Foto: Getty Images
Moskvada «Lukoyl» neft kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Ravil Maganov jonsiz holda topildi. U markaziy klinik shifoxona derazasidan yiqilib tushgan. Payshanba kuni Rossiya nashrlari o‘z manbalariga tayanib Maganovning o‘limi haqida xabar berdi.
«Bugun ertalab Maganov markaziy klinik shifoxona derazasidan qulab tushdi. U olgan jarohatlari natijasida vafot etdi», - deb xabar berdi «Interfaks» manbasi. «Kommersant»ning qayd etishicha, Maganov binoning oltinchi qavatidagi derazadan qulagan. Gazetaning ma’lumot berishicha, u og‘ir yurak-qon tomir kasalligi tufayli shifoxonada davolanayotgan bo‘lgan.
Tez orada markaziy klinik shifoxona va tergov qo‘mitasi Maganovning o‘limini tasdiqladi. Tergov qo‘mitasi gap o‘z joniga suiqasd to‘g‘risida borishi mumkinligini bildirgan. Hozircha tergovga qadar surishtiruv olib borilmoqda, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar qilinmagan.
«Lukoyl» esa Ravil Maganov «og‘ir kasallikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumgani» haqida xabar berdi.
67 yoshli Maganov 1993 yildan buyon «Lukoyl»da ishlab kelayotgandi. U 1994 yildan kompaniya vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritgan. Maganov 2020 yilda kompaniya direktorlar kengashi raisiga aylangan. Uning ukasi Nail Maganov - «Tatneft» bosh direktori.
Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng «Lukoyl» Buyuk Britaniya sanksiyalariga tushgan. Sanksiyalar ro‘yxatiga xususan, kompaniya prezidenti Vagit Alekperov kiritilgan, keyinroq u «Lukoyl»dagi barcha lavozimlarini tark etgandi. Asosiy shaxslardan biri bo‘lmish vitse-prezident Leonid Fedun ham kompaniyadan ketgan.
Mart oyi boshlarida «Lukoyl» direktorlar kengashi urushga qarshi chiqqandi. Kompaniya saytida Ukrainadagi qurolli mojaroni to‘xtatishga chaqirilgan bayonot e’lon qilingandi.
Top-menejerlar o‘limi
Reuters agentligining Maganov bilan yaxshi tanish bo‘lgan ikki manbasi u o‘z joniga qasd qilganiga ishonish qiyinligini aytdi.
«Lukoyl»ga yaqin yana bir manba esa kompaniya rahbariyati o‘z joniga suiqasd deb hisoblayotganini, ammo buni tasdiqlaydigan dalil yoki hujjatlarni ko‘rmaganini aytdi.
Agentlik oxirgi bir necha oy ichida Rossiya energetika sohasiga aloqador bir necha mansabdor noaniq sabablar bilan vafot etganiga e’tibor qaratgan.
30 yanvarda «Gazprom Invest» kompaniyasi transport xizmati rahbari Leonid Shulman vafot etdi. Uning jasadi yonidan o‘limi oldidan yozilgan maktub topilgan.
25 fevral kuni, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganining ertasiga «Gazprom» yagona hisob-kitob markazi bosh direktori o‘rinbosari Aleksandr Tyulyakov jonsiz holda topildi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, uning yonidan ham o‘limoldi maktubi topilgan.
18 aprelda «Gazprombank» sobiq vitse-prezidenti Vladislav Avayev va uning ikki nafar oila a’zosi o‘lik holda topilgani xabar qilindi. Dastlabki taxminga ko‘ra, xotini va qizini Avayevning o‘zi o‘ldirgan, keyin esa o‘z joniga qasd qilgan, deb yozdi «Kommersant».
21 aprelda Ispaniyadagi qasrda «Novatek» bosh hisobchisi Sergey Protosenya, uning xotini va qizining jasadlari topildi. Mahalliy politsiya 55 yoshli Protosenya oila a’zolarini bolta bilan o‘ldirgani, so‘ngra o‘z joniga qasd qilganini taxmin qilgan.
8 may kuni esa Mitishchidagi hovlida «Lukoyl» sobiq top-menejeri Aleksandr Subbotin jonsiz holda topiladi. U go‘yoki shaman tomonidan o‘tkazilgan marosim chog‘ida yurak yetishmovchiligidan vafot etgani xabar qilindi.
5 iyulda Peterburg yaqinidagi kottej posyolkasidagi basseynda «Gazprom» kompaniyasi pudratchisi Yuriy Voronovning jasadi topildi. Dastlabki taxminga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?