash joylaridan 5 foizi imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ajaratiladi va bu joylardan boshqalarning foydalanishi taqiqlanadi. Imkoniyati cheklangan shaxslarga yo‘l bo‘yi avtoturargohlaridan foydalanishni bepul qilish rejalashtirilgan.
Xorij tajribasi
Toshkent shahar transport boshqarmasiga ko‘ra, xorijda o‘tkazilgan tadqiqotlarda avtomobillarning yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tirbandliklarni 10 foizga kamaytirishi oydinlashgan.
Xususan, Meksika poytaxti Mexikoda 25 000 tadan ortiq avtomobillarning yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari tizimi joriy etilgandan keyin, avtomobilni vaqtincha to‘xtab turishi uchun joy axtarishga aholining bir kunda ketadigan vaqti 3-4 daqiqani tashkil etgan (tizim joriy etilmasidan avval 13-14 daqiqa bo‘lgan). Aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda avtomobillarning yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari haqida 84 foiz ijobiy, 9 foiz salbiy fikr bildirilgan. So‘rov ishtirokchilarining 55 foizi hayot tarzi sifati ko‘tarilgani, 41 foizi mobilligi oshganini, 52 foizi avtomobilni qo‘yish uchun sarflanadigan vaqt kamaygani, 34 foizi tirbandliklar kamayganini bildirgan.
Mexiko shahrining Polankano tumanidagi yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari / Ochiq manbalardan olingan surat
Mexiko shahri / Ochiq manbalardan olingan surat
Mexiko tajribasida, umumiy hisobda avtomobilni qo‘yish uchun sarflanadigan vaqt bir yilda 8,72 mln soatdan 1,99 mln soatga (77 foizga) kamaygan. Bunda sarflangan yoqilg‘i 9,9 mln litrdan 2,2 mln litrgacha (78 foizga) kamaygan. O‘z navbatida, avtomobillardan chiqayotgan zararli gazlar miqdori ham 78 foizga kamaygan, aholining jamoat transportidan foydalanish darajasi 9 foizdan 50 foizgacha ko‘tarilgan.
Moskva shahri / Ochiq manbalardan olingan surat
Rossiya poytaxti Moskvada avtomobillarning yo‘l bo‘yi pullik joylari tizimi joriy etilishi natijasida haydovchilarning bo‘sh joy axtarish uchun sarflanadigan vaqti 65 foizga kamaygan, to‘xtash joylarida avtomobillarning o‘rtacha to‘xtab turish vaqti 50 daqiqani tashkil etmoqda (tizim joriy etilgunga qadar 6-8 soat bo‘lgan), ya’ni bitta to‘xtash joyidan bir ish kuni davomida qariyb 10 ta avtomobil foydalanmoqda.
Bu tizim avtomobillarning noqonuniy to‘xtab turishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar soni ham kamayib borishiga sabab bo‘lyapti. Xususan, 2016 yilda 1 sutkada 800 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 20 foizga kamayib, 650 tani tashkil etgan.
Moskvadagi Petrovka ko‘chasi. Parkomat tashkil etilishidan avval va keyin / Foto: transport.mos.ru
Moskva shahrining markaziy qismida avtomobillarning yo‘l bo‘yi pullik to‘xtash joylari joriy etilganidan keyin transport vositalarining harakatlanish tezligi o‘rtacha 12 foizga oshgan, transport vositasini noto‘g‘ri qo‘yish qoidabuzarliklari 64 foizga kamaygan, shahar makaziga kirib kelayotgan shaxsiy avtomobillar soni 25 foizga qisqargan.
Toshkentdagi holat
Shahar transport boshqarmasining qayd etishicha, Toshkentda avtomobillar ko‘payib borishi bilan birga, avtoturargohlarga talab kun sayin ortyapti. Shahar markazida to‘xtash joylari yo‘lning harakat qismidan ko‘proq joy egallagan ko‘chalar soni oshgan.
Boshqarma 2021 yil 20 yanvardan 30 yanvarga qadar onlayn so‘rovnoma o‘tkazgan. Uning natijalariga ko‘ra, ishtirok etgan 8368 nafar qatnashchidan 8117 nafari, yani 97 foizi yo‘l bo‘yida noto‘g‘ri to‘xtash tufayli harakatlanishda qiyinchiliklarga duch kelganini ma’lum qilgan.
Ta’kidlaninishicha, pulli to‘xtash joylarini tashkil etish ko‘chalarning o‘tkazuvchanligini oshiradi, tirbandliklarni kamaytiradi, avtomobil qo‘yish uchun joy topishni osonlashtiradi, odamlarni jamoat transportidan foydalanishga undaydi.
Eslatib o‘tamiz, prezident qarorida 10 ta ko‘chada parkomat tashkil etish uchun 2022 yil 1 noyabrgacha muddat belgilangan edi.
Davlat rahbarining boshqa bir qaroriga asosan, Toshkentda 2023-2026 yillarda har yili 5 tadan parkomat tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yirik bozorlar atrofida har yili 5 tadan ko‘p qavatli yoki yerosti avtoturargohlar qurilishi belgilangan. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi