13:58 / 27.11.2016
7 894

Kawasaki motosikllari sun’iy idrokli bo‘ladi

Kawasaki motosikllari sun’iy idrokli bo‘ladi

Yaqin yillar ichida ovoz yordamida boshqariladigan assitent nafaqat qimmatbaho avtomobillarga, balki motosikllarga ham o‘rnatilishi mumkin. Yaponiyaning dong‘i ketgan Kawasaki Heavy Industries kompaniyasi shu rejani amalga oshirish sa’y-harakatidadir. Hozir “Kavasaki” sanoat robotlari, gidrosikllar, traktorlar, poezdlar va hatto samolyotlar ustida ishlaydi, ammo mahsulotlari qatorida motosikllarning alohida o‘rni bor. Mototexnikaning kelasi avlodi “Temir odam” filmidagi JARVIS kabi sun’iy idrokka ega bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, motosiklga sun’iy idrokning nima keragi bor? Albatta, ishlab chiqaruvchi birinchi galda motosiklchining xavfsizligi g‘amini eydi. Motosiklchilarning ko‘pi oddiy xavfsizlik qoidalarini pisand qilmasligini yaxshi bilasiz, tezlik rejimiga esa umuman rioya etishmaydi. Aynan shu holatda sun’iy idrok yordamga keladi va o‘ylamay-netmay tez haydashning xavfidan odam ovozida ogohlantiradi. Bordiyu, motosiklchi maslahatni qulog‘iga iladigan ahvolda bo‘lmasa, quvlikka o‘tadi. Yaqinda farzandining tug‘ilgan kuni ekanligi va oilasi uchun ham o‘z hayotini saqlashi lozimligini uqtiradi.

Kawasaki injener va dasturchilari motosikl va motosiklchi orasidagi muloqotni imkon qadar hissiyotga boy etish ustida izlanyapti. Yangi tizimga “Emotion Generation Engine and Natural Language Dialogue” deb nom berildi. Uni tayyorlashga SoftBank guruhi tarkibiga kiruvchi Cocoro SB Corp kompaniyasi mutaxassislari qarashmoqda. Aytish kerakki, bu kompaniya mutaxassislari sun’iy idrok yaratishning piri bo‘lib ketgan.

Motosiklchi bilan befarq ovozli robot emas, alohida virtual shaxs muloqot qiladi. Personal yordamchi qanaqa xulq-atvorli bo‘lishini, hattoki, mualliflarning o‘zi ham bilmaydi, barchasi egasiga bog‘liq. Kuchli hayajon yoki xatarli holatda sun’iy idrok motosikl boshqaruvini o‘z zimmasiga oladi. Bu bilan hattoki, haydovchining hayotini qutqarib qolsa bo‘ladi. Inson hayoti esa hammasidan qimmatli, shunday emasmi?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Kawasaki motosikllari sun’iy idrokli bo‘ladi