
AQSH Senatining tashqi ishlar qo‘mitasi Tayvanga 4,5 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda ushbu qo‘mita raisi Jim Rish ma’lum qildi.
Taypey bu mablag‘ni to‘rt yil ichida olishi aytilmoqda. Gap, shuningdek, ikki milliard dollargacha bo‘lgan harbiy xaridlar uchun kredit kafolatlari haqida bormoqda. Bundan tashqari, ular Tayvanga «AQSHning NATOdan tashqaridagi asosiy ittifoqchisi» maqomini berishni rejalashtirmoqda.
«Tayvan siyosati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi tegishli qo‘mita tomonidan ma’qullangandan so‘ng, Kongress yuqori palatasiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Tayvan atrofidagi vaziyat AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining tashrifidan keyin keskinlashdi.
Safarga javoban Pekin orol qirg‘oqlarida yirik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi, Tayvanning ikkita jamg‘armasiga, Pelosining o‘zi va uning oilasiga qarshi sanksiyalar va boshqa choralar ko‘rdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi barcha salbiy oqibatlar uchun javobgarlikni Vashington va Taypeyga yukladi.
Xitoy Xalq Respublikasi Tayvan suverenitetini tan olmaydi. Uni o‘z muzofoti deb hisoblaydi hamda uning boshqa davlatlar rasmiylari va harbiylari bilan aloqalariga keskin qarshi chiqadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar