18:18 / 11.09.2022
1 852

Kaliningradlik dengiz piyodalari Balakliyada asir tushishdi

Kaliningradlik dengiz piyodalari Balakliyada asir tushishdi
Foto: Getty Images
Ukrainaning qarshi hujumi davomida Xarkiv yo‘nalishida chekinayotgan Rossiya armiyasi askarlari asir tushmoqda. Asirlarning bir qismi - yaqinda muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar. BBC ulardan birining qarindoshlari bilan bog‘landi.

«Siz qaysi mamlakat fuqarolarisiz? Rossiyaliklarmi? Ota-onangiz bormi? Yoshingiz nechada? Urushga ketayotganingizni bilganmidingiz?» - deya savol beradi ukrainalik harbiy xizmatchi asir tushgan rossiyalik yosh askarlarga.

Ular Kaliningrad oblastidan kelishgani, barchasining yoshi yigirma atrofidaligi, uyda ularni ota-onalari kutayotgani, urushga ketayotganidan esa bexabar bo‘lishganini aytishadi.

«Sizga bu urush kerakmi? 10-15 yil oldin Rossiyada ko‘plab do‘stlarim bor edi. Sizni almashtirishadi va siz mamlakatingizdagilarga bizga bu urush kerak emas deb aytasiz. Biz bu yerda do‘stlarimiz, yaqinlarimizni yo‘qotyapmiz. Urush tufayli bir oy oldin otam vafot etdi. Men tinch hayotda yashashni istayman. Maktabda ishlashda davom etishni, bolalarni tarbiyalashni xohlayman. Men xotinim bilan yashashni istayman. [Nega] bu yerga keldingiz? Biz tinch yashayotgandik, bu yerda barcha hayotdan xursand edi. Bu yerda sizning nima keragingiz bor? Ularni to‘plang. Siz Severodonetskni bilasizmi? Biz o‘sha yerdanmiz. Nega siz u yerni vayron qildingiz?» - deya monolog o‘qigan Ukraina qurolli kuchlari jangchilaridan biri asirlar oldida.

7 sentabr kuni ukrainalik harbiylar rossiyalik harbiy asirlarni so‘roq qilish jarayoni aks etgan videoyozuv Xarkiv oblastidagi Balakliya shahridagi vaziyatni yoritayotgan telegram-kanallarda tarqaldi. Unda «DXR» yoki «LXR»da safarbar qilingan aholi vakillari yoki Rosgvardiya jangchilari emas (rossiyaparast manbalar Xarkiv oblastidagi front chizig‘ida shunday bo‘linmalar mudofaalanayotgani haqida aytgandi), balki kaliningradlik motoo‘qchilar aks etgan.

Rossiya armiyasi frontning turli uchastkalarida qanday qismlar jang qilayotgani haqida ma’lumotlarni ochiqlamaydi, ammo frontda bu kabi keskin o‘zgarishlar ro‘y bergan mahalda ochiq manbalar asosida ayrim tafsilotlarni olish mumkin.

Ukrain kanallari yangi asirlar haqidagi xabarlarida, hazil o‘laroq Rossiya tomoni frontga «10 B sinf o‘quvchilari»ni yuborganini yozadi, chunki ko‘plab harbiylar juda yosh: 2000-2002 yillarda tug‘ilgan. Ayrimlari bir necha oylik muddatli harbiy xizmatdan keyin yaqinda shartnoma imzolagan. Bu Rossiyaning Xarkiv yo‘nalishidagi resurslari tugayozganidan darak berishi mumkin, avvalroq Ukraina qurolli kuchlari janubda manyovrlar amalga oshirib, Rossiya armiyasini Xerson mudofaasi uchun yo‘naltirgandi.

Ukraina armiyasining Xarkiv yo‘nalishidagi hujumi muvaffaqiyat bilan rivojlanmoqda. Ukraina armiyasi tezlik bilan harakatlanishi va Rossiya mudofaasini osonlik bilan yorib o‘tishi Rossiya tomonini dovdiratib qo‘ydi. Rossiya armiyasi allaqachon qator strategik muhim aholi punktlarini boy berdi, jumladan ukrainlar yetti oy ichida ilk yirik shaharni qaytarib olishdi - bu Xarkivdan 70 km masofadagi Balakliya shahri bo‘lib, 8 sentabr kuni shahar Ukraina qurolli kuchlari nazoratiga o‘tdi.

Payshanba kuni Xarkiv frontidagi vaziyat Rossiya qo‘shinlari uchun yomonlashishi davom etdi. Ukraina qurolli kuchlarining mobil shturmchi bo‘linmalari rossiyaliklarning tayanch punktlarini chetlab o‘tgan holda tezkorlik bilan Kupyansk yo‘nalishida ilgarilashdi. Kupyansk - Oskol daryosi bo‘yida joylashgan yirik temiryo‘l tuguni bo‘lib, Rossiya armiyasining Izyumdagi yirik guruhi ta’minotida muhim ahamiyatga ega, uning boy berilishi Izyumdagi guruh shimoldan bloklanib qolishini anglatardi. 10 sentabr kuni Ukraina harbiylari shaharga kirishdi, rossiyaliklar Oskol daryosining ikkinchi sohiliga chekingan.

Kiyev yana o‘nlab aholi punktlarini qaytarib oldi, ulardan biri muhim tayanch punkt hisoblangan Voloxiv Yar posyolkasidir. Ukrain harbiylari so‘nggi kunlarda Shevchenkovo posyolkasiga ham mamlakat bayrog‘ini ilishdi, shuningdek Izyum o‘rab olingach, rossiyalik harbiylar u yerdan ham chekinishdi.

Rossiyalik harbiy muxbirlar dastlabki kunlarda Ukrainaning Xarkiv oblastida muvaffaqiyatga erishayotganini bu hududda front liniyasida asosan «DXR» va «LXR»dan safarbar qilinganlar turgani bilan izohlagan, Balakliyada esa Boshqirdiston va Samara Rosgvardiyasi jangchilari operativ qurshovga tushgani haqida aytilgandi.

Ammo ukrain qo‘shinlari oldinga siljib borar ekan, ular Rossiya armiyasi askarlari pozitsiyalariga ham hujum qilayotgani ayon bo‘ldi. Rossiyaliklar tomonidan tashlab ketilgan pozitsiyalardan birida podpolkovnik Dmitriy Bararning hujjatlari topildi. 2020 yilda u mayor ekanida ussuriyalik desantchilarga g‘alaba paradi vaqtida rahbarlik qilgan. 2021 yilda esa RЕN-TV telekanaliga bergan intervyusida rossiyalik harbiylar suriyalik hamkasblari uchun uyushtirgan mashg‘ulotlarni sharhlagan, titrlarda u RF qurolli kuchlarining Suriyadagi vakili sifatida ko‘rsatilgandi.

Asirlikka tushgan Kaliningrad oblastidan bo‘lgan harbiy xizmatchilar xizmatni Gusev shahrida o‘tagan. Bu Rossiya harbiy-dengiz floti sohil qo‘shinlari taktik tuzilmasi bo‘lgan 18-gvardiya motoo‘qchilar diviziyasidir.

21 yoshli Danil Kazevichusning onasi va akasi BBC bilan suhbatda ukrain harbiylari asirlar bilan gaplashayotgani aks etgan videoyozuvda aynan u aks etganini tasdiqlashadi. «Hozircha men bilan hech kim bog‘lanmadi, nima qilish kerak, qayerga qo‘ng‘iroq qilish kerak? Yordam bering, iltimos, o‘g‘limni qaytarishsin», deydi asir tushgan harbiyning onasi Yekaterina.

Uning akasi Pavelning aytishicha, Danil yarim yil muddatli xizmatni o‘taganidan keyin shartnoma tuzgan. 26 fevral kuni uni xizmatdoshlari bilan birga Belgorod oblastiga yuborishgan, ular bu yerda bir necha oy bo‘lib, keyin Ukraina hududiga kirishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Danil so‘nggi bor uyga asir tushishidan uch kun oldin qo‘ng‘iroq qilgan, ammo o‘zining joylashuvi haqida hech narsa demagan va yaqinlari ham «unga muammo tug‘dirmaslik uchun» bu haqda so‘rashmagan.

Danil asirda ekani ayon bo‘lgan videorolik e’lon qilingach, uning yaqinlari harbiy qism qo‘mondonligiga murojaat qilishgan, u yerdagilar esa FXXning oblast boshqarmasiga yo‘naltirishgan, ayni vaqtda ma’lumotni tekshirishmoqda: Kazevichyus chindan ham asirlikdami va u yerga qanday borib qolganini.

BBC hozircha kalingradlik dengiz piyodalari Balakliya atrofidagi aynan qaysi aholi punktida asirga tushishganini aniqlay olmagan. Ukraina qurolli kuchlari harbiy harakatlar maydonidagi vaziyat haqida batafsil ma’lumot berishga shoshilmayapti, ammo ijtimoiy tarmoqlarda oblast hududidagi o‘nlab shahar va qishloqlarda Ukraina bayrog‘i hilpiray boshlagani aks etgan foto va videolar tarqalmoqda.

Balakliya meri Ivan Stolbovoyni aprel oyida ukrain hukumati xiyonat va kollaboratsionizmda ayblagandi, keyin u oilasi bilan Rossiya hududiga o‘tib ketgandi. Iyun oyida Rossiya fuqarosi Yuriy Shevchenko «shahar fuqarolik-harbiy ma’muriyati rahbari» etib tayinlandi. BBC u bilan bog‘lanib, ayni vaqtda qayerdaligiga aniqlik kiritishga uringan, Shevchenko esa shunday javob bergan: «Men Xarkivdaman, bu yerda hammayoqda ruslar, Ukraina qurolli kuchlari esa qochib bormoqda». Ammo uning bu so‘zlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo