O‘zbekistonga Switchblade rusumidagi uchar taksilar qachon keladi?

O‘zbekistonga Switchblade turidagi uchar taksilar 2028 yildan 2030 yilga qadar olib kelinadi. Bu haqda Air Tashkent aviakompaniyasi vitse-direktori Anvar Sulaymonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi paytda AQSHning Samson Sky kompaniyasi bilan sertifikatlash jarayoni amalga oshirilmoqda. Air Tashkent'ning 10 dan ortiq xodimi Samson Skyda malaka oshirib qaytgach, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat olib boradi.

“Air Tashkent bilan Samson Sky imzolagan shartnomaga asosan, uch turda mahsulot chiqarish rejalashtirilgan. Birinchi tur benzinli dvigatelli taksilar. Ikkinchisi — elektr dvigatelli. Uchinchisi — quyosh paneli orqali harakatlanadigan uchar taksi. Ular 800 kilometrgacha parvoz qila oladi. Masalan, Toshkentdan 3–4 soatda Urganchga yetish mumkin”, dedi Anvar Sulaymonov.
Uchar taksining sig‘imi uch kishidan yetti kishigacha bo‘ladi. 130 metrlik joy bo‘lsa, u parvozga tayyor uchar taksiga aylanadi. Bunday transport havoga ko‘tarilishi uchun 3 daqiqa vaqt kerak. Ichida sovitish tizimi, navigatsiya va avtopilot mavjud.
“Bu uchar taksi muhitdan qat’iy nazar, har qanday ob-havo sharoitida parvoz qila oladi. Avtopilot orqali haydovchisiz ham harakatlanishi mumkin, lekin xavfsizlik uchun haydovchi pultda bo‘lishi shart”, deya ta’kidladi Sulaymonov.

Xabarda aytilishicha, loyihaning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi yaqin kelajakda mamlakat bo‘ylab uchar taksilarni oddiy manzaraga aylantirishi kutilmoqda.
Fevral oyida Air Tashkent AQSHning Samson Sky kompaniyasidan 300 ta Switchblade rusumli uchuvchi avtomobil sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum qilingan edi.
Samson Sky — AQSHdagi innovatsion texnologiya kompaniyasi bo‘lib, uchuvchi avtomobillar ishlab chiqadi. Kompaniya Oregon shtatda joylashgan.