30 yillik mashinasini utilizatsiyagam topshirmaganlar har yili katta jarima to‘laydi

30 yillik mashinasini utilizatsiyagam topshirmaganlar har yili katta jarima to‘laydi

O‘zbekistonda eski avtomobillarni bosqichma-bosqich utilizatsiya qilishga qaratilgan yangi tizim joriy etiladi. Chiqindilarni boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yildan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq vaqt bo‘lgan transport vositalari davlat tomonidan bozor qiymatida sotib olinib, utilizatsiya qilinadi.

Yangi tartibga muvofiq, bunday avtomobillar maxsus baholanadi va ularning egalariga ikki xil ko‘rinishda kompensatsiya taklif etiladi. Xususan, mablag‘ yangi avtomobil xaridi uchun elektron vaucher sifatida berilishi yoki iste’molchining xohishiga ko‘ra pul ko‘rinishida to‘lab berilishi mumkin.

Elektron vaucherdan foydalangan fuqarolar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomashinalarni imtiyozli shartlarda sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Vaucher summasi boshlang‘ich to‘lov sifatida hisoblanib, qolgan mablag‘ni bir yildan ortiq muddat davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, eski transport vositasini belgilangan muddatda utilizatsiyaga topshirmagan shaxslarga nisbatan moliyaviy ta’sir choralari qo‘llanadi. Yangi qoidalarga ko‘ra, bunday avtomobil egalari har yili bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravariga teng ekologik kompensatsiya to‘lovini amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur tizim atmosferaga chiqarilayotgan zararli chiqindilarni kamaytirish, shaharlardagi ekologik vaziyatni yaxshilash va avtoparkni yangilashga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda birgina Toshkent shahrida har kuni qariyb 600 mingta transport vositasi harakatlanadi. Dunyoning Fransiya, Germaniya, Xitoy va AQSH kabi 60 dan ortiq davlatlarida ham eski avtomobillarni utilizatsiya qilish, ular uchun qo‘shimcha to‘lovlar joriy etish va shahar markazlariga kirishni cheklash amaliyoti qo‘llanib kelinmoqda.

Avvalroq ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanishi, bunday avtomobillar davlat ro‘yxatidan chiqarilishi haqida xabar berilgan edi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar