16:12 / 08.09.2022
4 705

Yaponiyada Olimpiada amaldorlari korrupsiyada ayblanib, hibsga olinmoqda

Yaponiyada Olimpiada amaldorlari korrupsiyada ayblanib, hibsga olinmoqda
Foto: Getty Images
Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik jarayonini olib borgan bir necha amaldorlar poraxo‘rlikda gumon qilinmoqda. Olimpiada dastlab 2020 yilning yozida bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli bir yilga qoldirildi. Natijada, o‘yinlar 2021 yilning 23 iyulidan 8 avgustiga qadar o‘tkazildi.

Tashkiliy qo‘mita sobiq rahbari Xaruyuki Takaxashi shu yilning avgust oyida hibsga olindi. Iyul oyi oxirida prokurorlar 78 yoshli Takaxashining uyida tintuv o‘tkazishdi. Shuningdek, Dentsu kompaniyasi ofisi ham ko‘zdan kechirildi. Takaxashi ushbu kompaniya rahbariyati a’zosi edi.

Dentsu kompaniyasi Tokio o‘yinlari uchun homiylarni tanlab olish bilan shug‘ullangan. Hozirda uning bir necha xodimlari hibsga olingan.

Xaruyuki Takaxashi. Foto Global Look Press
Yaponiya poytaxtida nimalar bo‘lyapti?

Rahbarning hibsga olinishi
Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi sobiq rahbari 45 million iyena (taxminan 400 ming dollar) pora olganlikda gumon qilinmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, amaldor rahbarlik qilgan kompaniya bu pullarni AOKI kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi kompaniyasidan konsalting shartnomasi asosida olgan. Shu bilan birga, AOKI qo‘mita uchun rasmiy liboslar tikish va Olimpiya ramzlaridan foydalanish bo‘yicha buyurtmani qo‘lga kiritgan.

Takaxashi ayblovlarni inkor etmoqda va konsalting xizmatlari Olimpiada uchun emas, balki umuman sport bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqda. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) qoidalariga ko‘ra, tashkiliy qo‘mita rahbari davlat xizmatchisi sifatida o‘z faoliyati uchun haq olish huquqiga ega emas.

NHK telekanali xabariga ko‘ra, Kadokawa kompaniyasi o‘yinlarga homiylik huquqini olish uchun Takaxashiga 69 million iyena (490 ming dollar) to‘lagan. Ushbu maqomni olgandan so‘ng, ular konsalting firmasi hisobiga umumiy hisobda 540 ming dollar o‘tkazib berishgan. Kadokawa o‘yinlar uchun bosma materiallar va qo‘llanmalarni ishlab chiqargan. Biroq, kompaniya rahbari ushbu to‘lovlarni pora deb hisoblamayapti, chunki pullar shaxsan Takaxashiga berilmagan.

Kyodo agentligi xabariga ko‘ra, Takaxashi yana 26 million iyena (185 ming dollar) miqdorida pora olganlikda gumon qilinmoqda. Reklama bilan shug‘ullanuvchi Daiko Advertising kompaniyasi Takaxashiga yaqin bo‘lgan biznesmen boshqaradigan konsalting firmasiga uch marta pul o‘tkazgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yaponiyalik amaldor o‘tkazilgan mablag‘larning bir qismini olgan. Bu Takaxashining ehtimoliy poraxo‘rligi bilan bog‘liq uchinchi holat. Daiko Advertising kompaniyasi tergov bilan hamkorlik qilishini ma’lum etdi.

Sheriklarning hibsga olinishi
AOKI kompaniyasi bilan bog‘liq mojaroda sobiq bosh vazir Yosiro Mori ham shubha ostiga olingan. Yaponiya prokuraturasi uni kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi kompaniyadan pora olgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Kyodo agentligi xabariga ko‘ra, gap 2 million iyena (taxminan 15 ming dollar) miqdoridagi pul haqida ketmoqda. Moriga qarshi tergov harakatlari davom etmoqda. Sobiq bosh vazir hozircha bu ayblovlarga izoh bermadi.

Xironori Aoki. Foto Global Look Press
AOKI vakillari, jumladan kompaniyaning sobiq rahbari Xironori Aoki, shuningdek, sobiq vitse-prezident Xakaxisa Aoki va filiallardan birining sobiq rahbari Yuxisa Ueda hibsga olingan.

Shuningdek, poytaxt prokuraturasi orderiga binoan, konsalting firmasi rahbari Kazumasa Fukami Takaxashining jinoiy sherigi sifatida hibsda saqlanmoqda. Kadokawa nashriyotining sobiq ijrochi direktori Toshiyuki Yoshixara va menejeri Keji Maniva ham hibsga olingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular 2019 yildan 2021 yilgacha Takaxashiga pora berganlikda gumonlanmoqda. Nashriyotning bosh ofisi va uning raisi Suguxiko Kadokava uyi allaqachon tintuv qilingan.

Takaxashining o‘zini hisobga olmaganda, hibsga olinganlar soni besh nafarga yetdi va bu faqat boshlanishiga o‘xshaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo