Mercedes-Benz Bosch motorlariga oʻtadi: Foydali ish koeffitsienti 98 foizgacha

Bosch kompaniyasi Mercedes-Benz bilan yangi elektromobillar uchun elektr dvigatellar yetkazib berish boʻyicha koʻp yillik shartnoma imzoladi. Kelishuv kamida 2030-yillargacha amal qiladi va ommaviy modellardan tortib premium toifadagi EV-avtomobillargacha boʻlgan keng qamrovni oʻz ichiga oladi. Bosch uchun ushbu bitim kompaniyadagi foyda pasayishi va xodimlarni qisqartirish rejalari fonida oʻta muhim strategik qadam hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi elektr motorlarning asosiy ustunligi ularning yuqori samaradorligidadir — foydali ish koeffitsienti 98 foizga yetadi. Bunga yangilangan chulgʻam konstruksiyasi va rotorni moy bilan sovutish tizimi orqali erishildi. Moy issiqlikni samaraliroq chiqarib yuborishga yordam beradi, natijada dvigatelni ixchamroq qilish, quvvatni oshirish va energiya yoʻqotilishini kamaytirish imkoni tugʻiladi.
Yana bir muhim jihat — modulli arxitektura. Bosch turli turdagi avtomobillar, uzatmalar va oʻq konfiguratsiyalariga moslashtirilishi mumkin boʻlgan universal platformani ishlab chiqdi. Avtoishlab chiqaruvchilar uchun bu integratsiya jarayonini soddalashtiradi va yangi modellarni ishlab chiqish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Hozirgi vaqtda Bosch daqiqasiga taxminan yettita elektr dvigatel ishlab chiqarmoqda va elektromobillar uchun butlovchi qismlar tayyorlash hajmini faol ravishda oshirmoqda. Kompaniya rejalariga koʻra, 2026-yilga borib elektr uzatmalari uchun detallar ishlab chiqarish hajmi 7 million donadan oshadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!