23:06 / 26.08.2022
1 203

Qozog‘iston jahon dinlari yetakchilarining mashvaratiga mezbonlik qiladi

Qozog‘iston jahon dinlari yetakchilarining mashvaratiga mezbonlik qiladi
Joriy yil 14-15 sentabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Nursulton shahrida jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining VII qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qurultoyda islom, nasroniylik, yahudiylik, sintoizm, buddaviylik, zardushtiylik, hinduizm vakillari ishtirok etadi. «Postpandemiya davrida jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining insoniyat ruhiy va ijtimoiy taraqqiyotidagi o‘rni» deb nomlangan mashvaratda, shuningdek, yetakchi diniy tashkilotlar va davlatlar vakillaridan iborat delegatsiyalar qatnashadi. Rim papasi Fransisk bevosita qatnashishi, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa ishtirokchilarga videomurojaat yo‘llashi kutilmoqda.

Tadbir davomida dinlarning zamonaviy dunyoda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashdagi o‘rni, o‘zaro hurmat asosida yashash, adolat va tinchlikni ta’minlashda ta’lim va diniy ma’rifatning roli, diniy ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashda diniy yetakchilar va siyosatchilarning hissasi, xotin-qizlarning ijtimoiy maqomini qo‘llab-quvvatlashda diniy hamjamiyatning roli kabi mavzularda muhokamalar o‘tadi.

Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi ilk bor 2003 yilda o‘tkazilgan. O‘shanda buyon qurultoy Qozog‘iston rahbariyati tashabbusi bilan dinlararo va konfessiyalararo muloqot an’analarini mustahkamlash, diniy jamoalar o‘rtasida o‘zaro tushunish va hurmatni chuqurlashtirish va mustahkamlash maqsadida o‘tkazilib keladi. Bunga qadar Qozog‘iston 2006, 2009, 2012, 2015, 2018 yillarda qurultoyga mezbonlik qilgan.

Tadbirga BMT, BMT sivilizatsiyalar alyansi, YUNЕSKO, Jahon islom ligasi, Muqaddas Ejidio jamoasi, MDHning Dinlararo kengashi, «Tinchlik uchun dunyo» konferensiyasi, Cherkovlarning butunjahon kengashi, Dinlararo muloqot bo‘yicha Doha xalqaro markazi va boshqa tuzilmalar katta qiziqish bildirgan.

BMT rahbariyati ham jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining VII qurultoyi sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini e’tirof etgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, qurultoy nafaqat turli diniy qarashlar va madaniy jihatlarni baham ko‘radigan odamlar, balki yillar davomida bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan davlatlarning fuqarolari uchrashadigan noyob muloqot maydoniga aylanmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston jahon dinlari yetakchilarining mashvaratiga mezbonlik qiladi