15:00 / 26.05.2022
1 450

Zelenskiy Rossiya fuqarolari uchun viza rejimi kiritilishini qo‘llab-quvvatladi

Zelenskiy Rossiya fuqarolari uchun viza rejimi kiritilishini qo‘llab-quvvatladi
Foto: Global Look Press
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan viza rejimini joriy qilish haqidagi petitsiyani qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi «RBK» prezident saytidagi elektron petitsiyalar sahifasiga tayanib.

«Ko‘tarilgan masala muhim va zaruriydir, shuning uchun Rossiya fuqarolarining Ukraina hududiga kirishi ustidan nazorat rejimi kuchaytirilishi zaruriyatini qo‘llab-quvvatlayman», — deyiladi Zelenskiyning petitsiyaga javobida. Shuningdek, u Ukraina bosh vaziriga ushbu masala ustida ishlash haqida iltimosnoma yuborilganini qo‘shib qo‘ydi.

Petitsiya sahifaga 2022 yil 11 fevralda joylangan edi, Zelenskiy unga 25 may kuni javob qildi. Hujjat shu vaqtgacha 26,7 mingta ovoz to‘plagan, u ko‘rib chiqilishi uchun esa 25 mingta ovoz yig‘ilishi kerak edi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida vizasiz rejim amal qilib kelayotgan edi. Rossiyaliklar Ukrainada mamlakatga birinchi tashrifi sanasidan boshlab 180 kun ichida 90 kungacha bo‘lib turishi mumkin edi. Ukrainaga kirish uchun amal qilish muddati safar yakunlanadigan sanadan oshadigan xorijga chiqish pasporti bo‘lishi kifoya edi.

2020 yil martida koronavirus pandemiyasi tufayli Ukraina mamlakatga chet elliklar kirishini taqiqlagan, ammo taqiq karantin cheklovlariga o‘zgartirilgandi: mamlakatga kirishda vaksinatsiya haqidagi ma’lumotnoma yoki COVID-19 ga nisbatan manfiy test talab qilinardi.

2022 yil fevralida Ukraina Oliy radasi deputati, «Muxolifat platformasi — Hayot uchun» partiyasi raisdoshi Vadim Rabinovich ukrain chegarachilari 12 fevraldan boshlab mamlakat hududiga Rossiya fuqarolarini kiritmay qo‘yganini aytgandi. Ammo o‘sha kuniyoq bu ma’lumot rad etilib, ba’zi chet elliklar, shu jumladan rossiyaliklar amaldagi qonunchilikka rioya qilmasligi sababli mamlakatga kiritilmasligi mumkinligi qayd etilgandi.

24 fevral kuni ertalab Rossiya Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshladi, shundan keyin Zelenskiy harbiy holat rejimini e’lon qildi va Rossiya bilan diplomatik aloqalar uzilganini ma’lum qildi. 22 may kuni Oliy rada Ukrainadagi harbiy holatni 23 avgustgacha uzaytirdi.

Visit Ukraine portal ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy holat amal qilayotgan vaqtda mamlakatda aviaqatnovlar to‘xtatilgan, ammo mamlakatga chet el fuqarolarining yer usti transporti bilan kirishi va chiqishiga ruxsat berilgan. Polsha, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya va Moldova bilan chegaralardagi Ukraina o‘tkazish punktlari ishlashda davom etmoqda, biroq Rossiya, Belarus va tan olinmagan Pridnestrove respublikasi bilan chegaralardagi o‘tkazish punktlari yopilgan.

14 mart kuni Ukrainaga Rossiya hududidan nashriyot mahsulotlari olib kirish va tarqatish taqiqlandi, 10 aprelda esa mamlakat Rossiyadan mahsulotlar importini to‘liq taqiqlagani ma’lum qilindi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Rossiya fuqarolari uchun viza rejimi kiritilishini qo‘llab-quvvatladi