Jahon jiddiy energetika inqirozi yoqasida. Foto: m.123ru.net
Yevropadagi energetik inqiroz 2021 yilning kuzidayoq boshlangandi. O‘shanda tabiiy gaz va boshqa energiya resurslariga narxlar keskin osha boshladi. Bunga sabab qilib Norvegiya, Rossiya va AQSHdan yetkazib beriladigan gaz hajmi qisqarishi ko‘rsatilgandi.
Yevropada mahalliy gaz qazib olish hajmlari qisqarishi ham vaziyatga o‘z ta’sirini o‘tkazgan. 2022 yilga kelib vaziyat o‘ta yomonlashdi, ekspertlar fikricha, bundan buyon ham yomonlashishda davom etadi. Natijada joriy inqiroz so‘nggi 50 yil ichidagi eng dahshatlisi bo‘lishi mumkin, deydi AQSH neft va gaz assotsiatsiyasi prezidenti Tim Styuart.
Jahon uchun ushbu inqiroz nimalarni keltirib chiqaradi va nimalarga tayyor turish kerak? Hi-News.ru maqolasida shular haqida fikr yuritilgan.
Energetika inqirozi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar
Ayni paytga kelib jahonda neft inqirozi, gaz inqirozi va elektr energiyasi inqirozi bo‘y ko‘rsatib bo‘lgan. Yoz oylarida vaziyat o‘nglanadi deb o‘ylashgandi, chunki bu vaqtga kelib mamlakatlar qishki isitish mavsumigacha energiya resurslarini jamg‘arib olishlari mumkin edi. Biroq xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birolning ta’kidlashicha, issiq yoz aksincha energetika inqirozini yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Bu energiyaning katta qismi havoni sovitish uchun ketishi bilan bog‘liq. Bir vaqtning o‘zida Yevropada benzin, kerosin va dizel yonilg‘isi yetishmovchiligi paydo bo‘lishi mumkin. Lekin sabab birgina sovitish bilan bog‘liq emas. Yevroittifoq mamlakatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning navbatdagi to‘plamini ma’qullashdi, unga ko‘ra rus nefti importining uchdan ikki qismiga embargo joriy etiladi. Rossiya uchun bu 22 mlrd dollar yo‘qotish degani, Yevropa uchun esa — energiya resurslari bilan muammolar kattalashishini bildiradi.
Rossiya neftiga embargo vaziyatni yanada chuqurlashtirmoqda. Foto: forpost-sz.ru
Sanksiyalarning oltinchi to‘plami olti oydan so‘ng chekli tarzda kuchga kirgach alyans davlatlariga neftning dengiz orqali yetkazib berilishiga taqiq joriy etiladi. Sakkiz oydan so‘ng neft mahsulotlari yetkazilishiga ham taqiq kuchga kiradi. Faqatgina «Drujba» neft quvuri orqali yetkazib berishga taqiq joriy etilmayapti.
Bundan tashqari, vaziyatni treyderlarning o‘z-o‘zini cheklashi ham qiyinlashtirmoqda. Ya’ni ular Rossiyadan neft xarid qilishga rasman taqiq olishmagan, lekin jamoatchilik bosimidan hayiqib, xarid hajmini qisqartirishmoqda.
Xalqaro energetika assotsiatsiyasi taxminiga ko‘ra, Rossiyadan neft yetkazib berish hajmi sutkasiga 9,6 mln barrelgacha qisqaradi. Bunday past hajm so‘nggi marta 2004 yilda kuzatilgan. Fotih Birol ham, Tim Styuart ham bu neft inqirozi so‘nggi 50 yil ichida eng yirigi bo‘lishini taxmin qilishmoqda va u 70-80-yillardagi inqirozdan uzoqroq davom etadi.
Hozirga kelib benzin va dizel yonilg‘isi haddan ziyod qimmat bo‘lib ketgan, boz ustiga ularning zaxiralari juda past darajada. Biroq hamma ekspertlar ham barcha energiya resurslarini qamrab olgan energetika inqirozi shu yozning o‘zida chuqurlashadi, degan fikrda emas. Ayrim tahlilchilarning fikricha, yonilg‘i taqchilligi kuzatilgan taqdirda ham u keng miqyosda bo‘lmaydi. Chinakam jiddiy inqiroz yarim yil o‘tgach, yil oxirlariga borib paydo bo‘ladi.
Energetika inqirozining boshqa sabablari
Inqirozning paydo bo‘lishiga mamlakatlarning qayta tiklanuvchi energetikaga o‘tishga bo‘lgan urinishlari ham turtki bo‘ldi. Ma’lumki, buning asosida shamol va quyosh kabi beqaror manbalar yotadi. Aniqlanishicha, dunyo hali an’anaviy energetika manbalaridan to‘liq xalos bo‘lishga tayyor emas ekan.
Bundan tashqari, iqlim bilan bog‘liq omillar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Masalan, Lotin Amerikasida energetika inqirozi GESlarning ishiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan qattiq qurg‘oqchilik sharoitida yuzaga kelgan.
Inqiroz sabablaridan biri qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishdir. Foto: kartinkin.net
Xitoyda ham murakkab vaziyat hukmron, suv toshqinlari natijasida bu yerda 60 dan ziyod ko‘mir shaxtalarini suv bosgan. Bundan tashqari, havoga chiqarilayotgan zararli gazlarga qarshi kurash va ekologiya talablari qat’iylashtirilishi ham ko‘plab ko‘mir qazib oluvchi kompaniyalar yopilishiga olib kelgan. Misr gaz yetishmovchiligiga boshqa sabab tufayli duchor bo‘lgan — jangovar harakatlar natijasida Suriyadan o‘tuvchi tranzit gaz quvurining uchastkalariga shikast yetgan.
Energetika inqirozini qanday bartaraf etish mumkin?
Inqirozdan qochish yoki kamida uning oqibatlarini kamaytirish bilan bog‘liq bir necha omil mavjud. Masalan, Eron yadroviy bitimini imzolab, binobarin, neft yetkazib berishni oshirish bilan energiya resurslari bozorida vaziyat o‘nglanishi mumkin. Xitoy o‘z iqtisodiyoti kuchsizlanishi natijasida xarid hajmini kamaytira boshlasa ham vaziyatga ijobiy ta’sir paydo bo‘ladi.
OPEC+ a’zosi bo‘lgan arab davlatlari agar qazib olishni ko‘paytirsa, neft va neft mahsulotlari yetishmovchiligini qisman kompensatsiya qilishi mumkin. Biroq bu omillarning barchasiga tayanish yaramaydi.
Arab amirliklari kabi davlatlar qazib olishni ko‘paytirib yetishmovchilikni yumshatishi mumkin. Foto: tass.ru
Jahon energetika inqirozi oqibatlari
Energiya resurslari narxi ortishi barcha davlatlarga ta’sir qiladi, ayniqsa zarur zaxiralarga ega bo‘lmagan davlatlarga. Birinchi navbatda elektr energiyasi va isitish narxi oshadi. Undan so‘ng barcha tovarlarning narxi osha boshlaydi. Ko‘plab davlatlarda bu jarayon allaqachon boshlangan.
Narxning keskin oshishi ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlari — go‘sht, g‘alla, meva va sabzavotlarga taalluqli bo‘ladi. Fermerlar hozirdanoq o‘g‘it narxi ko‘tarilganini qayd etishmoqda. Aytish joizki, dunyoda oziq-ovqat inqirozi energetika inqirozisiz ham bo‘y ko‘rsatib bo‘lgandi. Endi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Jahon ayni paytga kelib non yetishmovchiligi yoqasida turibdi.
Dunyo ocharchilik va ishsizlikdan qattiq jabr ko‘rishi mumkin. Foto: infosmi.net
Energetika inqirozidan metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish va mashinasozlik ham qattiq jabr ko‘radi. Shuningdek, u maishiy texnika, elektronika ishlab chiqarish, avtomobilsozlik kabi sohalarda ham aks etadi. Halokatli vaziyat odatiy tarzda avval eng qashshoq davlatlarda paydo bo‘ladi, ularda ocharchilik vujudga keladi. Boy davlatlarni ham ishsizlik, inflyatsiya va ayrim mahsulotlarning tanqisligi qiynaydi.
NZT Rusfond bosh direktori Igor Shimkoning aytishicha, energetika inqirozi albatta stagflyatsiyani vujudga keltiradi. Bu inflyatsiya va iqtisodiyotning depressiv holati natijasida vujudga kelgan vaziyatdir. Bu holatda iste’molchilar o‘z ehtiyojlari uchun kerakli darajada mahsulotlar va xizmatlarni xarid qila olishmaydi. Bunday vaziyat qanchagacha cho‘zilishi mumkin? Bu savolga hech kim aniq javob bera olmaydi, biroq ekspertlarning xulosalari xavotirli. Ularning fikricha, inqiroz juda uzoq davom etadi.
Rivojlangan davlatlar IES va pechka bilan isitishga qaytadimi?
Ko‘mir yordamida elektr energiyasini generatsiya qilishga qaytishni tobora ko‘p davlatlar tilga olmoqda. Birinchilar safida Buyuk Britaniya bor va ular IESlarni qayta ishga tushirishni jiddiy muhokama qilishmoqda. Hattoki Avstraliya ham ilgari yopib tashlangan ko‘mir bilan ishlovchi elektr stansiyalarini qayta ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat resurslar vaziri Madleyn King aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda yopib tashlangan ko‘mir elektr stansiyalari mamlakatda energetika inqirozi paydo bo‘lishiga bosh sabab bo‘lgan.
Vazirning aytishicha, Avstraliya yana 30 foiz energiya quvvatlariga ega bo‘lishi va qishdan eson-omon o‘tib olishi uchun operatorlar imkon qadar tezroq issiqlik elektr stansiyalarini qayta ishga tushirishlari kerak. Aftidan, ko‘plab davlatlar ham shunday yo‘l tutishadi. Bundan tashqari, o‘rmonga boy Yevropa davlatlari qishda pechkada isinishdan umid qilib turishibdi.
Masalan, Polsha hukumati uyni isitish uchun davlat o‘rmonlaridan qurigan shox-shabbalarini tekinga yig‘ishni fuqarolarga taklif qildi. Estoniyada ham shunday imkoniyat bor, faqat bu taklif pulli. Finlandiya va Shvetsiyada ham o‘tin yordamida isinish ommaviy bo‘lib ketishi kutilmoqda. Masalan, Finlandiyada deyarli har bir uyda kamin bor, ayrim odamlar sovuq kunlarda unda o‘tin yoqib turishgan.
Qishda o‘tin yordamida isinish — Yevropaning ayrim davlatlari uchun real istiqbol. Foto: swedensauna.ru
Biroq o‘tin yordamida isinishni Yevropaning barcha davlatlari ham o‘ziga ep ko‘ra olmaydi, chunki ularning hammasida ham o‘rmon yo‘q. Boz ustiga, so‘nggi yillarda o‘tinning narxi ham bir necha barobarga ko‘tarilib ketdi. Shu sababli, iqtisodiy imkoniyatlari pastroq yevropaliklar uchun qishga o‘tin jamg‘arish amalda bajarib bo‘lmas vazifaga aylanishi mumkin.
Nima bo‘lganda ham, global iqlim isishiga qarshi kurashish keyingi planga o‘tib qolganini ko‘rish mumkin. Energetika inqirozi ayni damda real va jiddiy xavf sifatida qabul qilinmoqda. Binobarin, sayyoramizda harorat oshishda davom etadi va bu ekologik, iqlimiy, iqtisodiy va oziq-ovqat bilan bog‘liq boshqa muammolarni keltirib chiqaraveradi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi