12:28 / 27.05.2022
1 922

Ukrainadagi urush global ocharchilik keltirib chiqaradimi?

Ukrainadagi urush global ocharchilik keltirib chiqaradimi?
Foto: Getty Images / Christopher Furlong
Rossiya va Ukraina urushi butun dunyo bo‘ylab o‘tkir oziq-ovqat inqirozini yuzaga keltirishi mumkin. Chunki urishayotgan tomonlarning har ikkisi eng muhim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi mamlakatlar hisoblanadi. Davom etayotgan harbiy harakatlar esa bir qancha omillar sabab global bozorni larzaga keltirmoqda.

Ukrainadagi urush SOVID-19 pandemiyasi va iqlim o‘zgarishidan jabr ko‘rayotgan jahon iqtisodiyotiga, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlardagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Rossiya va Ukraina dunyodagi eng muhim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi davlatlar hisoblanadi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-17 va 2020-21 yillar oralig‘ida global miqyosida bug‘doy yetishtirishning 14 foizi, arpa yetishtirishning 19 foizi, makkajo‘xori yetishtirishning 4 foizi, kungaboqar yog‘i ishlab chiqarishning 50 foizdan oshiqroq qismi Ukraina va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ahamiyatli jihati, 2021 yilda ushbu davlatlar bug‘doy, makkajo‘xori, kolza, kungaboqar urug‘i va kungaboqar yog‘i eksporti bo‘yicha yetakchi uchtalikka kirgan.

Shuningdek, Rossiya kaliyli o‘g‘itlar yetkazib beruvchi birinchi, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi, fosforli o‘g‘itlarni eksport qiluvchi eng yirik uchinchi davlat hisoblanadi. Davom etayotgan urush esa bir qancha omillar sabab global bozorni larzaga keltirmoqda.

Birinchidan, jahonda mineral o‘g‘itlarning o‘rtacha narxi qimmatlashib ketdi. Bunga Rossiyadan import qisqarishi va tabiiy gaz narxlari oshishi jiddiy ta’sir o‘tkazgan. Ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tannarxida o‘g‘it xarajatlari salmoqli ulushni egallaydi. Narxlar oshishi esa rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘g‘itlardan foydalanish ko‘rsatkichi kamayishi va hosil qisqarishiga olib kelishi mumkin. Bu esa kelayotgan yilda ham oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.

Ikkinchidan, urush oqibatlari ayniqsa qurg‘oqchil mintaqalar – Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun og‘riqli bo‘ladi. Ushbu davlatlar umumiy oziq-ovqatining 90 foizdan ortig‘ini import qiladi. Asosiy yetkazib beruvchilar esa Rossiya va Ukrainadir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda quyidagi bir qancha mamlakatlar umumiy bug‘doy importining salmoqli qismini Rossiya va Ukrainadan amalga oshirgan.

Rossiya hukumati urush boshlanganidan keyin Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga bir qancha turdagi donli ekinlar eksport qilish bo‘yicha taqiq kiritdi. Xususan, 2022 yilning 30 iyuniga qadar bug‘doy, arpa, meslin, makkajo‘xori va javdar eksport qilish cheklangan. Endilikda esa YEOIIga kiruvchi ittifoqchi davlatlardan g‘allaga nisbatan eksport kvotasi va bojlar joriy qilishni talab etmoqda. Bu qaror Rossiya bug‘doyining a’zo davlatlardan reeksport qilinishining oldini olishga qaratilgan chora sifatida izohlangan.

Shuningdek, Ukrainadagi portlar Rossiya floti tomonidan to‘sib qo‘yilgani tufayli ushbu mamlakatdan eksport qilish ham to‘xtagan. Joriy yilda hosil qanday bo‘lishi ham noma’lum. Ukraina fermerlari o‘z texnikalaridan doimiy ravishda foydalanishdan mahrum qilingan, hosil olinadigan dalalarda esa urush harakatlari davom etmoqda. Ekspertlar fikriga ko‘ra, Rossiya shu yo‘l bilan sun’iy oziq-ovqat inqirozini yaratishga harakat qilmoqda.

Uchinchidan, dengiz va quruqlik va havo yo‘llari orqali yuk tashish va saqlash xarajatlari qimmatlashgan. Bu yonilg‘i narxlari oshishi va kiritilgan sanksiyalar sabab yuk tashuvchi kompaniyalarning oldingiga qaraganda ko‘proq masofa bosib o‘tishga majbur bo‘layotgani hisobiga yuz bermoqda. Yevropa kompaniyalariga Rossiya temiryo‘llari orqali harakatlanish taqiqlandi. Bu esa Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi Rossiya orqali o‘tadigan tranzit yuk tashish faoliyatini uzib qo‘ydi.

To‘rtinchidan, urush fonida Rossiya yoki Ukraina mahsulotlarining o‘rnini bosuvchi muqobil tovarlar tanqisligi ham yuzaga kelmoqda. Xususan, palma moyi ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadigan Indoneziya 28 apreldan boshlab eksportni taqiqladi. Bu esa narxlar keskin oshib ketishiga olib keldi. Ayni paytda bu cheklovlar olib tashlangan bo‘lsa-da, mamlakatda oziq-ovqat inflyatsiyasi oshib ketadigan bo‘lsa, yangi eksport taqiqlari joriy qilinishi inkor etilmayapti. Bundan tashqari, bug‘doy yetkazib berish borasida Ukrainaning o‘rnini egallashi kutilgan Hindiston ham eksportga taqiq kiritdi. Umuman olganda, asosiy potensial eksportyor mamlakatlar ham o‘z ichki bozorlarini himoya qilish uchun yopilishga majbur bo‘lmoqda.

Oziq-ovqat narxlari arzonlasha boshlashi mumkinmi?
Global oziq-ovqat narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 30 foizga oshgan. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda bug‘doy narxi 40 foizdan ko‘proqqa qimmatlashishi mumkin. 2023 yilda narxlar pasayishi kutilayotgani aytilayotgan bo‘lsa-da, bu asosan Argentina, Braziliya va Qo‘shma Shtatlardan mahsulot yetkazib berish ko‘payishiga bog‘liq bo‘ladi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, Ukraina hamda Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini jahon bozoriga qaytarmasdan turib, global oziq-ovqat xavfsizligi muammosini hal qilib bo‘lmaydi.

Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik muzokaralari to‘xtatilganini inobatga oladigan bo‘lsak, urushning qachon tugashi noaniqligicha qolmoqda.

Ukrainada ekish kampaniyasi ham Rossiya bosqinidan jiddiy zarar ko‘rdi. Foto: EPA
Global oziq-ovqat narxlari oshishi O‘zbekistonga ham ta’sir qiladimi?
O‘zbekiston agrosanoat tarmog‘i nuqtayi nazaridan nisbatan mustaqil davlat hisoblansa-da, jahonda narxlar dinamikasi o‘zgarishi mamlakat ichki bozoridagi vaziyatga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Xususan, fevral oyidan may oyining birinchi 10 kunligigacha bo‘lgan davrda bug‘doy uni narxi 15-23 foizga oshgan.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning ham bug‘doy, kungaboqar yog‘i, shakar xomashyosi kabi mahsulotlar importiga bog‘liqlik darajasi yuqoriligi hisobga olinsa, hozirgi global beqarorlik istiqbolda ichki bozordagi narxlar oshishiga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin. O‘zbekison Markaziy bankining import inflyatsiyasi, ishlab chiqarish, logistika va yetkazib berish bilan bog‘liq taklif omillari ta’sirida mamlakatdagi inflyatsiya darajasi yil yakunlari bo‘yicha 12-14 foiz atrofida (dastlabki kutilmalar 8-9 foiz edi) bo‘lishini prognoz qilayotgani ham bejiz emas.

Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida ishlab chiqarish jarayoni ob-havoning ta’siri kabi oldindan prognoz qilib bo‘lmaydigan bir qancha omillarga bog‘liq hisoblanadi. Shu jihatdan, joriy yilda hosil qanday bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Yildan yilga globallashuv kuchayayotgan davrda esa dunyoning istalgan nuqtasida oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq inqirozli vaziyat yuzaga keladigan bo‘lsa, bu boshqa mintaqalardagi holatga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Ukraina-Rossiya urushi cho‘zilishi esa ushbu mamlakatlardan mahsulotlar import qilishga qaram bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarni urushning bilvosita jabrdiydalariga aylantirishda davom etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urush global ocharchilik keltirib chiqaradimi?