2 312
Moskvadagi migratsiya markazida xorij fuqarolarini harbiy xizmatga olish yo‘lga qo‘yiladi

Foto: zanevkaorg.ru
Moskvadagi «Saxarova» migratsiya bandlik markazida Rossiya Mudofaa vazirligiga xorijliklarning harbiy xizmatga kirishini tashkil etishda yordam berish uchun infratuzilma yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda poytaxt meri Sergey Sobyanin ma’lum qildi.
«Yaqin kelajakda Moskva hukumati Rossiya Mudofaa vazirligiga xorijiy fuqarolarning harbiy xizmatga kirishini tashkil qilishda yordam berish uchun Saxarovada to‘liq infratuzilma yaratadi», — deydi u. Sobyaninning qo‘shimcha qilishicha, shartnomalarni tuzish jarayoni xorijliklar uchun imkon qadar qulay tarzda amalga oshiriladi.
Sobyanin, shuningdek, Davlat dumasi qonun qabul qilganini qo‘shimcha qildi, unga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilish uchun yillik shartnoma tuzgan xorijliklar soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olishlari mumkin.
Ushbu o‘zgarish xorijiy harbiy xizmatchilarga yashash ruxsatnomasi olmasdan, shuningdek, yashash uchun ruxsatnoma olgan kundan boshlab besh yil davomida Rossiyada doimiy yashash shartisiz mamlakat fuqaroligini olish uchun ariza topshirish imkonini beradi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, harbiy shartnoma bo‘yicha kamida uch yil xizmat qilish kerak edi. Shuningdek, harbiy xizmatga askar, dengizchi hamda serjant sifatida kirayotgan xorijlik tomonidan Mudofaa vazirligi bilan tuzilishi mumkin bo‘lgan birinchi shartnoma muddati ham bir yilga qisqartiriladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar