Yangi Volga modellari sotuvga chiqdi: 1500 ta avtomobil dilerlarga yetkazildi

Nijniy Novgoroddagi “Engil avtomobillar ishlab chiqarish” zavodi qayta tiklangan Volga brendi ostida 2026-yil yakuniga qadar 30 mingga yaqin avtomobil chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Tatyana Fadeyeva maʻlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, avtomobillarning ilk partiyasi allaqachon ishlab chiqarilgan va dilerlik markazlariga yuborilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rasmiy sotuvlar 19-iyun sanasidan boshlanishi belgilangan. Dastlabki bosqichda avtomobillar 25–30 ta dilerlik markazida sotuvga qoʻyiladi, biroq kelajakda ushbu tarmoqni mamlakat boʻylab 130 ta nuqtaga qadar kengaytirish koʻzda tutilgan. Hozirgi vaqtda birinchi partiyadan oʻrin olgan 1500 ga yaqin avtomobil dilerlarga yetkazib berilgan.
Yangi Volga liniyasi uchta modelni oʻz ichiga oladi. Xaridorlarga Volga C50 sedani (2 899 000 rubldan), Volga K40 krossoveri (2 749 000 rubldan) hamda flagman hisoblangan Volga K50 krossoveri (4 199 000 rubldan) taklif etiladi.
Loyiha doirasida mahalliylashtirish ishlariga kamida 60 milliard rubl sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan. Natijada yangi Volga modellari bosqichma-bosqich mahalliy motorlar va avtomat uzatmalar qutisi (AKPP) bilan jihozlanib, toʻliq Rossiya mahsulotiga aylantiriladi.





























Izohlar 0
…