Foto: Yandex
UzAutoMotors tomonidan joriy yilning iyun oyida ham bir qator sotuvda mavjud bo‘lmagan avtomobillar ishlab chiqarilgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yozning dastlabki oyida eng ko‘p — 10 ming 194 dona Cobalt ishlab chiqarilgan. Keyingi o‘rinda Lacetti-Gentra (9 ming 123 dona), Damas (8 ming 129 dona) ishlab chiqarilgan. Ammo mazkur avtomobillar sotuvda mavjud emas.
Ayni paytda sotuvda mavjud Tracker avtomobilidan 6 ming 218 dona, Onix'dan 4 ming 279 dona ishlab chiqarilgan. Eng kam ishlab chiqarilgan va sotuvda mavjud bo‘lmagan avtomobil Nexia–3 (64 dona) bo‘lgan.
Avvalroq 2023 yilning 6 oyida jami 49 ming 458 dona Cobalt (eng ko‘p), 37 084 dona Lacetti-Gentra, 34 944 dona Damas ishlab chiqarilgani xabar qilingan.
UzAuto Motors 2022 yil 17 dekabrda Cobalt, Lacetti, Damas avtomobillari sotuvini to‘xtatgandi. Kompaniya 2023 yildan Spark va Nexia o‘rniga Tracker va Onix ishlab chiqarishini ma’lum qilgan. Hozirda Tracker va Onix sotuvda mavjud. Ammo narxi 200 million so‘mdan yuqori bo‘lgan bu avtomobillar uchun navbat katta bo‘lib, to‘lov qilgan mijoz mashinasini olishni uzoq kutishiga to‘g‘ri keladi.
UzAuto Motors vakili “Daryo” muxbiri bilan suhbatda ishlab chiqarilayotgan, ammo sotuvda mavjud bo‘lmagan mazkur avtomobillar qayerga “ketayotgani” to‘g‘risida ma’lumot bergandi. “Ishlab chiqarilayotgan avtomobillar eski tuzilgan shartnomalar bo‘yicha yetkazib berilmoqda. Navbatlar kamaygach, sotuv shartnomalari qayta tiklanadi”, — deya ma’lum qilgan manba.
Kompaniya iyul oyi boshida Asakadagi zavodda modernizatsiya boshlangani sabab avtomobil ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtatilishini e’lon qilgandi. Keyinroq kompaniya vakili zavod faoliyati 17 iyul (dushanba) kunidan boshlanishini aytgan. UzAutoMotors vakillariga ko‘ra, endilikda Cobalt avtomobili eng ko‘p miqdorda, undan keyingi o‘rinda Damas ishlab chiqariladi. Kompaniya vakili Cobalt avtomobilining sotuvi qachondan boshlashi mumkinligini aytgandi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring