BYD kompaniyasi 333 ot kuchiga ega bo'lgan Denza D9 minivenini rasman taqdim etdi

BYD kompaniyasining premium brendi hisoblangan "Denza" ikkinchi avlod D9 minivenini rasman bozorga chiqardi. Ushbu yirik MPV klassidagi avtomobil "Toyota Alphard" va "Lexus LM" modellarining analogi bo'lib, jihozlanish hamda texnik imkoniyatlar jihatidan sezilarli darajada yaxshilangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Avtomobilning tashqi dizayni keskin o'zgarmagan bo'lsa-da, ichki qismida katta yangilanishlar amalga oshirilgan. Salonda endi 10 tagacha ekran mavjud bo'lib, ular orasida raqamli asboblar paneli, media tizim, proeksion displey va yo'lovchilar uchun alohida monitorlar bor.

Pardozlashda yaltiroq plastik o'rniga tabiiy yog'ochdan foydalanilgan.
Texnik jihatdan gibrid versiya 1,5 litrli turbomotor va 66,5 kVt/soat quvvatli batareya bilan jihozlangan. Tizimning umumiy quvvati 333 ot kuchini tashkil etadi va to'liq uzatmali boshqaruvga ega.

Gibrid model to'liq quvvat bilan 1100 kilometrgacha masofa bosa oladi.
Elektr versiyasi esa bir marta quvvatlanishda 750-800 kilometr yo'l yurish imkoniyatini beradi. Avtomobilga 30 ta dinamikli "Devialet" audio tizimi, 7,5 litrli muzlatkich va massaj funksiyasiga ega o'rindiqlar o'rnatilgan.
Shuningdek, haydovchiga yordam beruvchi 12 ta kamera va 3 ta lidardan iborat tizim ham mavjud.
Yangi modelning narxi gibrid versiya uchun 360 ming yuandan, elektr versiya uchun esa 370 ming yuandan boshlanadi. Bu ko'rsatkich uning asosiy raqobatchisi bo'lgan yapon brendlaridan deyarli ikki baravar arzon hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!