
O‘zbekiston Prezidentining 18-noyabrdagi qaroriga ko‘ra, 1-dekabrdan boshlab AI-80 benzini avtomobil yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilmaydi. Ushbu choralar aholiga yanada sifatli va ekologik toza yoqilg‘i yetkazib berishni ta’minlashga qaratilgan. AI-80 savdosini to‘xtatish jarayonida qat’iy nazorat o‘rnatilishi belgilangan.
Qarorda ekologiya va shaharsozlik sohasini yaxshilashga qaratilgan bir qator vazifalar ham belgilandi. Xususan, respublikaning turli hududlarida 18 ta dendrologiya va 15 ta botanika bog‘i tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahrida alohida o‘rmon xo‘jaligi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Poytaxt va uning atrofidagi issiqxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Tig‘iz paytlarda yuk mashinalarining shaharga kirishi va harakatlanishi ham vaqtincha cheklanadi.
Qarorga muvofiq, daraxt va butalarni kesish bo‘yicha qarorlar endilikda faqat kollegial tartibda, ovoz berish orqali qabul qilinadi. Mutasaddilar ushbu chora-tadbirlar ekologik muhitni yaxshilash, havoning ifloslanishini kamaytirish va aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qilishini qayd etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.