date

Dam olishsiz transport boshqargan haydovchilar qat’iy jarimaga tortiladi

Dam olishsiz transport boshqargan haydovchilar qat’iy jarimaga tortiladi

O‘zbekistonda transport xavfsizligini ta’minlash va yo‘lovchi hamda yuk tashish jarayonidagi qoidalarga rioyani kuchaytirish maqsadida yangi tartiblar joriy etildi.

Ma’lum qilinishicha, 4-sentyabrdan boshlab mamlakatda yo‘lovchi va yuk tashish sohasida mehnat intizomini buzgan hamda xavfsizlik qoidalariga amal qilmagan haydovchilar uchun belgilangan jarimalar oshirildi. Bu choralar Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan yangi qonunda qat’iy ravishda nazarda tutilgan.

Qonunda ta’kidlanishicha:

Xalqaro va shaharlararo yo‘lovchi va yuk tashish harakatlarida belgilangan dam olish rejimini bajarmadigan haydovchilar 7 BRV, ya’ni 2 884 000 so‘m miqdorida jarimaga tortiladi.

Shuningdek, temir yo‘l va metropoliten tizimida xavfsizlik qoidalarini buzgan mas’ul shaxslar hamda xodimlarga 10 BRV, ya’ni 4 120 000 so‘mgacha jarima qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

Yangi tartiblar yo‘lovchi va yuk tashish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Raqamli statistika ko‘rsatadiki, 2024-yilda temir yo‘l transporti va metropolitenda 130 dan ortiq jiddiy qoidabuzarlik aniqlangan va natijada 4 milliard so‘mdan ziyod moddiy zarar yetkazilgan. Shuningdek, tartibga solinmagan temir yo‘l kesishmalarida yuz bergan 38 ta holatda 11 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan.

Shu bilan birga, Transport nazorati inspeksiyasi vakolatlari kengaytirildi. Endi mazkur organ nafaqat buyruqlar chiqarish, balki bevosita jarima qo‘llash va qoidabuzarlikni oqibatsiz qoldirmaslik huquqiga ham ega bo‘ldi.

Bu choralar Prezident tomonidan ilgari surilgan transport xavfsizligi konsepsiyasining uzviy qismi hisoblanadi. Konsepsiyada haydovchilik guvohnomasini vaqtincha to‘xtatish, qayta-qayta qoidabuzarliklarga chek qo‘yish hamda imtiyozli jarima to‘lovlarini bekor qilish kabi qat’iy choralar ham nazarda tutilgan.

Ushbu yangi qoidalar yo‘lovchi va yuk tashish sohasida fuqarolarni mas’uliyatlilikka va qoidaga rioya qilishga undaydi, shu bilan transport harakatlarini xavfsiz va tartibli qilishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Dam olishsiz transport boshqargan haydovchilar qat’iy jarimaga tortiladi