O‘zbekiston Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilar uchun qoidabuzarlikdan kelib chiqib qo‘llanadigan o‘nlab jarimalar belgilangan.
Avtotransportni belgilangan tartiblar va yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasdan boshqarish bir qancha jarimalarga sabab bo‘ladi.
Xususan:
- Belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirish BHMning 1 baravari (330 000 so‘m) miqdorida;
- Belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirish BHMning 5 baravari (1 650 000 so‘m) miqdorida;
- Belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirish BHMning 9 baravari (2 970 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Eng yuqori jarimalardan biri avtotransport vositasini mast holda boshqarganlik uchun BHMning 25 baravari (8 250 000 so‘m) miqdorida jarima belgilangan.
Avtomobil oynasini texnik reglamentga mos bo‘lmagan tartibda, tegishli ruxsatnomasiz qoraytirish (tonirovka) BHMning 25 baravari (8 250 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llanishiga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning qirq baravari miqdorida (13 200 000 so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek:
- Yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish BHMning 15 baravari (4 950 000 so‘m) miqdorida;
- Avtotransportni boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning shu vositalarni boshqarishi BHMning 5 baravari (1 650 000 so‘m) miqdorida;
- Avtotransportni boshqarish vaqtida telefondan foydalanish BHMning 3 baravari (990 000 so‘m) miqdoridagi jarimaga sabab bo‘ladi.
Kodeksda yana ko‘plab yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimalar belgilangan. Jumladan, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun BHMning 2 baravari (660 000 so‘m) miqdorida jarima yoziladi. Temiryo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzganlik uchun BHMning 3 baravari (990 000 so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi. Bunda haydovchi transportni boshqarish huquqidan 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha mahrum qilinadi.
Kodeksda yana kichikroq miqdordagi jarimalar ham ko‘plab qoidabuzarliklar uchun belgilab qo‘yilgan. Masalan, avtomobil tovush signalini sababsiz chalganlik uchun BHMning 1 baravari (330 000 so‘m) miqdorida, avtotransportni piyodalar yo‘lkalaridan yurgizganlik uchun BHMning ikkidan bir qismi (165 000 so‘m) miqdorida jarima bor.
Yo‘l belgilari yoki yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik BHMning ikkidan bir qismi (165 000 so‘m) miqdorida, avtotransportlarni quvib o‘tish BHMning ikkidan bir qismi (165 000 so‘m) miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, ishonchnomalarni, avtotransportni boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) boshqarish BHMning 1 baravari (330 000 so‘m) miqdorida, avtotransport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polislarisiz boshqarish BHMning 2 baravari (660 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi.