Foto: City of Uvalde Police Department / Reuters / Scanpix / LETA
May oyida Texasdagi maktabda katta sinf o‘quvchisi 20 dan ortiq odamni otib o‘ldirgandi. Ma’lum bo‘lishicha, 400 nafarga yaqin politsiyachi bir soat davomida u egallab olgan sinfga kirishga jur’at etmagan. Ularni hech kim boshqarmagan.
24 may kuni Amerikaning Yuvalde shahrida katta sinf o‘quvchisi tomonidan boshlang‘ich maktabga uyushtirilgan qurolli hujumda 19 bola va ikki nafar o‘qituvchi halok bo‘lgandi. Huquq-tartibot idoralarining o‘nlab xodimlarining sust va muvofiqlashtirilmagan harakatlari qutqaruv operatsiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga olib keldi. Texas Vakillar palatasining maxsus qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan 80 sahifalik hisobotda shular keltirilgan.
Voqealarni mustaqil tekshirish uchun tuzilgan qo‘mita a’zolari maktabdagi otishma guvohlari va maxsus operatsiya ishtirokchilari bilan 40 dan ortiq suhbat o‘tkazgan. Xulosada aytilishicha, maktabda otishma sodir bo‘lgan kuni turli kuchishlatar idoralarining 376 nafar a’zosi, jumladan Yuvalde politsiyasi, okrug sherifi, Texas jamoat xavfsizligi departamenti, AQSH chegara xizmati va Marshal xizmati yordamga kelgan.
Shu bilan birga, politsiya kamida 73 daqiqa davomida harakatlarni muvofiqlashtira olmagan va qurolli jinoyatchi kirib olgan sinfga hujum boshlamagan.
Keyinchalik politsiya tomonidan o‘ldirilgan va 18 yoshli Salvador Ramos ekani aniqlangan hujumchi taxminan 142 marta o‘q uzishga ulgurgan. U AR-15 rusumli miltiq bilan qurollangandi. Hisobotda ta’kidlanganidek, Ramos o‘qlarning 100 dan ortig‘ini huquq-tartibot idoralari vakillari maktab binosida paydo bo‘lishidan oldin uzgan.
Hujjatda keltirilishicha, o‘sha paytda maktabda bo‘lgan o‘nlab politsiyachilarning hech biri operatsiyani boshqarishni o‘z zimmasiga olmagan, «faol otishma» bilan bog‘liq vaziyatda kutilganidek harakat qilmagan va begunoh qurbonlarni qutqarishni o‘z xavfsizligidan ustun qo‘ymagan.
«Biz tizimdagi nuqsonlarni va ochiqdan ochiq noto‘g‘ri qarorlarni aniqladik», deb yozadi hisobot mualliflari. «Hodisa joyiga kelganlarning barchasi xaos yuz berganini aytdi», deydi qo‘mitaga rahbarlik qilgan Dastin Berrouz.
Operatsiya ishtirokchilarining ko‘rsatmalariga ko‘ra, ulardan ba’zilari operatsiyani Yuvalde okrugi politsiyasi boshlig‘i Pit Arredondo boshqaryapti deb o‘ylashgan. Uning o‘zi esa qo‘mitaga «barrikada qurib olgan gumondor» ssenariysi bo‘yicha harakat qilgani, holatga «faol otishma» bilan bog‘liq vaziyat deb qaramaganini aytgan.
Masalan, Arredondo jinoyatchi bilan jabrlanganlar birga bo‘lgan sinf xonasining zaxira kalitini izlab «qimmatbaho vaqtni behuda sarflagan». Vaholanki, politsiyachilarning hech biri eshik haqiqatan ham qulflangan yoki yo‘qligini tekshirib ko‘rmagan.
Xuddi shu tarzda AQSH chegara xizmati maxsus kuchlari ham shoshilmagan. Ular kalit topilgunga va o‘qo‘tmas qalqonlar olib kelingunga qadar kamida 50 daqiqa kutishgan.
Shu bilan birga, voqea joyidagi ba’zi politsiyachilar sinfdan 911 qisqa raqamiga yordam so‘rab qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganini, qurbonlar borligini bilgan, ammo hech kim hujumni tezlashtirishga harakat qilmagan.
«Hujum paytida yaralangan va shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etganlar haqidagi ma’lumotlarga asoslanib, qurbonlarning ba’zilari yordamni 73 daqiqa kutmaganida, tirik qolishi mumkin edi», deyiladi qo‘mita hisobotida.
Huquq-tartibot idoralarining xatti-harakatlari kuzatuv kameralaridan olingan videoda qayd etilgan bo‘lib, hisobotdan biroz oldin Texasning Austin American-Statesman nashri tomonidan e’lon qilingan.
Texas shtati Vakillar palatasi qo‘mitasi a’zolari o‘z faoliyatidan asosiy maqsad jamoatchilikka, halok bo‘lganlar va jarohat olganlarning yaqinlariga voqea haqida batafsil ma’lumot berish ekani, ayrim politsiyachilarni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror esa boshqa mansabdorlar tomonidan qabul qilinishini ta’kidladi.
Hozircha Pit Arredondo, shuningdek, otishma kuni Yuvalde politsiya boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajargan leytenant Mariano Pargas ma’muriy ta’tilga chiqarilgani ma’lum. Shahar meri Don Maklaflinning xabariga ko‘ra, maktabdagi fojia ortidan kamida uch politsiyachi iste’foga chiqqan.
Shaharning ko‘plab aholisi, hisobot e’lon qilinishidan oldin ham politsiyaning «qo‘llari qon» ekanini aytib, «qo‘rqoqlar» javobgarlikka tortilishini talab qilishgan edi, deb yozadi AP. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...