«Prezident oilasiga yaqinman»: jinoiy sxema tuzgan uyushgan guruhga hukm o‘qildi

Andijonda o‘zini «prezident oilasiga yaqin shaxs» sifatida tanishtirib, lavozim, yirik shartnoma va sud ishlarini hal qilishni va’da qilgan uyushgan guruh a’zolariga hukm chiqarildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, ular bir necha yil davomida turli fuqarolarning ishonchiga kirib, yuz minglab dollar mablag‘ni firibgarlik va tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Guruh rahbari 10 yil 7 oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Jinoiy sxema qanday ishlagan?
Kun.uz tanishgan sud hukmida qayd etilishicha, guruhga Sirdaryo viloyatida yashovchi, muqaddam sudlangan 44 yoshli J.N. rahbarlik qilgan.
Uyushgan guruh tarkibida andijonlik Sh.M. va M.Z., jizzaxlik D.J. hamda boshqa shaxslar bo‘lgan.
J.N. o‘zini «prezident oilasiga yaqin shaxs» sifatida ko‘rsatgan. Qolgan ishtirokchilar esa pul evaziga lavozimga tayinlash, shartnoma olib berish, sud ishini hal qilish yoki yer masalasini o‘zgartirishni istagan «mijozlar»ni topgan.
So‘ng fuqarolar J.N. bilan uchrashtirilib, masalani yuqori darajada hal qilish mumkinligiga ishontirilgan.
Lavozim uchun 25 ming dollar so‘ralgan
2021 yil bahorida guruh M.D.ni Asaka tumanidagi korxonalardan biriga rahbar qilib tayinlashni va’da qilgan.
Buning evaziga undan 25 ming dollar talab qilinib, 10 ming dollarini oldindan berish sharti qo‘yilgan.
Sud materiallariga ko‘ra, J.N. pul berilmasa, fuqaro va uning oilasi uchun «yaxshi bo‘lmasligi»ni aytib tahdid qilgan. Natijada M.D. o‘ziga tegishli Captiva avtomobilini 10 ming dollarga sotishga majbur bo‘lgan.
Olingan mablag‘ guruh a’zolari tomonidan shaxsiy ehtiyojlarga sarflangan.
280 mlrd so‘mlik shartnoma va’da qilingan
2022 yil dekabrida poyezd va vagonlar uchun ehtiyot qismlari import qiluvchi tadbirkor D.D. guruh tuzog‘iga tushgan.
Unga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bilan 280 mlrd so‘mlik shartnoma tuzib berish va’da qilingan. Shu bahonada tadbirkordan bo‘lib-bo‘lib jami 119,5 ming dollar olingan.
2023 yil fevral oyida esa unga Toyota Land Cruiser 200 avtomobilini 75 ming dollarga sotish taklif qilinib, oldindan 45 ming dollar olingan.
Yangi Toshkentda uy qurish uchun pul olingan
Navbatdagi epizod Rossiya fuqarosi V.A. bilan bog‘liq.
J.N. unga Yangi Toshkent hududida yer maydonlari borligini, u yerda ko‘p qavatli uylar qurib, katta daromad olish mumkinligini aytgan.
Qurilish uchun ruxsatnoma va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish bahonasida 100 ming dollar so‘ralgan. V.A. xarajatlar uchun oldindan 40 ming dollar bergan, biroq mablag‘ shaxsiy maqsadlarda ishlatilgan.
Fermerlarga ham «yordam» va’da qilingan
Guruh faoliyatida fermer xo‘jaliklari bilan bog‘liq bir nechta epizod ham aniqlangan.
2025 yil fevral oyida Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbariga yerlarni qaytarish bo‘yicha sud ishini ijobiy hal qilish va’da qilingan. Buning uchun undan 14 ming dollar olingan.
Boshqa bir fermerga esa xo‘jalik yerlari ixtisosligini paxtachilikdan sholichilikka o‘zgartirish va’da qilinib, 44 ming dollar qo‘lga kiritilgan.
Guruh rahbari 10 yil 7 oyga qamaldi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudining 2026 yil 12 martdagi hukmi bilan sudlanuvchilar tovlamachilik, firibgarlik va pora berish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Uyushgan guruh rahbari J.N.ga 10 yil 7 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Boshqa sudlanuvchilar ham turli muddatlarga qamaldi.
Apellyatsiya instansiyasi birinchi bosqich sudining jazoga oid qismini o‘zgarishsiz qoldirdi.































Izohlar 0
…