BYD Kanadada 1500 kW quvvatli oʻta tezkor quvvatlash stansiyalarini oʻrnatadi

BYD Kanadada 1500 kW quvvatli oʻta tezkor quvvatlash stansiyalarini oʻrnatadi

Xitoyning BYD kompaniyasi Kanadada oʻzining elektromobillari rasman sotuvga chiqishidan avval ushbu mamlakatda yuqori tezlikdagi quvvatlash tarmogʻini ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Kompaniya yaqinda 1500 kW quvvatga ega innovatsion texnologiyasini taqdim etgan edi. Ikkinchi avlod Blade batareyasi va 1000 V arxitekturasi bilan jihozlangan avtomobillar bor-yoʻgʻi 5 daqiqa quvvatlanish orqali 400 kilometr masofani bosib oʻtish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Ushbu koʻrsatkich elektromobilni quvvatlash jarayonini anʼanaviy benzinli avtomobillarga yonilgʻi quyish vaqti bilan tenglashtiradi. Shu haftada BYD Toronto shahrida tezkor quvvatlash tarmogʻini mahalliylashtirish va rivojlantirish boʻyicha menejer lavozimiga vakansiya eʼlon qildi. Bu qadam kompaniyaning Shimoliy Amerika bozoriga jiddiy kirib kelishidan dalolat beradi.

Yevropa bozori ham BYD uchun strategik yoʻnalish boʻlib qolmoqda. Kelasi yil yakuniga qadar qitʼada 3000 ga yaqin shunday stansiyalar qurilishi rejalashtirilgan. Har bir stansiyaning taxminiy qiymati 580 000 yevro ekanligini hisobga olsak, loyihaning umumiy investitsiya hajmi qariyb 2 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

Tezkor quvvatlash tarmogʻi, shuningdek, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham joriy etiladi. Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Afrika mintaqalari esa hozirda rejalashtirish bosqichida turibdi. Avvalroq Sinopec va BYD hamkorligida ishlab chiqilgan BYD Flash Charger 2.0 stansiyasi Xitoyning Venchjou shahrida rasman foydalanishga topshirilgan edi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar