Turin politexnika universiteti qoshidagi Elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi mudiri, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Fikret Umerov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida elektromobillarning yonishi va qay holatlarda portlab ketishi haqida tushuntirish berdi.
Fikret Umerovning aytishicha, elektromobilning yonish holati faqat batareya zo‘riqib ishlaganda va harorat yuqori darajada bo‘lgandagina ro‘y berishi mumkin.
“Lekin buning oldini olish uchun 4-5 pog‘onali xavfsizlik tizimlari ishlab chiqilgan. Agar qizib ketish me’yordan oshib ketsa, himoya tizimlari ish boshlaydi va u buni xavfli deb topsa, elektromobil harakatini to‘xtatib qo‘yadi.
Harorat +200 gradusga yetganda batareya ichida anot reaksiyaga kirishganda ochiq havo kirishi natijasida reaksiyaga uchrab yonib ketishi mumkin.
Batareya shunchalik xavfsiz ishlanganki, elektromobil yonib ketishi uchun himoya bloklari dars ketib, batareyagacha bo‘lgan qismlar to‘liq yonib ketishi lozim”, — dedi olim.
Uning qo‘shimcha qilishicha, elektromobil metan gaz ballon o‘rnatilgan avtomobildan ko‘ra xavfsiz.
“Portlab ketish xavfi nolga teng. Sababi elektromobil portlab ketishi uchun to‘liq yonib ketishi kerak. Unda ham batareyaga zarar yetmasligi mumkin. Chunki batareya juda qattiq metall bilan muhofaza qilingan”, — dedi Turin politexnika universiteti laboratoriya mudiri.
Qo‘shimcha qilinishicha, elektromobillarning yonib yoki portlab ketish holatlari O‘zbekistonda kuzatilmagan, dunyoda ham kamdan kam sodir bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring