15:43 / 12.07.2022
1 481

Abening o‘ldirilishi: gumonlanuvchi nima deydi va cherkovning bunga qanday aloqasi bor?

Abening o‘ldirilishi: gumonlanuvchi nima deydi va cherkovning bunga qanday aloqasi bor?
Foto: EPA
Yaponiyada o‘tgan hafta o‘ldirilgan sobiq bosh vazir Sindzo Abe bilan vidolashuv marosimi o‘tkazilmoqda. Ayni paytda matbuotda suiqasd sabablari va unda gumon qilinayotgan shaxs haqida tobora ko‘p ma’lumotlar paydo bo‘lyapti. Abeni otgan 41 yoshli Tetsuya Yamagami bosh vazirni diniy sektani qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblagan. Uning onasi ushbu sektaga a’zo bo‘lgan va to‘plagan pullarini bergandi.

Qaysi diniy sekta haqida gap ketayotgani rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, Yamagamining onasi «Birlashtirish cherkovi» yoki Mun tariqatiga a’zo bo‘lgani ma’lum. Ushbu sektaga 1954 yilda ashaddiy antikommunist, o‘zini masih deb e’lon qilgan koreyalik Son Myon Mun tomonidan asos solingan.

Abe juma kuni ertalab Nara shahridagi temiryo‘l vokzalida nutq so‘zlayotganda otib o‘ldirildi. Gumonlanuvchi Tetsuya Yamagami unga qo‘lbola miltiqdan o‘q uzdi. Suiqasddan so‘ng u darhol ushlandi va politsiyaga qandaydir diniy sektadan noroziligi tufayli qotillikka qo‘l urganini aytdi.

Yamagami tergovchilarga dastlab diniy sekta rahbarini, undan keyin esa ushbu cherkovni Yaponiyada targ‘ib qilgan Abeni o‘ldirmoqchi bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi 20 yil oldin tashkilotga katta miqdordagi mablag‘ni xayriya qilgan, bu esa oilaning moliyaviy ahvoliga putur yetkazgan va uning bankrot bo‘lishiga olib kelgan.

Jahon tinchlik va birlashish uchun oila federatsiyasi («Birlashtirish cherkovi» yoki Mun tariqati) Yaponiya bo‘limi prezidenti Tomixiro Tanakaning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchining onasi diniy yig‘ilishlarda har oyda bir marta qatnashib kelgan. U birinchi marta cherkovga 1998 yilda qo‘shilgan. 2009 yildan 2017 yilgacha aloqani uzgan, ammo 2-3 yil oldin tariqatga qaytgan. So‘nggi yarim yilda esa cherkovga muntazam qatnagan.

Tanaka tergov jarayoni davom etayotganini ro‘kach qilib, Yamagamining onasi qandaydir ehson qilgani haqidagi xabarlarga izoh berishdan bosh tortdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, cherkov ayolning moliyaviy ahvoli og‘irligini qotillik sodir bo‘lganidan keyin bilgan. Bu qiyinchiliklarning sabablarini bilmasligini aytgan.

Birlashtirish cherkovi nima?
Birlashtirish cherkovi Janubiy Koreyada tashkil etilgan bo‘lib, ba’zi narsalar qatori, bir vaqtning o‘zida minglab juftliklarning nikoh marosimini o‘tkazishi bilan ommaga tanilgan.

Abeni otgan shaxsning qo‘lga olinishi. Foto: ASAHI SHIMBUN/REUTERS
Cherkov tanqidchilari uni sekta deb atashadi va tashkilot asoschilari muridlar hisobiga moliyaviy foyda ko‘rib kelayotganini ta’kidlashadi. Cherkov rahbariyati bu kabi ayblovlarni rad etadi va diniy harakatning qonuniy ekanini ta’kidlaydi.

Birlashtirish cherkovi: ba’zi faktlar
  • Son Myon Mun 1920 yilda hozirda KXDR hududida joylashgan Chonju shahrida tug‘ilgan. U 2012 yilda vafot etgan;
  • 1954 yilda Mun Birlashtirish cherkoviga asos solgan, «yerda Xudoning saltanatini barpo etish» haqida shaxsan Iso Masihdan topshiriq olganini ta’kidlagan;
  • Uning izdoshlari ko‘pincha «munchilar» deb ataladi, ammo ular bu atamani tan olmaydi. Cherkov asoschisi va uning rafiqasi muridlar tomonidan «chin ota-ona» deb nomlangan;
  • OAV va aholining e’tiboriga muntazam ravishda tushib kelayotgan ommaviy to‘ylar cherkov tomonidan 30 yildan beri o‘tkazilmoqda;
  • Birlashtiruv cherkovi bir qator nashrlar, fabrikalar, savdo kompaniyalari va xususiy ta’lim muassasalariga ega bo‘lib, tijorat faoliyati bilan shug‘ullanadi;
  • 1984 yilda Mun soliq to‘lamagani uchun AQSHda bir yarim yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq, tarafdorlarining ommaviy norozilik namoyishlari tufayli, 11 oy o‘tib ozod qilingan;
  • 2006 yilda u Janubiy Koreyaga qaytib, cherkov va biznesni o‘z farzandlariga topshirdi.

Sindzo Abe Birlashtirish cherkovi bilan bog‘langanmi?
Tomixiro Tanakaning so‘zlariga ko‘ra, Abe ham, uning qotilligi uchun hibsga olingan odam ham cherkov a’zosi bo‘lmagan. Ammo tashkilotning Yaponiya bo‘limi rahbari sobiq bosh vazir cherkov tadbirlariga tabrik so‘zlari yuborib turgani va cherkov tomonidan ilgari surilayotgan global tinchlik harakatini qo‘llab-quvvatlaganini tasdiqlaydi.

Sindzo Abe Yaponiya bosh vazirlari orasida eng ko‘p vaqt mobaynida hokimiyat tepasida qolgan shaxs. Foto: Getty Images
Misol uchun, cherkov veb-saytida ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilning sentabrida Abe Birlashtirish cherkoviga aloqador kompaniya tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etib, nutq so‘zlagan va Koreya yarimorolida tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni olqishlagan.

Cherkov asoschisi Son Myon Mun ko‘plab yapon siyosatchilari bilan tanish bo‘lgan va 1960-yillar oxirida «Xalqaro kommunizm ustidan g‘alaba federatsiyasi» taklifiga binoan Yaponiyada nutq so‘zlagan. O‘sha yig‘ilishda Sindzo Abening bobosi Nobusuke Kisi faxriy raislik qilgan (u 1957 yildan 1960 yilgacha Yaponiya bosh vaziri bo‘lgan).

Biroq, ekspertlarning fikricha, Abening Birlashtirish cherkovi bilan aloqalari ancha zaif edi. Ushbu tashkilotning taniqli tadqiqotchisi, Hokkaydo universiteti professori Yosihide Sakuray sobiq bosh vazirning nutqini «saylovda ovoz to‘plash uchun siyosatchi qiladigan oddiy ish» deb ta’riflaydi.

Yaponiya siyosati bo‘yicha yana bir ekspert, Shimoliy Karolina universitetidan Levi Makloklin so‘zlariga ko‘ra, Birlashtirish cherkovi Abening Liberal-demokratik partiyasi qo‘llab-quvvatlashini umid qilayotgan ko‘plab diniy tashkilotlardan biri xolos. «Bunda g‘ayrioddiy narsa yo‘q va bu cherkov yagona emas edi», deydi olim.

Gumonlanuvchining onasi haqida nima ma’lum
Tetsuya Yamagamining onasi Honsyu orolidagi Nara shahrida, o‘g‘li Abeni otgan joydan bir bekat uzoqlikda joylashgan uyda yashaydi. Hozir uning qayerda ekani noma’lum. Uyi oldida 2 nafar politsiyachi muntazam navbatchilik qilmoqda.

Suiqasddan bir necha daqiqa oldin. Qora sumka taqqan va kulrang futbolkadagi gumonlanuvchi Abening ortida joylashgan. Foto: Reuters
Nara politsiyasi xabariga ko‘ra, Birlashtirish cherkoviga tegishli mahalliy binodan o‘q izlari topilgan. Tetsuya Yamagami Abega suiqasddan bir kun oldin u yerda qurol otish bo‘yicha mashq qilganini aytgan.

Sindzo Abe bilan qanday xayrlashishmoqda?
Tokio markazidagi buddistlarning qadimiy ibodatxonasi Dzodzyodzida Abe uchun oilaviy ma’raka tadbiri o‘tkazilmoqda. Yaponiyaliklar kun bo‘yi ibodatxona oldiga borib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirishmoqda.

Yaponlar dafn marosimi o‘tkazilayotgan ibodatxonaga gullar ko‘tarib kelishmoqda. Foto: Reuters
Sobiq bosh vazir 12 iyul kuni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Yamaguchi prefekturasidagi Simonoseki shahrida dafn etiladi. Dafn marosimida faqat Abening yaqinlari ishtirok etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Abening o‘ldirilishi: gumonlanuvchi nima deydi va cherkovning bunga qanday aloqasi bor?