BYD brendi ostidagi Denza Z Coupé: 1582 ot kuchiga ega yangi giperkar namoyish etildi

Xitoyning BYD konserniga tegishli premium subbrend hisoblangan Denza oʻzining yangi flagman modeli — Denza Z Coupé elektromobilini rasman taqdim etdi. Ushbu giperkar nafaqat oʻzining futuristik dizayni, balki texnik koʻrsatkichlari bilan ham jahon avtobozorini hayratga solishga tayyorlanmoqda. Yangi model Z9 GT bilan bir xil e3 platformasiga asoslangan boʻlib, u oʻta yuqori quvvat va dinamikani vaʼda qilmoqda. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Avtomobilning asosiy quvvat manbai uchta elektr dvigatelidan iborat boʻlib, ular umumiy hisobda 1582 ot kuchi va 1240 Nm aylanma momentni hosil qiladi. Bunday ulkan quvvat Denza Z Coupé modeliga joyidan 100 km/soat tezlikka bor-yoʻgʻi 2,25 soniyada erishish imkonini beradi. Taqqoslash uchun, avvalroq Pekin avtosalonida koʻrsatilgan Z Spider versiyasi ushbu natijani 2,3 soniyada qayd etgan edi.
Poyga versiyasi va rekord darajadagi tezlanish
Denza muhandislari faqat standart kupe bilan cheklanib qolmasdan, Racing deb nomlangan maxsus poyga variantini ham ishlab chiqishdi. Ushbu versiya katta orqa qanot (antiqanot) va yarim-slik shinalar bilan jihozlangan. Natijada Racing varianti 100 km/soat tezlikka atigi 1,96 soniyada chiqadi. Maksimal tezlik masalasida ham farqlar mavjud: standart kupe 300 km/soat bilan cheklangan boʻlsa, poyga versiyasi 350 km/soat tezlikka qodir.Shuningdek, ishlab chiqaruvchi kelajakda yanada kuchliroq Special Edition modelini chiqarishni rejalashtirgan. Ushbu maxsus seriya 1973 ot kuchidan ortiq quvvatga ega boʻladi va 100 km/soat tezlikka 1,7 soniyadan kamroq vaqt ichida erishadi. Ushbu modifikatsiya trekda uzoq vaqt harakatlanish uchun batareyani sovutishning yanada mukammal tizimi bilan taʼminlanadi.
Innovatsion osma tizimi va texnologiyalar
Denza Z seriyasining barcha modellari magnetoreologik osma tizimi (suspension) bilan jihozlangan. Amortizatorlar ichidagi suyuqlik tarkibida metall zarralari boʻlib, ular shassi kompyuteri boshqaradigan magnit maydoni taʼsirida yopishqoqligini millisoniyalarda oʻzgartira oladi. Bu esa yoʻl qoplamasining holatiga qarab osma tizimini bir zumda moslashtirishga xizmat qiladi.Avtomobilning tormoz tizimi ham yuqori darajada: old qismda olti porshenli, orqada esa toʻrt porshenli supportlarga ega karbon-keramik disklar oʻrnatilgan. Energiya manbai sifatida 76 kW/soat quvvatga ega litiy-temir-fosfat (LFP) batareyasi tanlangan. Bir marta quvvatlanish bilan yurish masofasi quyidagicha:
- Denza Z Coupé — 409 km;
- Denza Z Spider — 399 km;
- Denza Z Racing — 380 km.































Izohlar 0
…