19:19 / 19.05.2022
2 220

AQSH Kiyev so‘ragan baravar o‘t ochuvchi tizimlarni berishdan bosh tortmoqda

AQSH Kiyev so‘ragan baravar o‘t ochuvchi tizimlarni berishdan bosh tortmoqda
Foto: Defense Express Channel
Qo‘shma Shtatlar Kiyevning so‘roviga qaramay, Ukrainani uzoq masofaga baravar o‘t ochuvchi reaktiv tizimlar bilan ta’minlayotgani yo‘q. Bu haqda Politico nashri manbalari xabar berdi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy bunday qurollar Rossiya hududiga zarba berish uchun qo‘llanilishidan, bu esa mojaroni faqat kengaytirishi va cho‘zishidan xavotirda.

Ukraina rasmiylari ushbu turdagi qurollarni bir necha oydan beri so‘rab keladi. Xususan, prezident Vladimir Zelenskiy may oyi boshida «Katta yettilik» davlatlari yetakchilari oldidagi nutqida Amerikaning M142 HIMARS va M270 MLRS baravar o‘t ochuvchi raketa tizimlarini olish zarurligini ta’kidlagan edi.

Hozir Kiyevda qurol-yarog‘ yetkazib berishning yana kechikishi tufayli «frustratsiya kuchaymoqda», dedi Politico manbalaridan biri. Nashrning Oq uydagi suhbatdoshi Ukraina va AQSH qurol-yarog‘ yetkazib berish masalasini muhokama qilishda davom etayotgani, ammo barcha turdagi qurollarni tezda yetkazib berish imkonsizligini aytdi.

Politico’ning qayd etishicha, so‘nggi oylarda AQSH Ukrainani ittifoqchilarining zaxiralaridagi sovet davridan qolgan eski qurollardan foydalanadigan bir nechta baravar o‘t ochish tizimlari bilan ta’minladi. Ammo Kiyev Rossiyaning Donbassda olg‘a siljishini to‘xtatish uchun aniqroq va kuchliroq Amerika tizimlarini ishga solishga intilmoqda.

Urush boshida Vladimir Zelenskiy G‘arb davlatlarini Ukrainani yetarlicha qo‘llab-quvvatlamagani, jumladan, yetarlicha qurol-yarog‘ yetkazib bermayotgani uchun tez-tez qoralardi. Aprel oyi oxirida u mamlakat nihoyat so‘ragan qurol turlarini ola boshlaganini e’lon qildi.

May oyi boshida AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga harbiy texnika yetkazishni tezlashtirish imkonini beruvchi lend-liz dasturi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Ammo bir necha kundan so‘ng Ukrainaga 40 milliard dollar qo‘shimcha yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Senatdagi bir respublikachi senator tomonidan bloklandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Kiyev so‘ragan baravar o‘t ochuvchi tizimlarni berishdan bosh tortmoqda