01:16 / 13.05.2022
6 126

Mariupolning so‘nggi qal’asi. «Azovstal» himoyachilari suratlarda

Mariupolning so‘nggi qal’asi. «Azovstal» himoyachilari suratlarda
«Azovstal» - Mariupolning rossiyalik harbiylar tomonidan egallanmagan so‘nggi qismi. Shahar mart oyi boshidan qamal qilingandi. Ukrainlarning «Azov» polki jangchilari ikki oydan oshiq vaqt davomida «Azovstal»da mudofaani ushlab turishibdi.

«Azovstal» zavodi uchun jang qariyb ikki oydan buyon davom etmoqda — rossiyalik harbiylar ushbu hududni olish uchun mart oyi o‘rtalarida harakat boshlagandi. Hozirda zavod — amalda egallab bo‘lingan Mariupol shahridagi ukrain harbiylari qarshiligining so‘nggi qal’asidir. Aprel oyi oxirida Vladimir Putin shturmni bekor qilishga buyruq bergandi, ammo «Azovstal» mudofaachilari doimiy ravishda yangi zarbalar haqida xabar berib kelishmoqda — zavodni egallash uchun harakatlar davom etmoqda.

May oyi boshida xalqaro tashkilotlar ishtirokida hududdan tinch aholi vakillari evakuatsiya qilindi, 8 may kuni esa kombinatni himoya qilayotgan «Azov» polki jangchilari «samarali mudofaa uchun barcha resurslar» sarflab bo‘linganini ma’lum qildi. Batalonning telegram-kanalida yarador jangchilar fotosuratlari e’lon qilindi va «sivilizatsiya dunyosi»dan ularni evakuatsiya qilishda yordam so‘raldi: «Dunyo Mariupolning yarador va mayib bo‘lgan himoyachilari qanday sharoitlarda ekanini ko‘rishi va harakat boshlashi kerak».









Ukraina hukumati, BMT va Qizil Xoch sa’y-harakatlari bilan zavod hududida yashiringan yuzlab tinch aholi vakillarini evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lindi. Endilikda «Azov» jangchilari ham yordam kutishmoqda. Ular katta yo‘qotishlarga uchragan, oziq-ovqat va boshqa resurslar tugamoqda.

«Azov» bo‘linmasi 2014 yil mayida Mariupolda 70 nafar ko‘ngilli tomonidan tuzilgan. O‘sha yil sentabriga kelib bo‘linma polkka aylangan, noyabrda esa Ukraina milliy gvardiyasi tarkibiga o‘tkazilgan. Ayni vaqtga kelib «Azov» polki jangchilari soni 800 nafar atrofida.

Strategik port

Ukrainaga bosqinning ilk kunlaridayoq rossiyalik harbiylar va DXR ayirmachilari asosiy e’tiborni Mariupolni egallashga qaratdi. Qariyb yarim million aholi yashagan bu shahar nafaqat Azov dengizidagi muhim port, balki siyosiy ahamiyatga ega shahar ham edi.

2014 yil may-iyun oylarida, ukrain kuchlarining ayirmachilarga qarshi aksilterror amaliyoti vaqtida Ukraina armiyasi va ko‘ngillilar bataloni shaharni qaytarib oladi. O‘sha vaqtdan buyon ikkita metallurgiya giganti (Ilich nomidagi kombinat va «Azovstal») hamda bir mashinasozlik zavodi («Azovmash») bilan osuda yashab, rivojlanib kelayotgandi.

2022 yil mart oyi boshidayoq Rossiya qo‘shinlari Mariupolni barcha tomondan qurshab oldi va uni dengizdan uzib qo‘ydi. Shahar mudofaasida «Azov» polki, 36-dengiz piyodalar brigadasi, shuningdek chegarachilar, politsiyachilar va Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari qatnashdi.

Mariupolni qamal qilgan RF armiyasi va DXR ayirmachilari aprel oyi o‘rtalarida ukrain kuchlarini deyarli barcha qarshilik o‘choqlaridan siqib chiqarishdi, jumladan dengiz porti va Ilich nomidagi zavoddan ham.

Shu bilan birga qamal vaqtida shahar deyarli butkul vayron bo‘ldi: Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, artilleriya va aviatsiya zarbalari oqibatida binolarning 90 foizi buzilgan, 25 ming atrofida tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Aprel oyi o‘rtalarida ukrainalik dengiz piyodalarining bir qismi shahar shimolidagi Ilich nomidagi zavoddan qurshovni yorib o‘tib, janubda joylashgan «Azovstal»ni himoya qilayotgan «Azov» polki bilan birlashdi.

Shu bilan birga, Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, bu bo‘linmaning katta qismi - ming nafar atrofidagi piyoda asir tushgan. Keyinroq brigada komandiri Vladimir Baranyuk ham asirlikda ekani ma’lum bo‘ldi.

Shu tariqa, Rossiya asosiy e’tiborini «Azovstal» uchun qaratish imkoniga ega bo‘ldi va bu hudud deyarli har kuni o‘qqa tutila boshlandi. «Ular [rossiyaliklar] bunker uchun bombalar tashlamoqda, raketalar uchirmoqda, artilleriyaning barcha turlarini qo‘llamoqda, quruqlikdan ham, dengizdan ham o‘qqa tutmoqda», degandi «Azov» polki komandiri Denis Prokopenko.

«Azovstal» qanday joy?

«Azovstal» - qariyb 100 yillik tarixga ega metallurgiya gigantidir. U Kalmius daryosining chap sohilida ulkan maydonni egallagan. Kompleks daryo va Azov dengizi o‘rtasidagi sohilda joylashgan. Zavod o‘z yuk tashish porti va keng yer osti kommunal tizimiga ega hisoblanadi.

«Azovstal» metallurgiya kombinatining 2005 yil sentabridagi ko‘rinishi. Foto: ''SCM'' / TASS
Bu korxonani qurish qarori 1930 yilda SSSR Xalq xo‘jaligi Oliy kengashi Prezidiumi tomonidan qabul qilingan. Qulay geografik o‘rni zavodga temir rudasini yetkazib berishda dengiz transportidan foydalanish imkonini bergan. 1931 yilda zavodning ilk binolari va dengiz portini qurish boshlangan. Ikki yil o‘tib «Azovstal» cho‘yanning ilk partiyasini oladi.

1941 yil kuzida, shaharga front liniyasi yaqinlashib kelganida ko‘plab texnologik agregatlar Uralga ko‘chirilgan. Nemis qo‘shini 1941 yil 8 oktabrida Mariupolni egallagan, 1943 yil sentabrida ular chekinishidan oldin zavod yer bilan yakson etilgan: ular asosiy ob’ektlarni portlatib yuborishgan.

1945 yilda zavodda ishlab chiqarish tiklanadi. Korxona tez rivojlanadi va metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropadagi yetakchi zavodlardan biriga aylanadi. 1996 yilda «Azovstal» ukrainalik milliarder Rinat Axmetovning «Metinvest» kompaniyalar guruhi tarkibiga kiradi. Rossiya bosqiniga qadar bu yerda 10 ming atrofida odam ishlagan.

Zavodning umumiy maydoni - 11 kvadrat kilometr atrofida. Taqqoslash uchun - bu Kiyev oblastidagi Borodyanka shahrining umumiy hududidan ikki barobar yoki Vatikandan 25 barobar katta.

Kombinat mart oyi o‘rtalarida o‘qqa tutila boshlandi. Rossiya tomoni «Azovstal» hududida «biokimyoviy laboratoriyalar» bo‘lishi mumkinligini aytishgandi.

«Azovstal»ning 2022 yil aprel oyi o‘rtalaridagi ko‘rinishi
Anatoliy Jdanov / Kommersant’

Korxona bosh direktori Enver Skitishvili buni safsata deb atagan. «Mariupoldagi barcha korxonalarimiz Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan birinchi haftadayoq to‘xtab qoldi. Metallurglar ishlab chiqarish jarayonida qo‘llaydigan kimyoviy reaktivlar 25 fevraldayoq yo‘q qilingan. «Azovstal»da biokimyoviy laboratoriyalarga ega hech qanday maxfiy tunnellar yo‘q», degan u.

Kombinat hududida sovetlar davrida barpo qilingan bombapanagoh tizimi mavjudligi tufayli yuzlab tinch aholi vakillari shu yerda yashirinadi.

Ukraina IIV rahbari maslahatchisi Anton Gerashchenkoning ma’lumotiga ko‘ra, bunday boshpanalar aviatsiya bombalariga bardosh beradigan qilib qurilgan. Ammo Rossiya armiyasi zavodga bir necha tonnalik bombalarni tashlagan.

Jangchilarni qutqarish uchun harakatlar

Ukraina vitse-premeri Irina Vereshchukning baholariga ko‘ra, «Azovstal»da ming nafar atrofida harbiy bor va ularning vaziyati kundan kunga yomonlashmoqda, ko‘pchilik yarador.

Zavod hududida dala hospitali tashkil etilgan. E’lon qilingan fotosuratlarga ko‘ra, u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkazilmoqda, xususan yaradorlarning qo‘l yoki oyoqlari kesilgan.

Internetda BMTni «azovchilar»ni zavod hududidan olib chiqish bo‘yicha harakatlarni kuchaytirishga chaqiruvchi petitsiya e’lon qilingan. Hozirgacha bu petitsiya bir yarim milliondan ortiq imzo to‘plagan.

Mariupol himoyachilari taslim bo‘lish niyatida emasliklari, shahardan faqat uchinchi davlat kafolati asosida o‘z qurollari bilan chiqishlari mumkinligini aytishmoqda.

Chorshanba kuni «Azov» polki komandiri Denis Prokopenko va yana bir jangchi Arseniy Fedosyukning rafiqalari Yekaterina hamda Yuliya Vatikanda Rim papasi Fransisk bilan uchrashdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, zavod hududida yuz nafarga yaqin tinch aholi vakillari ham qolayotgan bo‘lishi mumkin.

Moskva patriarxatining Ukraina pravoslav cherkovi Patriarx Kirillga Mariupol himoyachilari olib chiqilishi uchun yo‘lak tashkil etishda yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan.

Rossiya propagandasining «Azov» polki jangchilari doim tinch aholi ortiga bekingani haqidagi da’volariga javoban ko‘pchilik «Azovstal» mudofaachilari tinch aholi vakillari to‘liq (yoki deyarli to‘liq) evakuatsiya qilinganidan keyin yordam so‘raganiga e’tibor qaratadi.

Katta ehtimol bilan «Azovstal»da malakali shifokorlar ham bor.

Irina Vereshchukning ma’lum qilishicha, Kiyev Moskvaga «Azovstal» zavodida qamalda qolayotgan yarador ukrainalik harbiylarni asirdagi rossiyaliklarga almashtirishni taklif qilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda zavoddagi og‘ir yarador bo‘lgan 36 jangchini olib chiqish bo‘yicha «murakkab muzokaralar» ketmoqda.

«Hozir biz faqat 38 nafar og‘ir yarador bo‘lgan jangchilar bo‘yicha muzokara olib bormoqdamiz. Qadamba qadam ishlayapmiz. Dastlab 38 kishini almashtirish kerak, keyin navbatdagi qadam tashlanadi. Hozir ayrim nashrlarda aytilayotgani kabi 500 yoki 600 kishini almashtirish haqida gap yo‘q», degan Vereshchuk. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mariupolning so‘nggi qal’asi. «Azovstal» himoyachilari suratlarda