BMW X5 yangi avlodi tarixda ilk bor besh xil kuch qurilmasi bilan taqdim etiladi

BMW X5 yangi avlodi tarixda ilk bor besh xil kuch qurilmasi bilan taqdim etiladi

Germaniyaning BMW konserni oʻzining eng mashhur modellaridan biri boʻlgan X5 krossoverining yangi avlodi (G65) ustida ish olib bormoqda. Ushbu avlod brend tarixida bir vaqtning oʻzida besh xil turdagi kuch qurilmalariga ega boʻlgan birinchi modelga aylanadi. ixbt.com maʼlumotlariga koʻra, yangi BMW X5 nafaqat anʼanaviy ichki yonuv dvigatellari, balki ilgʻor elektr va vodorod texnologiyalarini ham oʻzida mujassam etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Yangi avlodning eng muhim texnologik yangiligi toʻliq elektrlashtirilgan BMW iX5 modeli boʻladi. Bu brendning oltinchi avlod eDrive tizimida ishlaydigan birinchi seriyali SUV avtomobilidir. Mazkur elektrokrossover 800 voltli arxitekturaga asoslangan boʻlib, u quvvatlanish tezligini sezilarli darajada oshirish va issiqlik yoʻqotishlarini kamaytirish imkonini beradi. AQSH bozori uchun 144 kW⋅soat, Yevropa uchun esa 141 kW⋅soat sigʻimli batareyalar koʻzda tutilgan boʻlib, bu BMW seriyali modellari orasidagi eng yuqori koʻrsatkichdir.

Elektr va vodorod texnologiyalari uygʻunligi

BMW iX5 60 xDrive versiyasi ikki matorli toʻliq uzatmali tizim bilan jihozlanadi va 578 ot kuchiga ega boʻladi. Avtomobil 100 km/soat tezlikka atigi 4,7 soniyada erishadi. Shuningdek, anʼanaviy dvigatelli modellar ham eʼtibordan chetda qolmagan: X5 40 xDrive 400 ot kuchi, gibrid koʻrinishidagi X5 50e xDrive esa 490 ot kuchini taqdim etishi kutilmoqda. 2028-yilga borib esa uchinchi avlod yonilgʻi elementlarida ishlaydigan BMW iX5 Hydrogen vodorodli varianti sotuvga chiqishi rejalashtirilgan.

Yangi X5 modelining boshqaruv tizimi "Heart of Joy" deb nomlangan yuqori unumdor hisoblash platformasiga asoslanadi. Ushbu tizim maʼlumotlarni avvalgi qurilmalardan oʻn barobar tezroq qayta ishlaydi. U tormozlanish, rul boshqaruvi va rekuperatsiya jarayonlarini real vaqt rejimida muvofiqlashtirib boradi. Bu esa ham elektr, ham ichki yonuv dvigatelli versiyalarda haydash aniqligi va barqarorligini yangi bosqichga olib chiqadi.

Aqlli yordamchilar va qulaylik

Avtomobil shassisi elektron boshqariladigan amortizatorli adaptiv podveska va 23 dyuymgacha boʻlgan gʻildiraklar bilan jihozlanadi. Vaznning 50:50 nisbatda taqsimlanishi krossoverning muvozanatini taʼminlaydi. Qoʻshimcha ravishda Adaptive Chassis Control Professional paketi taklif etiladi, u pnevmatik podveska va orqa gʻildiraklarning burilish funksiyasini oʻz ichiga oladi.

Haydovchiga yordam berish tizimlari SAE Level 2 standartiga mos keladi. Symbiotic Drive konsepsiyasi haydovchi boshqaruvga aralashgan taqdirda ham yordamchi tizimlarning faolligini saqlab qoladi. Toʻxtash (parkovka) funksiyalari ham takomillashtirilgan:

  • Avtomobil 200 metrgacha boʻlgan parkovka yoʻnalishlarini eslab qoladi;
  • Toʻsiqlar paydo boʻlganda trayektoriyani avtomatik moslashtiradi;
  • Tizim xotirasida 10 tagacha turli yoʻnalishlarni saqlash imkoniyati mavjud.

BMW kompaniyasi yangi X5 orqali ichki yonuv dvigatellaridan butunlay voz kechmasdan, turli energetik platformalarni bir xil darajada rivojlantirish strategiyasini namoyish etmoqda. Bu Oʻzbekiston kabi infratuzilmasi turlicha boʻlgan bozorlar uchun ham juda qoʻl keladi, chunki xaridor oʻz ehtiyojidan kelib chiqib benzinli, gibrid yoki toʻliq elektr modelni tanlash imkoniga ega boʻladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar