Tarixdagi ilk proeksion ekranli Volga: K50, K40 va C50 komplektatsiyalari

Yangi Volga brendi Rossiya bozori uchun moʻljallangan barcha modellarining texnik xususiyatlari va komplektatsiyalarini rasman eʼlon qildi. Lineykadan ikkita krossover — K40 (Geely Atlas bazasida) va K50 (Geely Monjaro bazasida), shuningdek, C50 sedani (Geely Preface bazasida) oʻrin olgan. Har bir model xaridorlarga uch xil jihozlanish darajasida taklif etiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Volga K40 krossoveri "Standart", "Komfort" va "Premium" versiyalarida sotuvga chiqadi. Boshlangʻich model 147 ot kuchiga ega 1,5 litrli dvigatel va 7 pogʻonali robotlashgan uzatmalar qutisi bilan jihozlanadi. Yuqori versiyalar esa 200 ot kuchiga ega 2,0 litrli motor, 8 pogʻonali avtomat uzatmalar qutisi va toʻliq uzatmali tizimga ega boʻladi. Bazaviy jihozlardan 18 dyuymli disklar, ekoteridan ishlangan salon va kruiz-kontrol oʻrin olgan.
Volga C50 sedani ham uch xil komplektatsiyada taqdim etiladi. Uning bazaviy varianti 150 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbomotor va 7 pogʻonali robot bilan taʼminlangan boʻlsa, yuqori modifikatsiyalarda dvigatel quvvati 200 ot kuchigacha oshirilgan. Avtomobilning interyeri qora shift va ekoteri bilan bezatilgan boʻlib, barcha oʻrindiqlar isitish tizimi va ikki zonali iqlim nazorati bilan jihozlangan.
Eng qimmat va hashamatli model hisoblangan Volga K50 oʻzining zamshali shifti, proeksion ekrani va 11 ta dinamikli audiotizimi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ushbu modelda adaptiv kruiz-kontrol, 360 darajali koʻrinish kamerasi va smartfonlar uchun simsiz quvvatlagich kabi zamonaviy texnologiyalar mavjud boʻladi. Avtomobillar besh xil rangda, jumladan, kumushrang, och yashil va yorqin koʻk metallik ranglarida sotiladi.





























Izohlar 0
…