Isitiladigan rul va Off Road rejimi: Yangi UAZ Patriot suratlarida qiziqarli detallar

AvtoVAZning sobiq muhandisi, ijtimoiy tarmoqlarda KhaDm taxallusi bilan tanilgan mutaxassis oʻzining Telegram-kanalida yangilangan UAZ Patriot yoʻltanlamasining ilk jonli suratlarini eʼlon qildi. Insayder maʼlumotlariga koʻra, ushbu prototipning bosib oʻtgan masofasi bor-yoʻgʻi 200 kilometrni tashkil etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi model kapoti ostida 150 ot kuchiga ega boʻlgan ZMZ Pro benzinli dvigateli oʻrnatilgan. Shuningdek, xaridorlarga muqobil variant sifatida 136 ot kuchini taʼminlab beruvchi 2,0 litrli dizel dvigateli ham taklif etilishi kutilmoqda.
Avtomobilning ichki qismidagi oʻzgarishlar eʼtiborga loyiq. KhaDmʼning taʼkidlashicha, yangi UAZ Patriot modelida old oʻrindiqlarning koʻp bosqichli isitish tizimi, isitiladigan charm rul, iqlim nazorati (klimat-kontrol) va maxsus "OFF ROAD" rejimini faollashtirish tugmasi mavjud.
Ekspertning qayd etishicha, iqlim nazorati tizimi hozirda hatto AvtoVAZ modellarida ham uchramayotgan noyob funksiyalardan biridir. Yangilangan yoʻltanlamasning sotuvlari joriy yilda boshlanishi kutilmoqda, biroq hozircha avtomobil narxi boʻyicha rasmiy maʼlumotlar ochiqlanmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!