22:50 / 26.06.2017
5 590

Nega avtosanoatimiz o‘z aravasini o‘zi tortolmay, hukumat yordami bilan sudralib kelmoqda?

Nega avtosanoatimiz o‘z aravasini o‘zi tortolmay, hukumat yordami bilan sudralib kelmoqda?
O‘tgan oyning o‘rtalarida «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi avtomobillar milliy valyutamiz — so‘mda sotilishi haqida xabar tarqalgan, oyning oxirida bu borada davlatimiz rahbarining qarori e’lon qilingan edi. Rosti, ushbu yangilikni odamlar xursandchilik bilan kutib oldi. Ikkinchi tomondan, bu pulimizdagi «O‘zbekiston so‘mi respublika hududida hamma to‘lovlar uchun o‘z qiymati bo‘yicha qabul qilinishi shart» degan qoidaning ham ijrosi tomon qo‘yilgan muhim qadam edi.

Yuqoridagi taxmin bilan ayni bir vaqtda 1 iyuldan boshlab korxona avtoulovlarining narxi ko‘tarilarkan degan gap ham paydo bo‘lgandi. Bu gap-so‘zlarni «GM Uzbekistan» AJ hozirjavoblik bilan rad etdi. Biroq 1 iyun kuni tushdan so‘ng korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning yangi narxi e’lon qilindi. Kompaniya aslida aholi va mijozlardan haqiqatni sir tutgan. Shu kabi xabarlar paydo bo‘lganida, kompaniya tomonidan «keyingi vaqtda kompaniya ishlab chiqarayotgan avtomobillar narxining oshishi xususidagi gap-so‘zlarga javoban aytishimiz mumkinki, hozircha ushbu masala yuzasidan qat’iy qarorga kelingani yo‘q. Bu borada o‘zgarish bo‘lsa, jamoatchilikka ma’lum qilinadi» deyilsa, olam guliston-ku. Lekin bunday yo‘l tutilmadi.

Avtomobilsozlik har qanday mamlakat iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydi. Qaysi davlatning avtosanoati rivojlangan bo‘lsa, iqtisodiyoti ham taraqqiy etgan bo‘ladi. Bunga Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarni misol sifatida keltirish mumkin. Shunday ekan, mustaqillikning ilk yillarida avtomobilsozlik sanoatimizga asos solinishi mamlakatimiz qo‘lga kiritgan eng katta yutuqlaridan biri bo‘ldi.

Xullas, «GM Uzbekistan» AJ zavodlarida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning narxi oshdi. Va har hafta oshishda davom etayapti. Narxlardagi bu kabi o‘zgarishlar xaridorlarni karaxt ahvolga solib qo‘ymoqda. Negaki, ularning muayyan modeldagi ulovni sotib olish uchun jamg‘arib qo‘ygan mablag‘i yangi narx oldida hech narsa bo‘lmay qolayapti. Narxlarning AQSh dollariga bog‘lab qo‘yilganiga ko‘pchilik hayron, bunday mexanizm joriy etilgani sababini bilolmay boshlari qotgan.

Odatda, yirik ishlab chiqaruvchilar mahsulot narxi o‘zgarganda yoki faoliyatida muhim o‘zgarishlar yuz berganda, bu haqda xalqqa ma’lum qilib, izoh yoki tushuntirish beradilar. Bu jahon amaliyotida keng qo‘llanadigan tajriba. «GM Uzbekistan» mutasaddilari esa narx-navo keskin ko‘tarilgani, uning xorij valyutasi kursiga bog‘liq ekani xususida churq etganlaricha yo‘q. Go‘yo asosiy masaladan e’tiborni chalg‘itish uchun OAVda mashina olish uchun navbatda turganlar holatni onlayn kuzatish imkoniga ega bo‘lgani, dilerlar «shapka» so‘rasa, bu haqda «ishonch telefoni»ga xabar berishlari to‘g‘risidagi e’lonlarni havola etayapti.

Ma’lumki, 2014 yilgacha, ya’ni G‘arb davlatlari ayrim siyosiy masalalardagi ziddiyat tufayli Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etguniga qadar ushbu davlatga borib mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz har yili O‘zbekistonga 5-6 mlrd. AQSh dollari miqdorida mablag‘ yuborib turardilar. Bu raqamlarda faqatgina banklararo rasmiy pul o‘tkazmalari aks etgan. Agar xorij davlatlaridan pul o‘tkazishning noqonuniy, «Vestern yunion» va «Migom»lardan ham tez ishlaydigan usuli mavjudligini inobatga olsak, mamlakatimizga yana shuncha pul kelib turgan va ularning hammasi qancha bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Ne baxtki, eksport masalasida ko‘pam ishi yurishmay turgan «GM Uzbekistan» uchun ham bu ajoyib imkoniyat bo‘ldi: ichki bozorda eng xaridorgir bo‘lgan avtomashinalarni jismoniy shaxslarga faqat valyutada — AQSh dollarida sotish tartibini joriy etdi. Aslida bu sharmandali qaror edi. Qolaversa, u shunday ayyorona ishlab chiqilgan ediki, bu haqda batafsil to‘xtalsak, gapimiz ancha cho‘zilib ketadi. Ichki bozorda dollarga sotilishi yo‘lga qo‘yilgan mashinalar nisbatan arzon va kamxarj bo‘lib, asosan o‘rtamiyona xaridorlar tomonidan xarid qilinar, ularning daromadi esa so‘mda edi. Axir barcha oilada ham Rossiyaga borib ishlovchi yo‘q edi-da.

Asosan Rossiya va Qozog‘istonga (boshqa davlatlarga qilinayotgan eksport hajmi juda ham kam) arzon avtoulovlar etkazish tarzida eksport bilan shug‘ullanib kelayotgan «GM Uzbekistan»ning ham 2014 yildan so‘ng ahvoli murakkablasha boshladi. Boz ustiga eksportga to‘siq bo‘ladigan boshqa omillar ham paydo bo‘ldi. Endi avtomobillarimiz uchun ushbu mamlakatlarda xaridor topish oson emasdi. Bu holat hamon davom etib kelayapti. Misol uchun, yaqinda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, «GM Uzbekistan» AJ avtomobillarining birontasi Rossiyada joriy yilning may oyida eng ko‘p sotilgan avtomashinalar yigirma beshtaligidan o‘rin ololmadi. Rosti, korxona tashqi bozorda faqatgina ushbu ikki davlatga bog‘lanib qolgandi. Bunday hol qachondir yuz berishi ma’lum bo‘lsa-da, kompaniyadagilar yangi bozor qidirish ishlariga juda kech kirishishdi. O‘tgan yillarda kompaniya avtomobillari Yaqin Sharq va Afrika davlatlarida sotilishi uchun harakatlar boshlab yuborilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Afsuski, bu borada hozirgacha erishilgan natijalar haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Faqatgina, «GM Uzbekistan»ning saytidan bildikki, joriy yilni kompaniya o‘zi uchun eksport salohiyatini oshirish yili deb e’lon qilibdi. Biz, albatta, bu yo‘nalishdagi ishlarga omad tilaymiz.

Mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoatiga 1996 yili, ya’ni 21 yil ilgari asos solingan. Bu oz muddat emas. Shuncha vaqt mobaynida avtomobil ishlab chiqaruvchilarning ko‘pchiligi jahon bozorida etakchilarga aylanib ulgurgan. Xo‘sh, nega avtosanoatimiz o‘z aravasini o‘zi tortolmay, hukumat yordami bilan sudralib kelmoqda? Davlat o‘z kuningni o‘zing ko‘r degan kuni bu korxona kunini ko‘radigandek…

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni, jumladan, milliy avtosanoatni qo‘llab-quvvatlash tajribasi ko‘p davlatda qo‘llangan. Hatto dunyo avtosanoati gigantlaridan biri bo‘lgan AQShda ham 1980-yillar oxirida xorij avtomobillariga nisbatan cheklovlar joriy qilingan. Bundan ko‘zda tutilgan maqsad ichki bozorda yapon avtomobillari hukmronlik qilishining oldini olish va mamlakat avtomobilsozlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan. Lekin bu hol uzoq davom etmadi. Bu tartib amalda bo‘lgan davrda amerikalik avtomobilsozlar qadlarini tutib olishdi.

Mamlakatimizda «GM Uzbekistan»ga ham shunday imkoniyat yaratilgan. Uni qo‘llab-quvvatlash uchun shunday tartib va mexanizmlar joriy etildiki, buning oqibatida mazkur kompaniya ichki bozorda o‘zini suvdagi baliqdek erkin his etib, yakka monopolistga aylandi. Buning oqibatida oddiy xaridorlar, ya’ni iste’molchilarning tanlash huquqi nihoyatda cheklanib qoldi. Juda qimmatga tushishi bois xorijda ishlab chiqarilgan avtomashinalarni xarid qilish qiyin bo‘lib qoldi. Bu, bir tarafdan, «GM Uzbekistan» uchun yaxshi imkoniyat edi. Xaridorga ko‘ngliga kelgan tarzda mahsulot taklif qilish boshlandi, avtomobillarning narxi esa bu orada osmonga sapchib ketdi. Misol uchun, 2000-yillarda «Neksiya» rusumidagi avtoulov taxminan 5 mln. so‘m turgan bo‘lsa, 2016 yili uning bahosi salkam 45 mln. so‘mga yaqinlashib qoldi. To‘g‘ri, bu orada ko‘p narsa qimmatladi, inflyasiya deganlari ham bir joyda to‘xtab turgani yo‘q. Lekin tahlil qiladigan bo‘lsak, avtomashinalardan tashqari (ko‘chmas mulklar hisobga olingani yo‘q) boshqa biron mahsulot bu darajada qimmatlashgani yo‘q.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Endi xorijda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar yurtimizga keltirilganda rasmiylashtirish xarajatlarini qisqartirish masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Bundan davlatga aslo zarar etmaydi, aksincha, ko‘proq foyda bo‘ladi. Misol uchun, hozir chet eldan avtomobillar kam keltirilayapti va undirilayotgan boj miqdori ham shunga yarasha, bordiyu mashinalarni rasmiylashtirish xarajatlari 50 foiz qisqartirilgan taqdirda ham xorijdan mashina olib kelish sur’ati ko‘payadi va shunga mos ravishda davlat g‘aznasiga tushayotgan boj miqdori ortadi. Bundan chet elda ishlab chiqarilayotgan avtoulovlarga qo‘yilgan cheklovdan kimga zarar, kimga foyda ekani ko‘rinib turibdi.

Aslida 32 mln. aholisi bo‘lgan davlat uchun bitta avtozavod kamlik qiladi. Masalan, aholisi bizning mamlakatnikining yarmiga teng Evropaning ba’zi davlatlarida ikki-uchtadan avtozavod bor va ular kuchli raqobat sharoitida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xabaringiz bor, Jizzaxda fransiyalik avtosanotchilar bilan hamkorlikda yangi zavod qurish ishlari boshlab yuborilgan. Bu erda ishlab chiqariladigan tijorat va yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan yengil avtomobillar har jihatdan yurtdoshlarimizga ma’qul kelishi tabiiy.

Asakadagi «O‘zDEUavto» avtomobil zavodining ochilish marosimida yangi korxonaga yuqori baho berilgan, unda xalqimiz ehtiyoji uchun hammabop va hamyonbop yengil avtomobillar ishlab chiqarilishi, butlovchi qismlar mahalliylashtirilishi hisobiga ularning tannarxi ham arzon bo‘lishi haqida gapirilgandi. Afsuski, bunday bo‘lib chiqmadi. To‘g‘ri, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha birmuncha ishlar qilindi. Lekin bu boradagi ishlar etarli emasligini bugun ko‘rib turibmiz.

Xo‘sh, milliy avtomobil ishlab chiqaruvchimizning strategiyasi nimadan iborat? Marketing sohasidagi ishlari-chi? Nega yaqqol natijalar ko‘rinmaydi? Nega avtomobil modellarini takomillashtirish, dunyo bozorida xaridorgir bo‘lgan modellarni ishlab chiqarish sustkashlik bilan amalga oshirilmoqda? Misol uchun, 2009 yilgi «Neksiya» bilan 2015 yilgi «Neksiya»ning o‘rtasida deyarli farq yo‘q. Salkam etti yil mobaynida bu modeldagi mashinaning na ichki intereri, na tashqi dizayni o‘zgartirilgan. Bu orada ushbu toifada raqobatchi bo‘lgan xorij kompaniyalarining modellari shu darajada o‘zgardiki, hatto ularning ikki yil ilgarigisi va hozirgisi orasida er bilan osmoncha farq bor. «Damas»ning esa 1996 yildan buyon faqat tumshug‘ini biroz cho‘zib, yoritish chiroqlarini o‘zgartirishgan, xolos. 20 yildan buyon bu mashinada boshqa o‘zgarish ko‘zga tashlanmaydi. Endi ayting-chi, shu yo‘l bilan tashqi bozorga chiqib bo‘ladimi? 20 yil avval ishlangan mashinani ichki bozordan tashqari kimga taklif qila olamiz?!

Shu o‘rinda dilerlar orqali avtomobil xarid qilish uchun tuziladigan shartnoma haqida ham ayrim mulohazalarni bildirib o‘tish joiz. Bundan bir necha yil muqaddam muayyan modeldagi ulovni sotib olish istagidagi xaridor oldindan uning 85 foizini to‘lab qo‘yar va bir necha yil davomida orzusi amalga oshishini intizorlik bilan kutardi. Endi bu muddat birmuncha qisqargan, ba’zida bir oyga bormasdan, ayrim hollarda esa olti oy ichida mashinali bo‘lish mumkin. Bu, bir tomondan, yaxshi… To‘g‘risi, yaxshi deb ham og‘izni to‘ldirib aytolmaymiz. Chunki bu ham katta muddat!

Ishlab chiqaruvchi, mahsulot etkazib beruvchi bilan xaridor o‘rtasida tuziladigan shartnomaning bugungi kunda keng tarqalgan ikki turi mavjud bo‘lib, birinchi holatda xaridor mahsulot pulini oldindan to‘liq to‘lab, tez kunda tovarni olishi mumkin. Ikkinchisida esa mahsulot qiymatining 15 foizi oldindan to‘lanadi va mahsulot qabul qilib olingandan keyin asosiy — 85 foizlik to‘lov amalga oshiriladi. Avtosalonlarimizda esa bu tartib bir chetga surib qo‘yilgan. Kontraktasiya shartnomasiga ko‘ra avtomobil qiymatining 85 foizini oldindan to‘laysiz, tamom-vassalom! Qani bunda mijoz manfaati, uning huquqlari himoyasi?

Hozir banklar qisqa muddatli, ya’ni bir, ikki va uch oylik omonatlarni taklif etishmoqda. Agar mijoz avtomobil xaridi uchun oldindan to‘lab qo‘ygan mablag‘ini shunday omonatlarga qo‘ysa, yaxshigina daromad olishi bor gap.

Mamlakatimizda aholiga avtomobil etkazib berishdagi bunday tartib-taomillar ayrim omillarga ko‘ra majburiy chora sifatida qo‘llanayotgani haqida fikr bildiruvchilar ham bor. Bo‘lsa bordir, lekin oddiy odamlarda nima ayb? Nega avtomobil xarid qilishda hamon murakkab va aholining asabini qaqshatadigan tartiblar saqlanib qolayapti? Nega shunday ish tutishga sabab bo‘layotgan holatlar bir necha o‘n yildan beri davom etib kelayapti-yu, bu muammolarni hal etish choralari ko‘rilmagan? Ahvolni o‘nglash uchun nega taklif berilmagan? Tashabbus, izlanishlar qani? Tizimdagi mutasaddilar nega qo‘l qovushtirib o‘tirishdi shu paytgacha?

Shu kunlarda «GM Uzbekistan» Qozog‘istonda «Ravon» rusumli avtomobilni ishlab chiqarish uchun qozoq avtosanoatchilari bilan hamkorlik qila boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu avtosanoatimizning yutug‘i, albatta. Ishlab chiqaruvchilar bu turdagi mashinani xarid qilganlarga qator afzalliklar, jumladan, imtiyozli kreditlar taklif etish niyatida. Lekin masalaning boshqa jihati bor. Nima uchun mamlakatimizda bunday tartibni qo‘llash mumkin emas, nega o‘zbekistonlik xaridorlarga bunday imtiyozlar joriy etilmaydi?

«GM Uzbekistan» AJ avtomobillarining narxlari osmonga sapchib ketganiga javoban ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yurtdoshlarimiz bu korxona mahsulotlarini xarid qilmaslikka chaqirmoqda. Bu xatarli yo‘l, aslo bunday qilib bo‘lmaydi. Negaki, bu harakat ushbu korxona va uning tizimida mehnat qilayotgan minglab ishchining maoshsiz qolishiga, ish o‘rinlari qisqarishiga va oxir-oqibat zavodning kasodga uchrashiga olib keladi. Shunday ekan, burgaga achchiq qilib, ko‘rpaga o‘t qo‘ymaslik kerak.

2017 yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili deb e’lon qilindi. Odamlarga munosib turmush sharoiti yaratib berish, inson huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Barcha darajadagi rahbarlar aholi, oddiy odamlar bilan muloqotga kirishib, ularning dardlarini tinglayapti, muammolarini hal etish yo‘llarini qidirayapti. Bu jarayondan «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi, xususan, «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari ham chetda qolmasligi va aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazishlari, ularning taklif-istaklarini inobatga olishlari shart.

Iftixor G‘ulomov
“Iste’mol madaniyati” gazetasi, 21.06.2017 sonidan olindi.

Manba: Tafsilot.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Nega avtosanoatimiz o‘z aravasini o‘zi tortolmay, hukumat yordami bilan sudralib kelmoqda?