19:46 / 06.10.2021
1 484

Yil boshidan beri benzin 28,2 foizga qimmatlashgan: bunga sabab nima?

Yil boshidan beri benzin 28,2 foizga qimmatlashgan: bunga sabab nima?
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda benzin narxining oshib ketayotgani keng jamoatchilik tomonidan turli e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. AI-91 markali benzin 8100 so‘mgacha chiqqani esa e’tirozlarni yanada kuchaytirdi. Xo‘sh, nima sababdan benzin narxi oshib ketyapti?

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, 729,4 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgan, qiymati 100 mln dollarga teng bo‘lgan 281,6 mln litr avtomobil benzini import qilingan. Benzin ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 5,1 foizga, uni import qilish esa 3,2 barobarga oshgan. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish ham, import hajmi ham sezilarli miqdorda ko‘paygan. Unda nima uchun narxlar qimmatlashmoqda?

Energetika vazirligining izoh berishicha, hukumatning tegishli qarorlari bilan 2017 yil 15 noyabrdan boshlab AI-92, AI-93, AI-95 va AI-98 markali, 2019 yil 15 avgustdan boshlab AI-91 markali, 2020 yil 1 maydan boshlab AI-80 markali avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan va ushbu mahsulotlarni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan. Bundan kelib chiqadigan xulosa shunday bo‘ladiki, joriy narxlar bozordagi erkin talab va taklif qonuniyati natijasida shakllangan.

Shuningdek, izohda AI-91, AI-92, AI-95 markali avtobenzinlarning asosiy hajmi import xomashyosidan ishlab chiqarilishi yoki tayyor holda bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib jahon kotirovkalariga bog‘langan holda import qilinishi sabab ushbu markali avtobenzinlar narxiga jahon bozoridagi holat bevosita ta’sir o‘tkazadi. Bugungi kunda Brent markali neftning jahon birjalaridagi kotirovka narxlari oshib, 1 barreli uchun 80-81 dollarni tashkil etayotgani, 1 barrel 80 dollar bo‘lganda, 1 litr yuqori oktanli (91-95) avtobenzini o‘rtacha 8 900 so‘mni tashkil qilishi aytib o‘tilgan.

Haqiqatan ham oxirgi oylarda jahon bozorida Brent markali neft mahsulotlarining narxi ko‘tarilishi kuzatilgan. 20 avgustda 1 barrel Brent markali neftning narxi birja savdolarida 65 dollarga sotilgan bo‘lsa, 6 oktabr holatiga ko‘ra, narxlar 82 dollargacha oshgan. Lekin boshqa tomondan o‘tgan yilning oktabrida jahonda Brent neft narxi 37 dollargacha pasayganda, O‘zbekiston ichki bozoridagi iste’molchilar mahsulotlarning keskin ravishda arzonlashishini his qilmagan.

Bank of America tahlilchilari neft narxi 100 dollardan oshishini prognoz qilishmoqda. Bunga sabab sifatida uchta omilni ko‘rsatishgan: gaz narxlari keskin oshishi sabab neftga talab ko‘payishi, sovuq qish tufayli neft iste’moli oshishi va AQSH o‘z chegaralarini ochgandan keyin kutilayotgan havo qatnoviga talabning ko‘payishi sabab neft iste’moli yanada oshishi. Shuningdek, asosiy neft eksport qiluvchi davlatlarda ishlab chiqarish hajmi ma’lum miqdorda kamaygan.

Energetika vazirligining izohini e’tiborga oladigan bo‘lsak, jahon bozorida narxlar oshishi O‘zbekiston ichki bozorida benzin narxlarining yanada qimmatlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa O‘zbekistonda benzin narxlarining qimmatlashayotgani faqatgina jahon bozoridagi neft narxlarining oshishiga bog‘liq emasligini keltirib o‘tgan:

«Bozorda raqobat muhiti yo‘q. Benzinning eng asosiy importchisi ham, yagona ishlab chiqaruvchisi ham, ulgurji va chakana sotuvchisi ham «O‘zbekneftegaz» hisoblanadi. Bundan tashqari, soliqchilik. Benzin iste’molchilarga yetib borguncha turli ko‘rinishlarda eng ko‘p soliq qo‘shiladigan tovar. Chunki qoida tariqasida benzin narxi elastikligi uncha yuqori emas. Benzin narxi oshishi proporsional tarzda iste’molni kamaytirmaydi. Shunday ekan, benzin narxini muqobillashtirishda parlamentimiz yangi yildagi budjetni tasdiqlashda e’tiborliroq bo‘lishi kerak bo‘ladi», deydi iqtisodchi.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, yil boshidan beri benzin narxi 28,2 foizga qimmatlashgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Yil boshidan beri benzin 28,2 foizga qimmatlashgan: bunga sabab nima?