11:47 / 03.05.2022
1 556

Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar

Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar
Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar va urush atrofidagi voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatnomasida yaqin kunlarda Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga yangi sanksiyalar paketi qo‘llanilishi kutilayotganini aytib o‘tdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua
«Bu paketda Rossiyaning energiya resurslaridan daromad ko‘rishini cheklash borasida aniq qadamlar bo‘lishi kerak. Terrorchi-davlat qazib olinuvchi yoqilg‘ilar uchun kuniga milliard yevro berilmasligi kerak. Bir vaqtning o‘zida keyingi sanksiya qadamlariga ham tayyorlanish lozim. Har qanday holatda, Rossiya bilan barcha eksport-import operatsiyalarini cheklashga to‘g‘ri keladi. Busiz Moskvadagilar xalqaro huquq va Yevropadagi tinchlikni hurmat qilish kerakligini aslo tushunmaydi», — degan Zelenskiy.

Zelenskiy Yunonistonning ERT telekanaliga bergan intervyusida Rossiya TIV rahbari Lavrovning muzokaralarda Rossiyadan sanksiyalar yechilishi masalasi ham muhokama qilinayotganini rad etdi.

«Sanksiyalarni yechish masalasi ko‘tarilgani yo‘q, ko‘tarilishi mumkin ham emas... Urush hali tugagani yo‘q, biz o‘z hududlarimizni qaytarib olmadik. Taassufki, Rossiya hamon bizning tuprog‘imizda va bosim qilishda davom etmoqda. Hech narsa tugamadi. Men sanksiyalar yechilishi masalasi ko‘tarilayotganidan hayronman», — degan Zelenskiy.

Zelenskiy shuningdek, 2014 yili joriy etilgan sanksiyalar juda yumshoq bo‘lgani, shu sababli Rossiya keng miqyosli bosqinchilik haqida o‘ylashga sharoit yaratganini aytgan.

Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov NV nashriga bergan intervyusida Moskva Rossiyada mobilizatsiya boshlanishini 9 may kuni e’lon qilinishini aytdi.

Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov. Foto: UA|TV
«Rossiya allaqachon yashirin mobilizatsiyaga o‘tgan, yaqin kunlarda ochiq mobilizatsiyani e’lon qiladi. Ayni paytda Rosrezerv ularda aslida qancha odam borligi, mobilizatsion naryadlar bo‘yicha nimalar berishi mumkinligini hisob-kitob qilmoqda. Bu chinakam mobilizatsiya oldidan mutlaqo zarur qadam», — degan Budanov.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

· Dushmanning 12 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.

· 6 ta tank, 5 ta artilleriya tizimi, 22 ta harbiy zirhli texnika, bitta harbiy maxsus mashina va 8 ta avtomobil yo‘q qilingan.

· Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida «Orlan-10» tipidagi 5 ta pilotsiz uchar qurilmalarni urib tushirgan.

Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:

· «Forpost» tipidagi bitta va «Orlan-10» tipidagi 7 ta pilotsiz uchar qurilmalar urib tushirilgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:

Rossiya qo‘shinlari 6 ta hujum uyushtirgan. Dushmanning yo‘qotishlari:

· Shaxsiy tarkib — 75; tanklar — 2; BMP — 6; Jangovar zirhli mashina — 5; artilleriya taktik nuqtalari — 1, minomyot hisoblari — 2, pilotsiz uchar qurilma — 4, maxsus texnika — 1.

«Pivden» («Janub») tezkor qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra Qora dengizdagi Zmeiniy oroli yaqinida Rossiyaning ikkita harbiy kateri «Bayraktar TB-2» harbiy droni vositasida yo‘q qilingan.

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Italiyaning Mediaset telekompaniyasiga bergan intervyusida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy neonatsistik unsurlarga ular ushlab turgan fuqarolarni qo‘yib yuborish va qarshilik ko‘rsatishni bas qilish haqida buyruq berishi Rossiya talablaridan biri ekanligini aytgan.

Shu intervyuda Lavrov Moskva Kiyevdagi rejimni o‘zgartirishni maqsad qilmaganini, bunaqa ishlar bilan faqat AQSH shug‘ullanishini aytib o‘tgan. RF TIV rahbari shuningdek, AQSH raketa hujumida mudofaa tizimi Rossiyaga qarshi qaratilgani sababli Rossiya gipertovushli qurol yaratishga majbur bo‘lganini ham ta’kidlagan.

«Azovstal» hududidan tinch aholi vakillarining evakuatsiya qilinishi. Foto: unn.com.ua
Rossiya Mudofaa vazirligi 30 apreldan boshlab Mariupol shahridagi «Azovstal» zavodi hududi va unga yaqin uylardan 36 kishi chiqarilgan, 1 may kuni zavod hududidan yana 80 ta fuqaro chiqarib olingan. Ularning 69 nafari Ukraina nazorati ostidagi hududlarga ketish istagini bildirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

· Havoda bazalashgan yuqori aniqlikdagi raketalar bilan kun davomida Ukrainaning 36 ta harbiy ob’ektiga zarba berilgan;

· Majevaya aholi punkti yaqinida 4 ta «S-300» ZRK o‘t ochish qurilmalari, razvedka radiolokatsion va nishonga olish stansiyasi yo‘q qilingan;

· Dnepropetrovsk oblastdagi Pokrovskoye aholi punktida raketa-artilleriya qurol-yarog‘lari va o‘q-dorilari ombori yo‘q qilingan;

· RF harbiy kosmik kuchlarining tezkor taktik va armiya aviatsiyasi tomonidan Ukraina QKning 13 ta tayanch punktlari hamda jonli kuchlari va harbiy texnikalari jamlanmasiga zarba berilgan;

· Ukraina armiyasining 170 dan ortiq askari, 36 ta harbiy texnikasi yo‘q qilingan;

· Raketa qo‘shinlari Ukraina QKning 2 ta boshqaruv punkti, jumladan, 93-mexanizatsiyalashgan brigadasiga, 4 ta jonli kuchlar va harbiy texnikalari jamlanmasiga zarba bergan;

· Izyum, Topolskoye va Malaya Kamishevaxa 5 ta «Smerch» reaktiv snaryadlari to‘xtatib qolingan.

Ukrainaga ko‘mak

Juma kunigacha AQSH Ukrainaga yana 5000 dona tanklarga qarshi Javelin raketalarini yetkazib beradi, dedi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.

Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi. Youtube’dan skrinshot
AQSH Ukraina uchun ajratilgan gaubitsalarning 80 foizini yetkazib berishga muvaffaq bo‘lgan. 170 dan ortiq ukrainalik harbiylar AQSH gaubitsalaridan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘tagan, yana 50 dan ortig‘i mashg‘ulotlarni tugatmoqda, deya xabar bergan AQSH Mudofaa vazirligi.

Pentagon xabariga ko‘ra, o‘tgan sutkada AQSH Ukrainaga 14 ta harbiy yordam yuklari ortilgan samolyotlarni jo‘natgan. Yana 23 ta reys 5 ta boshqa davlatlardan kelgan.

Polsha hukumati Ukrainaga 232 ta T-72 tanklari, birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari, pilotsiz uchar qurilmalar, o‘ziyurar gaubitsalar yetkazib bergan, deyiladi Visegrad24 nashri xabarida.

Ukraina Butunjahon bankining 495 million yevroga teng grantini qabul qilib oldi.

Buyuk Britaniya Ukrainaga 300 mln funt-sterling (375 mln AQSH dollari) miqdorida yangi harbiy yordam paketini taqdim etadi — Dauning-strit.

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Germaniyaning ZDF nashri xabariga ko‘ra, Avstriya, Vengriya va Slovakiya Rossiya neftiga embargosiga veto qo‘yish huquqini qaytarib olishgan. Shunday qilib, Yevropa Ittifoqida Rossiya nefti embargosiga qarshi chiquvchi birorta davlat qolmadi.

Jumladan, Avstriya energetika vaziri Leonore Gevessler uning mamlakati Rossiya neftiga qarshi qo‘llaniladigan embargoga qarshi emasligini bildirgan.

Biroq, Vengriyaning Origo.hu axborot portalining yozishicha, Vengriya Rossiya nefti va gazining Yevropa ittifoqiga yetkazib berilishiga taqiq joriy etishga qarshi chiqadi.

Mana shunday pozitsiyalar sababli Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukrainaning «Mirotvores» sayti tomonidan tuziladigan Kiyev rejimi dushmanlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Hindistonning Tata Steel po‘lat erituvchi kompaniyasi Rossiyadan ko‘mir sotib olishni bas qiladi — Financial Times.

Finlandiyaning Fennovoima loyiha kompaniyasi Rosatom bilan «Hanhikivi-1» atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha tuzilgan shartnomani buzishini e’lon qildi.

UYEFA Rossiyaning 2028 va 2032 yillardagi futbol bo‘yicha Yevropa chempionatini o‘tkazish bo‘yicha arizasini nomaqbul deb topdi. Shuningdek Rossiya futbol klublari 2022-23 yillardagi yevrokuboklar mavsumida qatnashmaydigan bo‘ldi. Rossiya milliy jamoasi 2022-23 mavsumdagi Millatlar ligasida qatnashishdan chetlatildi. Rossiya ayollar milliy jamoasi Yevro-2022 dan chetlatildi, uning o‘rniga Portugaliya milliy jamoasi qatnashadigan bo‘ldi.

Rossiya tomonidan Qora dengizdagi portlari bloklangan Ukraina o‘n millionlab tonna g‘allasidan ayrilishi mumkin. Bu butun jahonda oziq-ovqat inqirozini keltirib chiqaradi. Bu haqda Volodimir Zelenskiy Avstraliyaning Nine Network telekanaliga bergan intervyusida aytgan.

AQSH Moliya vazirligi GAZPROM Germania GmbH bilan 2022 yilning 30 sentabriga qadar tranzaksiyalarga ruxsat beruvchi litsenziyani e’lon qilgan.

«Gazprom» 2022 yilning dastlabki 4 oyi ichida gaz qazib chiqarishni 2,5 foizga — 175,4 mlrd kub metrgacha qisqartirgan. Uzoq xorij davlatlariga eksport 4 oy ichida qariyb 27 foiz — 50,1 mlrd kub metrgacha qisqargan.

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

GFR kansleri Olaf Shols prezident Shtaynmayerga ko‘rsatilgan iltifotsizlik tufayli Ukrainaga borishni istamayapti. Aprel oyida Zelenskiy Rossiya bilan o‘ta yaqin aloqalari tufayli Frank-Valter Shtaynmayerning Kiyevga kelishini istamagan edi. Sholsga ko‘ra, bu Germaniya uchun «chinakam larza» bo‘lgan, deya RBB xabarini keltiradi KP.

Germaniya Ukrainaga agar boshqa davlatlar ham shunday yo‘l tuta boshlasagina tanklar yetkazib beradi, dedi Olaf Shols Bild am Sonntag nashriga bergan intervyusida.

GFR kansleri Olaf Shols. Foto: spiegel.de
«Men o‘z qarorlarimni juda tez qabul qilaman va ularni ittifoqchilarimiz bilan muvofiqlashtiraman. Lekin men Germaniyaning shoshilinchi va bir tomonlama harakatlariga doimo shubha bilan qarayman», — degan Shols.

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha ishlar «yo hamma, yo hech kim» prinsipi bo‘yicha bo‘lishi kerak.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 24 fevralidan 1 mayiga qadar BMT Ukrainadagi tinch aholi vakillari orasida 6469 nafar qurbonlarni ro‘yxatga olgan: asosan aviazarbalar va o‘t ochishlar natijasida 3153 kishi o‘ldirilgan (226 nafari bolalar), 3316 kishi yaralangan (319 nafari bolalar). Real yo‘qotishlari karrasiga ko‘proq.

Ukrainada urush boshlanganidan buyon 5,5 million qochoqlar qo‘shni davlatlarga chiqib ketgan. So‘nggi ikki kunda ularning soni 70 mingga ko‘paygan, deb xabar beradi BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi hisobotiga ko‘ra, Rossiya Ukrainada 120 dan ortiq taktik batalon guruhlarini ishga solib bo‘lgan. Bu Rossiyaning yer ustidagi jangovar kuchlarining uchdan ikki qismi degani. Har bir guruhda 700-800 nafar atrofida askar bo‘ladi.

Amerikaliklarning katta qismi AQSH Ukraina tufayli Rossiya bilan ochiqdan ochiq to‘qnashuvni boshlashini istamaydi. Biroq, aksilrossiya sanksiyalarining qat’iylashishini qo‘llab-quvvatlashadi. Bu The Washington Post gazetasida chop etilgan jamoatchilik fikri so‘rovi ma’lumotlarida aks etgan.

Finlandiya NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha qarorni 12 may kuni qabul qiladi, deb yozadi finlarning Iltalehti nashri.

Ukrainada g‘olib tomon bo‘lmaydi, har ikki tomon yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi, shu sababli Hindiston muloqot va inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiradi, degan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, munosabat, yordam va sanksiyalar