
Yaponiyada ekologik toza va noyob transport turi ishga tushirilish arafasida turibdi — rezina g‘ildirakli, relssiz tramvay yaqin orada yo‘lga chiqadi. Ushbu yangi transport vositasi Yamanasi prefekturasi hududida, Fudzi tog‘iga tashrif buyuruvchilar oqimini tartibga solish maqsadida joriy etilmoqda.
The Asahi Shimbun nashrining yozishicha, Yamanasi hukumati turli jamoat transporti variantlarini — xavfsizlik, iqtisodiy samaradorlik, tashrif buyuruvchilar sonini boshqarish imkoniyati, qulaylik va tabiatga ta’sir darajasi bo‘yicha chuqur tahlil qilgan.
Tanlov yakunida eng maqbul yechim sifatida relssiz, rezina g‘ildirakli tramvay qabul qilindi. “Fudzi tramvayi” deb nomlangan ushbu transport vositasi maxsus asfaltlangan yo‘llar orqali harakatlanadi va magnit markerlar orqali yo‘naltiriladi. Bunday yechim manyovr qilish imkoniyatini cheklasa-da, harakatni aniq va xavfsiz amalga oshirishda muhim omilga aylanadi.
Tramvay tog‘ etagidan boshlab, dengiz sathidan 2300 metr balandlikda joylashgan 5-bekatgacha qatnov qiladi. Yo‘l Fudzi tog‘ining shimoliy tomonidagi eng go‘zal manzaralardan — jumladan, Kavaguchiko ko‘li yaqinidan o‘tadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu transport turi ko‘plab afzalliklarga ega: u kam uglerod chiqaruvchi, shovqin darajasi past, xavfsizlik yuqori va mahalliy tabiatga moslashtirilgan. Eng muhimi — turistlar oqimini tartibga solishda samarali vosita bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi transport yo‘lga tushgandan so‘ng, Fudzi-Subaru trassasidan boshqa shaxsiy va jamoat avtomobillari foydalanishi taqiqlanadi. Bu chora orqali ekologik izni kamaytirish, yo‘llardagi tirbandlikni bartaraf etish va Fudzi tog‘ini himoya qilish ko‘zda tutilmoqda.
Yaponiyaliklar tomonidan ishlab chiqilgan mazkur innovatsion loyiha nafaqat transport sohasida, balki ekologik muvozanatni saqlashda ham ilg‘or qadam bo‘lishi mumkin. Turizmni rivojlantirish bilan birga, tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan bu kabi yondashuvlar kelajakda ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar